Safar Barnoyev (1938–2000)

Safar Barnoyev 1938 yilning 6 mayida Buxoro yaqinidagi Dilkusho qishlogʻida tugʻildi. 1959 yilda oʻrta maktabni bitirib, bir muddat qurilishda ishladi. Harbiy xizmatdan qaytgach, Toshkent davlat universitetining jurnalistika boʻlimida tahsil oldi.

Adib “Kamalak” nashriyotida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida, Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligida, “Gulxan” jurnalida xizmat qildi.

Safar Barnoyevning “Lager qoʻynida” nomli birinchi sheʼri 1959 yilda, “Togʻdamen” nomli birinchi sheʼriy toʻplami 1970 yilda chop etildi. Shundan soʻng “Birinchi tabassum” (1972), “Dadamning qoʻllari” (1974), “Sogʻinch” (1975), “Yulduzxon va Bahorjon” (1977), “Soldat qaytgan kun” (1979), “Oq laylaklar” (1982), “Egizaklar” (1985), “Mukofot” (1983), “Tinchlikni ulugʻlaymiz” (1986), “Dadam haqida qoʻshiq” (1989), “Karimjon ‒ Karlson” (1988) kabi oʻnlab sheʼriy va nasriy kitoblari chop etildi.

Bir qator asarlari rus, ukrain, belorus, latish, moldovan, polyak, chex, arman, ozar, tojik, qozoq, qirgʻiz, turkman va qoraqalpoq tillariga tarjima qilindi.

Safar Barnoyev “Tinchlikni ulugʻlaymiz” kitobi uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Gʻafur Gʻulom nomidagi yillik mukofotiga, bolalar adabiyoti ravnaqiga qoʻshgan hissasi uchun “Ofarin” mukofotiga sazovor boʻlgan.

Adibning xotirasiga bagʻishlab “Safar Barnoyev zamondoshlari xotirasida” turkumida “Bolajonlik saodati” nomli yodnoma (2011) chop etildi.


“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.