Ergasheva Ma’mura haqida

Ergasheva Ma’mura haqida

Ergasheva Ma’mura


Tavallud topgan sana:
1951 yil


Tug'ilgan joy:Toshkent


Yo'nalishlar: Raqqos va raqqosalar





Tarjimai hol


Ma’mura Ergasheva iste’dodli raqqosa, talantli baletmeyster, yaxshi tashkilotchi sifatida keng jamoatchilikka yaqindan tanilgan, el nazariga tushgan va shuhrat qozongan. U “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasidir.

Iste’dodli raqqosa va baletmeyster Ma’mura Ergasheva 1951-yilda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent xoreografiya bilim yurtini va 1977-yilda Toshkent chet tillar institutini tugatgan.

O‘zbek Davlat “Bahor” xalq raqs dastasida raqqosa sifatida faoliyatini boshlagan bo‘lsa, 1990-yildan shu dastaning badiiy rahbari va bosh baletmeysteridir.

Mukarrama Turg‘unboyevaning eng yaxshi va sadoqatli shogirdi bo‘lgan M.Ergasheva o‘zi ijod etgan va sahnaga qo‘ygan raqslarida ustozining an’analarini izchillik bilan davom ettirmoqda.

Raqqosa "Munojot", "Tanovar", "Larzon", "Farg‘ona ruboiysi", "Lazgi", "Buxorocha larzon", "Dunyoni asrang", "Ko‘zlaringni yashirma", "Shoshdi-yu ketdi", "Rohat", "Holim so‘rma", "Jonon piyola", "Pilla", "Duxtari lola", "O‘n sakkiz yoshligim", "Gulsara raqsi", "Marjonlaring", "Daryo toshqin", "Jonon", "Zavqim kelur", "Yovvoyi tanovar", "Asta qiyolab o‘tdi", "Ona", "Doira raqsga chorlaydi", "Sanama", "Yalla aytayin", "Chorgoh", "Xamsa" asarlariga raqs, "Dilxiroj", "Safti munojot", "Navro‘zi ajam" kabi o‘zbek mumtoz, maqom va zamonaviy raqslarni nihoyatda go‘zal, joziba va mohirlik bilan ijro etdi.

Ma’mura Ergasheva taniqli baletmeystrlar izidan borib, "Bahorim", "Fig‘onkim", "Sening qarashlaring", "Navro‘zi ajam", "Gul va bulbul", "O‘ynasa", "Hayoli qiz", "O‘zbekiston", "Uch doira raqsi", "Bebaholardan", "Yalla aytayin", "Safti munojot", "Buncha go‘zal", "Erta bilan turaman", "Buxoracha raqs", "Xorazmcha raqs", "Bilakuzuk", "Xorazmcha qoragul" (kompozitsiya), "Erkalab", "Parvona", "Farg‘ona go‘zali", "Xiva go‘zali", "Andijon polkasi", qirg‘izcha, qozoqcha kabi ellikdan ortiq mumtoz, xalq va jahon xalqlari raqslarini nozik did bilan sahnalashtirdi.

Raqqosaning ijro etgan, sahnaga qo‘ygan raqslari ba’zan nozik va mayinligi, ba’zan sho‘x, erkin va keskin harakatlari, katta jozibasi hamda estetik ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. Ustozlari M.Turg‘unboyeva, I.Oqilova, G.Izmaylova, S.Musheeva, G.Mavaeva, Irismetovalardan raqs san’atining murakkab va nozik sirlarini muttasil o‘rganish, izchil ravishda o‘z ustida ishlash, tinimsiz mehnat, umuman, o‘z kasbiga katta mehr va sadoqat natijasi o‘laroq iste’dodli raqqosa bo‘lib yetishdi.

Ma’mura Ergasheva tez orada iste’dodli raqqosa, talantli baletmeyster, yaxshi tashkilotchi sifatida keng jamoatchilikka yaqindan tanildi, el nazariga tushdi, shuhrat qozondi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulnora Nizomova, Rushana Sultonova, Olima Yoqubova, Roziya Qadamboyeva va raqqosalardan Yelena To‘xtayeva, Gulshana Qurbonboyevalarni tarbiyalab voyaga yetkazdi.

Ma’mura Ergasheva 1978-yilda "Doira raqsga chorlaydi" nomli raqsi bilan Gavanada bo‘lib o‘tgan Yoshlar va talabalar festivalining sovrindori bo‘ldi. 1979-yildan O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasining a’zosi. 1983-yilda unga "O‘zbekiston xalq artisti" faxriy unvoni berilgan bo‘lsa, 1999-yilda "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlandi.


Video galereya


[url=#]



[/url]