Toshpo‘lat Ahmad
Tavallud topgan sana:
1942 yil
Tug'ilgan joy:Buxoro
Yo'nalishlar: Tarjimonlar, Yozuvchilar, Shoirlar
Tarjimai hol
Shoir, yozuvchi, hikoyanavis, tarjimon Toshpo‘lat Ahmad asarlari rus, tojik, turkman, venger, ispan, turk, qozoq tillariga tarjima etilgan. Unga o‘zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan. 1998 yilda «Mehnat shuhrati» ordeniga sazovor bo‘ldi.
1942 yil dekabrda Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi Denov qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, 1959-1964 yillari Samarqand Davlat universitetida tahsil olgan.
1965 yildan «Buxoro haqiqati» viloyat gazetasiga ishga o‘tadi. 1993-1996 yillarda shu gazetaning bosh muharriri bo‘lib ishlaydi. 1975 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi mas’ul kotibligiga tayinlanadi. U bo‘limni surunkasiga 18 yil boshqarib, ko‘plab ijodkor yoshlarni adabiyotga olib kirdi.
Bu yillarda uning «Buxoro yulduzi» nomli hujjatli qissasi, «Qasam va qasos», «O‘g‘lingman, hayot!», «Qalbning oppoq gavhari» kabi ocherklar, «Ochiq eshik» nomli hikoyalar, «Minorlar va chinorlar», «Oydin xayollar», «Tabassum bog‘i», «Imon qal’asi» singari she’riy kitoblari nashr etildi.
Toshpo‘lat Ahmad mohir tarjimon hamdir. Tojikiston xalq yozuvchisi Jalol Ikromiyning «Qora quzg‘unlar» romani uning tarjimasida o‘zbek kitobxoni qo‘liga borib yetgan. Shuningdek, Rasul Hamzatov, Vladimir Solouxin, Avetik Isaakyan, Ovanes Sheroz, Loyiq Sherali, Ahmad Muxtor singari qardosh shoirlarning asarlarini ham tarjima qilib, o‘quvchilar ma’naviy mulkiga aylantirgan...
Oxirgi yillarda «Buxoro haqiqati» (hozirgi «Buxoronoma») viloyat gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishladi.
Keyingi 6 yil ichida shoirning Buxoroning 2500 yilligiga bag‘ishlangan «Sharq tumori», «Fig‘on», «Ahli muslim mehrobi», «Buxoronoma» (saylanma), «Chorbakr», «Gavhari jonim», «202 atirgul» nomli she’riy kitoblari chop etildi va «Fig‘on» p'yesasi sahna yuzini ko‘rdi.
Toshpo‘lat Ahmadga o‘zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan. 1998 yilda «Mehnat shuhrati» ordeniga sazovor bo‘ldi.
Uning asarlari rus, tojik, turkman, venger, ispan, turk, qozoq tillariga tarjima etilgan.