Haydar Xorazmiy (14-asrning oxiri – Xorazm – 15-asrning 1-yarmi) – shoir. Oʻzbek mumtoz adabiyoti namoyandalaridan biri. Hayoti va ijodi haqida maʼlumot Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarlari hamda oʻzining “Mahzan ul-asror” dostonida berilgan.
Haydar Xorazmiy asosan Xorazmda yashagan va ogʻir hayot kechirgan. Birmuncha vaqt Hirotda temuriylardan Umar-shayxning oʻgʻli Sulton Iskandar (15-asr) saroyida yashagan. Turkiy va forsiyda sheʼrlar yozgan, devon tuzgan. Nizomiy Ganjaviyning “Mahzan ul-asror” asariga “Gulshan ul-asror” nomi bilan turkiy tilda javob yozib (1409–14), Sulton Iskandarga bagʻishlagan. Asar syujeti va gʻoyaviy yoʻnalishi jihatidan ham Nizomiy dostoniga yaqin, vazni ham bir xil – aruzning sareʼ bahrida yozilgan. Hajmi 639 bayt. Asar Nizomiynikidan farq qilib, avval hikoya, soʻng shu hikoyadan kelib chiqadigan xulosa va fikrlarni umumlashtiruvchi bob bilan taʼminlangan. Haydar Xorazmiy bu asari bilan oʻzbek adabiyotida sheʼriy hikoyani rivojlantirgan. Koʻpchilik hikoyalarida olijanob insoniy fazilatlar targʻib qilingan, mehnat va mehnat ahli ulugʻlangan. Dostonda markazlashgan davlat va odil hukmdor gʻoyasi ilgari surilgan; axloq-odob, mehnatsevarlik, saxiylik, rostgoʻylik targʻib etilgan.
“Gulshan ul-asror” oʻzbek epik sheʼriyati tarixida muhim hodisa va turkiy tildagi axloqiy-falsafiy dostonchilikning yirik namunasi boʻlib, turkiy tilning boyligi, qudrati va koʻrkini namoyish qildi hamda oʻzbek-ozarbayjon adabiy aloqalari rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi. Asarning qoʻlyozma nusxalari London, Parij, Vena, Qozon kutubxonalarida, fotonusxalari Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.