Yozuvchi oʻz tarjimai holida shunday yozgan: “Men Toshkentda, Oʻqchi mahallasida tugʻilganman, 1933 yil 19 dekabrda. Bizning hovlimiz yangi tushgan konservatoriya binosining oʻng qanotida joylashgan edi. Buvim (ota tarafdan) savodxon ayol boʻlganlar. Bolaligimda koʻp bor koʻrganman, tanchani bozillatib kitob oʻqib oʻtirardilar.
‒ Buvi, qanday kitob oʻqiyapsiz? ‒ deb soʻraganim esimda.
‒ Men dostonlar oʻqiyman ‒ “Dalli”, “Alpomish”, ‒ deb javob bergandilar.
Shu gaplari esimda qolgan. Toʻrtinchi sinfdaligimda “Dalli” va “Alpomish” dostonlarini topib oʻqidim. Xalq dostonlari, xalq kitoblari ‒ eng suyukli, hayotimga hamisha yoʻldosh. Meni sanʼatga, adabiyotga olib kirgan ayni ana shu asarlardir. Hozir ham yoʻlim kitob doʻkoniga tushsa, birinchi galda xalq dostonlarini soʻrab-surishtiraman.
Otam Alimuhamedov Musajon davlat arbobi boʻlgan. 1937 yili “xalq dushmani” sifatida ayblanib qatagʻon qilingan. Onam Bashorat maʼlum muddat “Qizil Oʻzbekiston”da muxbir boʻlgan. Biroq otam qamoqqa olingandan soʻng yot unsur sifatida mafkura sohasida ishlashdan chetlatilgan, pirovardida egar-jabduq fabrikasiga oddiy ishchi boʻlib kirgan…”
Boʻlajak adib maktabni tugallab, hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti Sharq fakultetining eron-afgʻon boʻlimiga oʻqishga kirdi. Uni bitirgach, “Sharq yulduzi”, “Gʻuncha” jurnallarida, “Oʻzbekiston madaniyati” (hozirgi “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”) gazetasi tahrirriyatida, soʻng Oʻzbekiston radiosining adabiyot boʻlimida ishladi. 1967 yilda “Oʻzbekfilm” kinostudiyasiga taklif etildi. Bir yildan soʻng Moskvaga, ikki yillik ssenaristlar Oliy kursiga oʻqishga bordi. Qaytib kelgach, 1970 yildan to 1999 yilgacha kino sohasida, dastlab kinostudiyada muharrir, soʻng bosh muharrir, keyinchalik “Oʻzbekkino” davlat aksiyadorlik kompaniyasida boshqarma boshligʻi lavozimlarida ishladi.
Farhod Musajonovning “Daradagi qishloqda” nomli birinchi hikoyasi 1956 yil “Sharq yulduzi” jurnalida, shu nomdagi birinchi hikoyalar toʻplami esa 1959 yilda chop etildi. Shundan soʻng adibning “Oftobni quvalab” (1963), “Bahor nafasi” (1964), “Boʻsh kelma, Aliqulov!” (1965),”Bir qultum buloq suvi” (1972), “Dushanba, nonushtadan soʻng” (1974), “Sunbula”, “Bogʻ koʻchamni qoʻmsayman” (1977), “Himmat” (1984), “Bogʻ koʻcha” (1987), “Qilich va soz” (2000), “Lafz” (2003), “Kuymagan jonim manim”, “Ekran yulduzi” kabi oʻttizga yaqin qissalar va hikoyalar (jumladan, bolalarga bagʻishlangan) kitoblari dunyoga keldi. Bulardan tashqari adib “Oq kabutar”, “Talvasa”, “Tomosha davom etadi”, “Imtihon” kabi pyesalar, “Jazirama oftob ostidagi uy”, “Birovning boshi”, “Koʻzlarim yoʻlingda”, “Huvaydo”, “Soʻnmas ziyo”, “Sensan sevarim”, “Men senga zor”, “Askiya”, “Qiziqchi” kabi badiiy filmlar, “Afyun iskanjasi”, “Huvaydo”, “Haziniy”, “Xizmatingizga hozirman”, “Vatan ishqi” kabi yigirmadan ortiq hujjatli filmlar ssenariylari muallifi hamdir. Uning bir qator asarlari xorijiy tillarga tarjima qilindi.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Farhod Musajonov adabiyotimiz oldidagi xizmatlari uchun Gʻafur Gʻulom nomidagi mukofot bilan, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.