Ahmad Donish yoki Ahmad Kalla deb nom qozongan Ahmad ibn Mir Nosir ibn Yusuf al-Xanafi as-Siddiqiy al-Buxoriy Buxoro amirligida XIX asrning oʻrtalarida yashab ijod etgan, ilgʻor fikrlari bilan nom qozongan shoir, mutafaxkir, maʼrifatparvardir. U 1827 yilda Buxoro shahrida tugʻilgan. Shu yerdagi maktab va madrasalarda bilim olib, oʻz davrining ilgʻor olimi va mutafakkiri darajasiga koʻtarildi.
Ahmad Donish madrasada olgan bilimlar bilan kifoyalanmay, riyoziyot, falakiyot, adabiyot, musiqa, meʼmorchilik, tarix va falsafa bilan shugʻullandi, ayniqsa, sharq shoirlari va mutafakkirlarining asarlarini koʻp oʻqidi va oʻrgandi. Ibn Sino, Umar Hayyom, Navoiy, Fuzuliy, Bedil asarlari bilan yaqindan tanishib, ularning fikrlaridan oʻz risolalarida keng foydalanishga intildi. Falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, badiiy masalalar bilan birga tabiiy fanlarni, ayniqsa, astronomiya ilmini oʻrganishga katta eʼtibor berdi. Oʻzining taʼkidlashicha, astronomiya ilmini Mirzo Abdulfattohxon munajjimdan oʻrganadi. Donish yuqori malakali xattot, meʼmor ham edi. Shuning uchun XIX asrning 50-yillarida Buxoro amiri Amir Nasrulloh (1827–1860) saroyida xizmat qildi. 1870 yili saroy xizmatidan ketdi.
Ahmad Donish 1857, 1869 va 1874 yillarda uch marta Buxoro elchilari tarkibida Peterburgda boʻlib, Ovroʻpo madaniyati, ilm-fan sohasidagi yutuqlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishi, mutafakkir dunyoqarashida katta burilish yasadi va oʻz taassurotlari taʼsirida Buxoroda mavjud tartiblarni isloh qilish loyihasini olgʻa surdi. Bu esa Amir Muzaffariddin (1860–1885) noroziligiga sababchi boʻladi va amir Ahmad Donishni Huzarga qozi etib joʻnatadi. Donish amir oʻlimidan soʻng Buxoroga qaytadi va 1897 yili vafot etadi.
Ahmad Donish falsafa, tarix, falakiyot, riyoziyot, adabiyot, xattotlik masalalariga bagʻishlangan asarlar yozgan.
Oʻzbekiston Resiublikasi FA Beruniy nomli Sharqshunoslik institutining qoʻlyozma fondida Ahmad Donishning 16 ta risolasi va yana bir qancha sheʼrlari kiritilgan tazkiralar, Gʻazzoliy, Jomiy asarlaridan koʻchirgan qoʻlyozma nusxalari saqlanadi, ularning koʻpchiligi asl nusxa boʻlib, muallifning oʻzi tomonidan bitilgandir. Masalan: 1877 yilda yozilgan “Majmuai hikoyati Axmadi Kalla” deb nomlanuvchi qoʻlyozmada muallif turli tarixiy, adabiy, falsafiy masalalar haqida fikr yuritadi. U Ulugʻbek davri, Abdurahmon Jomiy taʼlimoti, shialar va sunnalarni murosaga kelishtirish masalalariga bagʻishlangan risola ham yozgan. Risolada islom tarixi, undagi turli yoʻnalishlarning kelib chiqish sabablari, Rumiy, Gʻazzoliy, Jomiy, Bedil kabi donishmandlarning bu masalalarga munosabatlari xususida bahs yuritilgan. Ahmad Donish ijtimoiy ilmlar sohasida Markaziy Osiyoning oʻtmish tarixi, fani, adabiyoti, davlatchiligi, dini kabi masalalariga oid hamda oʻziga xos mazmunga ega boʻlgan sheʼriy asarlar yaratish bilan birga tabiiy ilmlar, xususan astronomiya, kosmologiya muammolari ustida ham mutgasil tadqiqotlar olib borgan va bu sohada qator asarlar yozib qoldirgan. Ahmad Donish oʻzining “Munozir al-Kavokib” (“Yulduzlarni kuzatish”) degan asarida falakiyot ilmiga oid muhim masalani hal qilgan.
Donish “Risolat dar ilmi kurra” (“Globus haqida risola”) ham yozgan boʻlib, unda globusning vazifasi va uning ilm uchun ahamiyati, undan amaliy foydalanish haqida gap boradi. 12 bobdan iborat boʻlgan “Iztigʻroji bul va arzi balat” (“Joylarning uzunligi va enini oʻlchash”) asarida Ahmad Donish joylarning oʻrnini oʻlchab chiqarish osmon meridianini soatlarda belgilash masalalari haqida mulohaza yuritadi.
Uning ijtimoiy-siyosiy qarashlari “Navodir ul-vaqoye”, “Risolai muxtasare az tarixi saltanati xonadoni mangʻitiya” kabi asarlarida oʻz aksini topgandir. Soʻnggi asar qisqacha “Risola” nomi bilan ham yuritilib, Buxoro xonligidagi Mangʻit sulolalarining hokimiyati tarixiga bagʻishlangan va Amir Doniyol (1758–1785) hokimligidan Amir Abdulloh (1885–1910) hokimligi davrigacha boʻlgan tarixni oʻz ichiga oladi. (“Istoriya mangitskoy dinastii” I. A. Najifovaning kirish soʻzi, izohi va tarjimasi. Dushanbe, 1967 yil). Ahmad Donishning eng muhim asari “Navodir ul-vaqoye”dir. Bu asar juda koʻp ijtimoiy-axloqiy masalalar xususida fikr yuritilgan.
“Navodir ul-vaqoye” kitobi Ahmad Donishning asosiy asari hisoblanib, unda olim oʻzining turli masalalarga munosabatini ifodalagandir. Yuqorida koʻrsatilgan har ikki asarda Ahmad Donish ijtimoiy taraqqiyotga gʻov boʻlib qolgan feodal ijtimoiy-siyosiy tuzum, tartib va munosabatlarni tanqid ostiga oladi. Oʻrta asr falsafasida keng tarqalgan tavakkul nazariyasini tanqid etibbunday deb yozadi: “Agar kishi tavakkulga ishonib harakat qilmasa, mehnat qilmasa va qiyinchiliqda, kambagʻallik bilan hayot kechirish yoki moʻl-koʻllikda yashash qismatda bor ekan, deb aytsa, unday kishi xato qiladi. Demak, u aqlli emas”. Buxoro xonligani Ovroʻpo mamlakatlari, xususan Rusiya bilan takqoslab, Donish oʻz vatanini iqtisodiy va madaniy jihatdan orqada qolganligini koʻrsatib beradi va bu qoloqlikdan chiqish uchun ijtimoiy-siyosiy tuzumda islohotlar qilish zarurligini uqtiradi.
Donishning fikriga koʻra “davlat bir guruh kishilar ehtiyojlarini qondirish uchun emas, xalq manfaatlari uchun, mamlakatni obod qilish uchun xizmat qilmogʻi zarur. Biz dunyoni gullab-yashnatish uchun, dengizlar kezib oʻrganish uchun, yer osti boyliklarini topish uchun, uning hamma qitalari va aholisini bilish uchun tugʻilganmiz” – deb yozgan edi Donish. Buning uchun hukmdor bilimdon, maʼrifatli, odil va oʻz fuqarolari manfaatlari uchun xizmat qilmogʻi shart. U qanday masalani hal qilmasin, eng avval oʻzini fuqaro oʻrnida, ularni esa oʻz oʻrnida tasavvur qilmogʻi lozim. Bu adolatni taʼminlashga imkon yaratadi. “Mamlakatni idora qilishda, – deydi Donish, – hukmdor muhim davlat muammolarini oʻz atrofidagi maslahatchilar bilan birgaliqda hal qilishi kerak. Maslahatchilar ham donishmand va adolatli kishilar boʻlishi kerak va ularning fikri bilan hisoblashishi shart, chunki koʻpchilikning aqli, bir kishining aqlidan ortiqroqdir”.
Ahmad Donish oʻz vatanini qoloqliqdan chiqarish yoʻllarini tinmay izladi. “Kishi oʻz vatanini himoya qilsagina, oʻz xalqi bilan birga boʻlsagina, – deydi Donish, – u har doim barhayotdir”. U Sharq mutafakkirlari taʼlimotini oʻrganish bilan bir qatorda Gʻarbda tarqalgan ijtimoiy-siyosiy taʼlimotlar bilan ham qiziqadi. Garchi bu taʼlimotlarni Donish qabul qilmagan boʻlsada, uning bularga nisbatan boʻlgan munosabati mutafakkirni keng koʻlamdagi tadqiqotchi va ijtimoiy-siyosiy orzulari kengroq ekanligini koʻrish imkonini beradi.
Ahmad Donishning ijtimoiy gʻoyalari oʻz davri uchun muhim ahamiyatga ega edi. Donish mavjud iqtisodiy-siyosiy tuzumning taraqqiyotiga gʻov boʻlib qolganligini koʻrsatadi va bu gʻoyani olib tashlash yoʻllarini qidiradi.
Ahmad Donish merosining bir qismigina oʻrganilgan boʻlib, bu sohada rus olimlari va Oʻzbekiston, Tojikistonda olib borilgan tadqiqotlarni qayd etib oʻtish lozim. Donish asarlarining asl nusxasi – tojik tilida, rus va oʻzbek tillarida nashr etilgan. Buqomusiy bilim egasining boy ijodiy merosini, tabiiy-ilmiy qarashlarini har tomonlama oʻrganish oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda.