Oʻtkir Hoshimov (1941–2013)

Oʻzbek adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri Oʻtkir Hoshimov 1941 yilning 5 avgustida Toshkentning Beshyogʻoch dahasiga qarashli Doʻmbirobod mavzeida tavallud topdi.

Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetining sirtqi, soʻngra kunduzgi boʻlimida (1964) oʻqidi. “Temir yoʻlchi” (1959–1960), “Oʻzbekiston ovozi” (1960), “Toshkent haqiqati” (1960–1966), “Toshkent oqshomi” (1966–1982) gazetalarida boʻlim mudiri, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida bosh muharrir oʻrinbosari (1982–1984), “Sharq yulduzi” jurnalida bosh muharrir (1985–1995), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Matbuot va axborot qoʻmitasi raisi sifatida (1995–2005) faoliyat koʻrsatdi. Uzoq yillar (2005–2013) “Teatr” jurnaliga rahbarlik qildi.

Oʻtkir Hoshimov ijodi publitsistikadan boshlanib, shu yoʻnalishdagi “Poʻlat chavandoz” nomli birinchi kitobi 1962 yilda bosilib chiqdi. Ilk hikoyasi esa 1963 yili “Toʻrt maktub” nomi bilan eʼlon qilindi. Keyinchalik mazkur hikoyasi asosida “Choʻl havosi” (1963) qissasi yaratildi. Shundan soʻng “Odamlar nima derkin”, “Shamol esaveradi” qissalari maydonga keldi. “Bahor qaytmaydi” (1970), “Qalbingga quloq sol” (1973) qissalari yozuvchiga katta shuhrat keltirdi.

“Nur borki, soya bor” (1976) romanida jamiyat ijtimoiy hayotidagi illatlarni, turgʻunlikning mohiyatini ochish asnosida davrning muhim maʼnaviy-axloqiy masalalarini koʻtarib chiqdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi yillik mukofoti bilan taqdirlangan “Dunyoning ishlari” (1982) qissasini qaysidir maʼnoda avtobiografik asar deyish mumkin. Asarning bosh qahramoni muallifning oʻz onasidir. “Ikki eshik orasi” romani esa adib ijodida alohida ahamiyatga ega. Unda qariyb qirq yillik davr qamrab olinib, bir qator chigal, murakkab taqdirlar misolida oʻzbek xalqining tarixiy qismati mahorat bilan tasvirlanadi. Roman 1986 yilda Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. “Tushda kechgan umrlar” romani ham turgʻunlik davri illatlarini fosh etuvchi asar sifatida alohida oʻrin tutadi.

Oʻtkir Hoshimov hikoya janrida ham unumli, samarali ijod qildi. “Muhabbat”, “Dehqonning bir kuni”, “Urushning soʻnggi qurboni”, “Oʻzbek ishi” kabi asarlari oʻzbek hikoyachiligi rivojiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshildi. “Qalbning oppoq daftari”, “Muqaddas qasamni buzganlar”, “Avlodlarga nima deymiz?”, “Mantiq qani?”, “Davlat siri” kabi ijtimoiy-publitsistik maqolalari oʻzbek publitsistikasining jiddiy yutuqlari sifatida eʼtirof etildi. Oʻtkir Hoshimov dramaturg sifatida yaratgan “Xazon boʻlgan bahor”, “Toʻylar muborak”, “Vijdon dorisi”, “Inson sadoqati”, “Qatagʻon” kabi drama va komediyalari respublika teatrlari sahnalarida qoʻyildi, tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi. 1998 yili “Osmondan tushgan pul” nomli hajviy hikoyalar toʻplami chop etildi.

Adibning yetmishdan ortiq kitoblari millionlab tirajlarda nashr etilgan. “Oila bitta, Vatan yagona”, “Biz hech kimdan kam emasmiz”, “Badbaxtdala tutquni”, “Istiqlolni asraylik”, “Kechani unutmagan ‒ bugunni qadrlaydi” singari asarlarida mustaqillikni qadrlashga daʼvat etadi. Bugungi kunda Oʻtkir Hoshimov asarlari eng oʻqishli, eng ommabop kitoblar sifatida xalq orasida qoʻlma-qoʻl oʻqilayotir. Boisi tilining xalqonaligi, qahramonlari va xarakterlarning milliyligi, voqealarning hayotiyligi oʻquvchilar mehrini qozongan.

Oʻtkir Hoshimov tarjimon sifatida O. Berggols, Mustay Karim, V. Shukshin asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan. Oʻzining eng yaxshi asarlari rus va dunyoning koʻpgina tillariga tarjima qilingan.

Oʻtkir Hoshimovga samarali ijodiy mehnati uchun 1991 yili “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoni berildi. U “Mehnat shuhrati”, “Buyuk xizmatlari uchun” (2001) ordenlari bilan ham taqdirlandi.


“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.