Tarixiy mavzudagi asarlari bilan mashhur boʻlgan Mirkarim Osim 1907 yili Toshkentda ziyoli oilasida dunyoga kelgan. 1917–1920 yillarda “Shams ul-urfon” nomli boshlangʻich maktabda oʻqigan. 1921–1924 yillarda esa Narimonov nomidagi taʼlim va tarbiya texnikumida tahsil koʻrgan.
Moskva Davlat pedagogika institutining tarix-iqtisod fakultetida (1926–1930) tahsil olgach, dastlab Samarqanddagi oʻqituvchilar tayyorlash kursida, 1932 yildan esa Oʻzbekiston Maorif xalq komissarligi qoshidagi Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutida xizmat qiladi.
Mirkarim Osim oʻz faoliyatini sheʼrlar yozish bilan boshladi. Tarix fanidan qoʻllanma, tavsiya, darsliklar yaratdi. 1940 yildan Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi “Astrobod”, “Alisher Navoiy va Darveshali”, “Badargʻa”, “Navoiyning xislatlari”, “Ulugʻbek va Navoiy” singari tarixiy qissa va hikoyalar yozadi.
Adib butun umri mobaynida tarixiy qissalar yozish bilan mashgʻul boʻldi; yosh avlodni tarixiy oʻtmish va uning mashhur kishilariga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalab, vatanparvarlik, insonparvarlik gʻoyalarini ulugʻladi.
Mirkarim Osim asarlarini mavzu yoʻnalishi boʻyicha uch katta guruhga ajratish mumkin:
Tarixiy-qahramonlik mavzuidagi asarlar.
Tarixiy-maishiy mavzudagi asarlar.
Tarixiy-biografik asarlar.
Qahramonlik mavzuidagi asarlar jumlasiga ijodkorning “Oʻtror”, “Temur Malik”, “Aleksandr va Spitamen” kabi qissa va hikoyalarini kiritish mumkin.
Maishiy mavzudagilarga “Mohlaroyim va Xonposhsha”, “Karvon qoʻngʻirogʻi”, “Elchilar” kabi asarlari kiradi.
Uning “Zulmat ichra nur” (Navoiy haqida), “Jayhun ustida bulutlar” (Beruniy haqida), “Ibn Sino qissasi”, “Aljabrning tugʻilishi” (Al-Xorazmiy haqida), “Singan setor” (Mashrab haqida) kabi qissalari esa tarixiy-biografik mavzudagi asarlar hisoblanadi.
Mirkarim Osim 40-yillar shoʻro qatagʻoni qurbonlaridan biri boʻlib, koʻp yillar davomida tutqunlikda yashaydi. 50-yillarda vataniga qaytgan ijodkor tarixiy asarlar yozishda davom etadi. Nashriyotlarda muharrir boʻlib ishlaydi.
Mirkarim Osim tarixnavis adiblar orasida oʻtmish haqiqatini buzmay, uni qayta badiiy jonlantirishi bilan ajralib turadi. Uning asarlari tarixnavis adiblarning keyingi avlodi uchun adabiy maktab vazifasini oʻtaydi.
Tavalludining 70 yilligi munosabati bilan unga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni berilgan.
2001 yili oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Mirkarim Osim “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.