To‘ra Sulaymon
Tavallud topgan sana:
15 fevral 1934 yil
Vafot etgan sana:
2005 yil
Tug'ilgan joy:Jizzax
Yo'nalishlar: Shoirlar
Tarjimai hol
To‘ra Sulaymon Jizzaxning Baxmal tumani, Yoyilma qishlog‘ida tug‘ilgan.
1936 yil To‘ra Sulaymon qishlog‘ining boshqa aholilari kabi Sirdaryo viloyatiga, Mirzacho‘lga ko‘chiriladi.
Tarjimai xolida tug‘ilgan sanasi noaniq ekanligini ko‘rsatib o‘tgan. Onasining hikoya qilishicha, tug‘ilgan yili, tahminan, 1932 yilga, otasi surgun qilingan, onasining qo‘lida chaqaloq bo‘lgan paytlarga to‘g‘ri keladi. Ammo hujjatlardagi ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, To‘ra Sulaymon 1934 yil 15 fevralda Sirdaryo viloyatining Baxmal tumanida tug‘ilgan.
O‘rta maktabni 1952 yilda tugatgach, maktablarda o‘qituvchilik qilgan.
U 1958-1964 yillar Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini sirtdan o‘qib bitirgan. Avval “Guliston” nomli tuman, so‘ng “Sirdaryo haqiqati” nomli viloyat gazetalarida mas’ul kotib bo‘lib ishlagan.
1972 - 1977 yillar O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyatida mas’ul kotib bo‘lib faoliyat yuritib kelgan. 1986 yildan umrining oxirigacha adabiy maslahatchilik qilgan.
Bo‘lg‘usi shoirda adabiyotga, ijodga havas ancha erta uyg‘ongan. Bunda xalq ijodi, xalq kitoblarini yaxshi bilgan zukko ota-onasining xizmati katta bo‘lgan. “Ayniqsa otamdan eshitgan ertaklarim orasida “Boldirboy” degan ertakni boshqacha mehr bilan yoqtirganman”, deb eslaydi shoir.
To‘ra Sulaymon shoir sifatida matbuotda 1958 yildan ko‘rina boshladi. 1962 yilda esa uning “Istar ko‘ngil” she’riy to‘plami chop etildi. Uning “Alhazar” nomli hajviy she’rlar to‘plami 1979 yil “Mushtum” jurnali sovriniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, “O‘zbekiston xalq shoiri” mukofoti bilan taqdirlangan. She’rlar yozish bilan bir qatorda, To‘ra Sulaymon musiqiy jo‘rlikda baxshilik qilgan.
Shundan keyin zamonaviy o‘zbek she’riyatining mulkiga aylangan o‘nlab she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Ular orasida “Qorasoch” dostoni (1964), “Hamqishloqlarim” (1968), “Jahongashta” (1970) dostoni, “Mening qora ko‘zginam” (1972), “Men qayta borar bo‘lsam” (1976), “Alhazar” (1979), “Intizor” (1980), “Sizni eslayman” (1982) va “Istar ko‘ngil” (1982), “Xarsang”, “Iltijo” saylanma to‘plamlari kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan.
“Mamlakatning tayanch nuqtasi” muallifning so‘nggi asari bo‘ldi, u 2004 yil nashr etilgan.
U hayotining so‘nggi kunlarida “Al-qasosu min Al-haq” nomli epopeyasi ustida ishlagan. Mazkur asar uchun u O‘zbekiston xalq shoiri unvoniga loyiq topilgan.
2005 yil vafot etgan, Gulistonga dafn etilgan.