XX asr oʻzbek milliy adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, buyuk romannavis Abdulla Qodiriy 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahridagi Eshonguzar mahallasida tugʻilgan.
Tarjimai holidagi quyidagi soʻzlar yozuvchining 1926 yilga qadar kechgan hayotiga oydinlik kiritadi: “Har holda bemavridroq boʻlsa kerak, kambagʻal, bogʻbonlik bilan kun kechirguvchi bir oilada… tugʻilgʻonman. Yoshim toʻqqiz-oʻnlarga borgʻondan soʻng meni maktabga yubordilar. Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda oʻqib, keyingi vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoq kun kechirgani vajhidan oʻn ikki yoshimda meni bir boyga xizmatchilikka berdilar.
Xoʻjayinim oʻzi savdogar kishi boʻlub, oʻrischa yozuv-chizuv bilaturgʻon odamga muhtoj edi. Shu taʼma boʻlsa kerak, meni oʻris maktabiga yubordi… 1912 yilda manfaktur bilan savdo qiluvchi bir kishiga yiligʻa 50 soʻm barobariga prikazchik boʻlib kirdim…
Shu miyonalardan bozor vositasi bilan tatarlarda chiqadigʻon gazetalarni oʻqib, dunyoda gazeta degan gap borligʻiga imon keltirdim. 1913 yilda oʻzbekcha “Sadoi Turkiston”, “Samarqand”, “Oina” gazetalari chiqa boshlagʻoch, menda shularga gap yozib yurish fikri uygʻondi… 1913 yilda chiqqan “Padarkush” taʼsirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborganimni oʻzim ham payqamay qoldim (1915). Yana shu yilda teatrlarda chiqib turgʻon hikoya va roʻmonlarga taqlidan “Juvonboz” otliq hikoyachani yozib, noshir topilmogʻonidan, oʻzim nashr qilib yubordim.
Nikolay taxtdan yiqilgʻondan keyin oddiy xalq militsiyasiga koʻngilli boʻlib yozildim…
1918 yil boshlarida Eski shahar oziq qoʻmitasi boylar qoʻlidan olinib, qoʻmitaning raisligiga oʻrtoq Sultonxoʻja Qosimxoʻjayev tayin qilingʻon edi va men mazkur qoʻmitaning oʻzbekcha sarkotibligiga kirdim. 1919 yilning avvallarida oziq qoʻmitasining ismidan chiqarilmoqchi boʻlgʻon “Oziq ishlari” gazetasiga muharrir boʻlib tayinlandim…
“Mushtum” jurnalining muannisi va tahririya aʼzosi boʻlib, to 1924 yilgacha mehnatkashlar manfaatiga xolis ishlab keldim… Xulosa – boshqalarning xizmati daftar bilan sobit boʻlsa, mening xizmatlarim matbuot bilan ravshandir… Ishchi-dehqonlar yozgʻon asarlarimni suyunib oʻqiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon oʻqirlar va unutmaslar…”
Adibning ilk ijodi 1913–1914 yillarda boshlangan, dastlab u shoir sifatida qalam tebratgan. Uning “Ahvolimiz”, “Millatimga”, “Toʻy”, “Fikr aylagʻil” kabi sheʼrlari “Sadoi Turkiston” gazetasi va “Oina” jurnalida (1914–1915) bosilgan. A. Qodiriy mazkur sheʼrlarida millatdoshlarini jaholat va xurofotga qarshi kurashga chaqirib, maʼrifatparvar shoir sifatida maydonga chiqqan. Bu yillarda u “Baxtsiz kuyov”, “Hech kim bilmasin” (1915) kabi sahna asarlarini ham yozgan. Uning “Juvonboz”, “Uloqda” (1916) kabi hikoyalarida oʻz xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod koʻrish istagi sezilib turadi.
Adib dastlabki asarlarini turli taxalluslar ostida eʼlon qilgan. Shu taxalluslardan biri va xalq oʻrtasida mashhur boʻlgani Julqunboydir.
1924 yili Abdulla Qodiriy Moskvaga borib Jurnalistlar institutida tahsil oldi. Moskvadan qaytib, “Mushtum” jurnalida shtatsiz muxbir boʻlib ishlay boshladi. Uning “Toshpoʻlat tajang nima deydi?” va “Kalvak mahzumning xotira daftaridan” turkumidagi hajviy hikoyalari shu jurnalda ilk bor bosildi.
Abdulla Qodiriy 1917–1918 yillardan boshlab “Oʻtgan kunlar” romani uchun material yigʻishga kirishdi. 1922 yilda birinchi oʻzbek romanining dastlabki boblari “Inqilob” jurnalida chop etila boshladi. 1925–1926 yillarda “Oʻtgan kunlar” uch boʻlim holida kitob boʻlib nashr etildi. 1928 yili yozuvchining ikkinchi tarixiy romani – “Mehrobdan chayon” nashrdan chiqdi. Har ikki tarixiy romanda ham adib xalqning milliy mustamlaka zulmidan ozod boʻlish haqidagi orzu-umidlarini ifoda qiladi.
1934 yilga kelib Abdulla Qodiriy qishloq hayoti mavzuiga bagʻishlangan “Obid ketmon” qissasini yaratdi. Shuningdek, u Gogolning “Uylanish” komediyasi va bir qator Gʻarb yozuvchilarining hajviy hikoyalarini oʻzbek tiliga tarjima qildi.
Abdulla Qodiriy Amir Umarxon davri va Namoz oʻgʻri haqida romanlar yaratish orzusida boʻlgan. Ammo mustabid tuzum bu orzularining toʻla roʻyobga chiqishiga imkon bermadi. Abdulla Qodiriy 1926 yilda “Mushtum”da bosilgan “Yigʻindi gaplar” maqolasi tufayli qisqa muddat qamaladi. 1937 yilning 31 dekabrida esa “xalq dushmani” sifatida ikkinchi bor qamoqqa olinib, 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda otib tashlanadi.
Istiqlol davriga kelib Abdulla Qodiriy nomi va ijodi chin maʼnoda hurmat va eʼzoz koʻrdi. 1990 yilda Respublika Prezidentining Farmoni bilan Abdulla Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti taʼsis etildi. 1991 yili esa Abdulla Qodiriyga Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.
Abdulla Qodiriy 1994 yili Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining uchinchi yilligida milliy ozodlik yoʻlida koʻrsatgan matonati va buyuk xizmatlari, oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlandi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan