Qambar Ota (1941–2016)
Qambar Ota (Oʻtayev) 1941 yil 12 yanvarda Kattaqoʻrgʻon shahrida tavallud topdi. Samarqand suv xoʻjaligi texnikumida, Samarqand davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetida (1958–1967) tahsil oldi. Mehnat faoliyatini 1967 yilda “Samarqand universiteti” gazetasi muharriri sifatida boshladi. Keyinchalik Samarqand qishloq xoʻjalik kooperativ institutida ijtimoiy fanlar fakulteti rahbari, falsafa kafedrasi oʻqituvchisi sifatida dars berdi.
1976 yili Toshkentga koʻchib kelib, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida, “Oʻzbekiston agitatori” jurnalida, “Xalq soʻzi”, “Maʼrifat” gazetalari hamda Oʻzbekiston istiqbolini belgilash davlat qoʻmitasida turli lavozimlarda ishladi.
Shoirning “Ona Vatan” deb nomlangan ilk sheʼri 6-sinfda oʻqib yurgan paytida Kattaqoʻrgʻon tuman gazetasida bosildi. “Kitobcha va buzoqcha” nomli dastlabki toʻplami 1965 yili chop etildi. Shundan soʻng bolalarga bagʻishlangan “Yoshlik sururi” (1972), “Chinor ansambli” (1976), “Adashboy” (1975), “Bizning kosmos” (1976), “Tinim bilmas shamolvoy”, “Chavandoz orzusi” (1985), “Shirin soʻz” (1988), “Gʻildirak” (1989), “Tabiatga rahmat” (1991), “Sizday yashagim kelar” (1994), “Bolalarning koʻzlari” (1995), “Toshpolvon va ishpolvon haqida ertak”, “Guldasta” (2001), “Alifbe bayrami” (2003), “Quyosh bilan gaplashdim” (2005), “Kitobsevar Oftoboy” (2006), “Tomda uxlagan bola” (2008), “Quyosh bola, oy bola” (2010), kattalar uchun “Vatan tuprogʻi” (1976), “Diydor” (1981), “Izlar” (1991), “Tinmay izlan, yuragim”, “Dil koʻrki” (2010) kabi koʻplab kitoblari nashr qilindi.
Tarjimon sifatida belorus, ukrain, latish, eston, rus, shuningdek, jahon bolalar shoirlari ijodidan saralab oʻzbek tiliga oʻgirdi. Ayni choqda oʻzining ham koʻplab sheʼrlari rus, belorus, qozoq, qoraqalpoq, turkman, tojik, uygʻur, turk tillariga tarjima qilindi.
Qambar Otaning ellikka yaqin sheʼri boshlangʻich sinf darsliklari, darsdan tashqari oʻqish kitoblari, maktab va bogʻchalar uchun metodik qoʻllanmalar, tabiat darsliklariga kiritilgan. Yuzdan ortiq sheʼrlariga kuylar bastalangan.
Qambar Ota bolalar adabiyoti rivojiga qoʻshgan xizmatlari uchun 1999 yilda “II-darajali Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.