Hamid Gʻulom (1919–2005)

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi va Davlat mukofotlari laureati Hamid Gʻulom yetuk shoir, nosir va dramaturg edi. Hamid Gʻulom 1919 yilda Toshkentda musiqa muallimi oilasida tugʻildi.

Oʻrta maktabni bitirgach, Oʻrta Osiyo industrial instituti (1935–1937) va Toshkent pedagogika institutida (1938–1941) tahsil oldi.

Hamid Gʻulom hayoti qizgʻin ijtimoiy faoliyatda kechgan yozuvchilardan. U sobiq “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida jurnalist (1938–1941), Oʻzbekiston Davlat nashriyotida muharrir, Radiokomitetda bosh muharrir va bosh direktor vazifasini ado etdi. Hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida boʻlim mudiri, masʼul kotib (1944–1955) boʻlib xizmat qildi. Moskvadagi M. Gorkiy nomli adabiyot instituti qoshida tashkil etilgan Oliy Adabiyot kurslarida tahsil oldi (1955–1956). Soʻng “Literaturnaya gazeta”ning Oʻzbekiston boʻyicha maxsus muxbiri (1956–1958) boʻldi. 1958–1965 yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifasida ishladi. Yirik ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy jurnal “Sharq yulduzi”ga bosh muharrirlik qildi (1965–1972). Uzoq yillar Gʻ. Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotiga direktorlik qildi.

Hamid Gʻulom adabiyotga oʻttizinchi yillarning oʻrtalarida “Bizning lager”, “Odam”, “Quyosh kabi charogʻon” (1936) sheʼrlari bilan kirib keldi. Yosh shoirning ijodi oʻzbek adabiyotining katta vakillari Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda taʼsirida kamol topdi. U vatanparvarlik, dushmanga nafrat ruhi ifodalangan “Qasosim bor” (1942), “Katerina” (1942), “Ukraina yellari” (1943) kabi sheʼr va balladalarini urush yillarida yaratgan.

Hamid Gʻulom keyinchalik yozgan “Qoʻshiqlarim” (1949–1956), “Dnepr boʻyida” (1949), “Gʻalaba yoʻlida” (1952–1956) asarlarida xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi qahramonliklari tasvirlangan. Ikki kitobdan iborat “Mashʼal” (1959) romanida oktyabr toʻntarishidan keyingi yillardagi oʻzbek xalqi hayoti badiiy tahlil etilgan. Adibning “Olmos qizi” (1956), “Yozyovon” povestlari, “Toshkentliklar” (1967) asarlari oʻzbek paxtakorlarining urushdan avvalgi fidokorona mehnati haqida hikoya qiladi. “Senga intilaman” (1963), “Binafsha atri” romanlari esa Mirzachoʻlda tashkil etilgan birinchi jamoa xoʻjaligi faoliyatiga bagʻishlangan.

U ocherknavis va publitsist sifatida yer kurrasida roʻy berayotgan voqealar, jahon xalqlarining ozodlik uchun kurashi, tinchlik va xalqaro doʻstlik mavzularini yorituvchi “Qitʼalar uygʻoq”, “Kuba haqida hikoyalar”, “Yaponiya haqida hikoyalar”, “Oltin”, “Uy”, “Xirosima balladalari”, “Yevropa taassurotlari”, “Jazoirdagi tong” kabi asarlarini yaratdi. Adibning “Vafoning uzun yoʻli” xotiralar toʻplami ham kitobxonlar tomonidan qizgʻin kutib olingan.

Adib asarlari koʻpgina jahon xalqlari tillarida nashr etilgan. Birgina “Mangulik” romani xitoy tilida yarim million nusxada chop etilgan. Shuningdek, Hamid Gʻulom A. Pushkin, M. Lermontov, V. Shekspir, T. Shevchenko, Lope de Vega kabi yozuvchilarning asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan. Uning “Fargʻona hikoyasi”, “Toshbolta oshiq”, “Oʻgʻil uylantirish”, “Ajab savdolar” kabi zamonaviy mavzulardagi komediyalari respublika teatrlarida namoyish qilinib, tomoshabinlar hurmatiga sazovor boʻlgan.

Adibning “Muhabbat navosi” nomli ikki parda, besh koʻrinishli musiqali dramasi XVI asrda Sharqiy Turkistonning Xoʻtan shahrida yashagan Omonniso bilan Rashidxon oʻrtasidagi muhabbat haqida hikoya qiladi. “Mashrab” romani tarixiy mavzuda yozilgan.

Hamid Gʻulomning “Toshkentliklar” (1974) romani Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. Adib mustaqillik yillarida “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.


“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.