Omonatlar hajmini oshirish va hamyon boʼsh boʼlishining oldini olishda yordam beradigan moliyaviy odatlaringiz bor-yoʼqligini tekshirib koʼring.
1. Omonatlaringiz mavjud
Matras ostida yoki omonatlar hisobingizda uch oylik kirimingiz hajmidagi mablagʼ bor. Bu pul sizga ishxonadagi qisqartirish, jarohat olish va boshqa yoqimsiz holatlar sababli doimiy daromad manbaini yoʼqotishingiz mumkin boʼlgan vaziyatlarda asqotadi. Uch oy davomida zahirangizdagi pul bilan kommunal toʼlovlar, uy ijarasini toʼlash, mahsulotlar xarid qilish va umuman olganda, odatdagidek yashashingiz mumkin boʼladi.
2. Har maoshning bir qismini yigʼib borasiz
Аgar har maoshdan zahirangizni toʼldirib borsangiz, bu birvarakayiga ikki yaxshi narsa haqida dalolat beradi. Birinchisi: uchma-uch yashamayotganingiz va kirimning bir qismini yigʼish imkoniyatining mavjudligi. Ikkinchisi: jamgʼarmangiz hajmi har oy ortmoqda.
Молиявий барқарорлик сари 18 қадам
3. Har bir xarajatni qayd etasiz
“Pul hisobni yoqtiradi” iborasi bejizga paydo boʼlmagan, mablagʼ pala-partishlikni xush koʼrmaydi. Siz barcha xarajatlarni qayd etasiz, hatto ular byudjetni yuritishdagi xatolaringizni namoyish etsa ham. Bu chiqimlarning qay birining oldini olishni tahlil qilish va oy oxirida xarajatlarni tahrirlashda yordam beradi.
4. Bir necha “hamyonlaringiz” bor
Siz moliyaviy masalalarda xotira va vaziyatlarga qarab ish tutmaysiz. Shuning uchun kundalik ehtiyojlarga atalgan pul kartochkada, fors-major holatlariga moʼljallanganlari – omonat jamgʼarmasi hisobida, xonadon, mashina sotib olish va taʼtil kabi yirik xaridlar uchun ajratilgan pul – depozitda turadi.
Umuman olganda, mablagʼ qogʼoz konvertlarga solib, ajratib qoʼyilgan boʼlishi ham mumkin. Muhimi, boshqa maqsadlar uchun toʼplab qoʼyilgan jamgʼarmani kutilmaganda sarflab yuborish tahdidi mavjud boʼlmasligidir.
5. Tejashni bilasiz
Siz kundalik xarajatlarda pulni tejashning koʼplab usullarini bilasiz. Masalan, mahsulot donasi narxi sizga arzon boʼlishi uchun katta oʼramdagilarini tanlaysiz, supermarketlarga qorningiz ochligida bormaysiz va merchendayzerlarning tezkor xaridga undovchi “qarmoqlaridan” xabardorsiz.
6. Foydasiz xaridlarni “chetlab oʼtasiz”
Pulni havoga sovurishning bir necha oddiy usullari mavjud: supermarket kassalarida paketlar, qahva shahobchalaridan qahva xarid qilish kabi xarajatlarning oldini olish oson.
7. Xaridlar roʼyxatini tuzasiz
Ortiqcha xarajat qilishning oldini olishdagi oson usul – nima sotib olishni oldindan, ongli ravishda tushunish.
8. Bir oy va yil uchun byudjetni rejalashtirasiz
Shaxsiy moliyaviy reja pul bilan munosabatlarni oson va tushunarli holatga keltiradi. Qaysi xarajatlarni chetlab boʼlmasligi, xursandchilik uchun qancha pul qolishini bilasiz hamda yirik chiqimlarni prognoz qilib, ular uchun oldindan pul ajratishni boshlaysiz. Bu hamyon goh liq toʼla, goh qup-quruq boʼlishi kabi “argʼamchi” holatini bartaraf etish va oʼzingizni barcha zarur narsalar bilan taʼminlash imkonini beradi.
9. Maoshga ikki kun qolganda choʼntagingizdan mayda pul qidirmaysiz
Sizda maoshga ikki kun qolganida hatto non va sut xarid qilish uchun pul qolmasligi holati kuzatilmaydi. Ikkita sababi boʼlishi mumkin: yoki siz byudjetni mohirona rejalashtirasiz, yoki pulni sarflaganingizdan koʼra koʼproq ishlab topasiz.
10. Kommunal toʼlovlar, soliq va jarimalarni vaqtida toʼlaysiz
Qarzni toʼlamaganlik boʼyicha toʼlov (penya) – esdan chiqarish va intizomga ega emaslik uchun beriladigan yoqimsiz moliyaviy jazo. Аgar toʼlovlar vaqtida amalga oshirilsa, uni osonlik bilan chetlab oʼtish mumkin. Siz buni bilasiz va xatoga yoʼl qoʼymaysiz.
11. Moliyaviy maqsadlar va ularga erishish rejasiga egasiz
Siz taʼtil, avtomobilь yoki neftь-gaz kompaniyasining aktsiyalari nazorat paketiga pul yigʼib borasiz. Siz inflyatsiyani hisobga olgan holda qancha pul kerakligini aniq bilasiz, maqsadga erishishning aniq muddatini belgilab, jamgʼarib borish grafigi boʼyicha har oy pul yigʼib borasiz. Bunday yondashuv barcha oʼylaganlaringiz amalga oshishiga guvohlik beradi.
12. Narxlarni bilasiz
Siz uchun odatiy boʼlgan mahsulotlar, xoʼjalik mollari va h.k lar qancha turishini bilasiz. Shuning uchun “aktsiya” boʼyicha beriladigan konservalar tomonga qarab “yugurmaysiz”. Ular qoʼshni supermarketda doimiy narxdan ikki baravar arzon boʼlishini bilasiz. Bu doʼkonlarning foydali takliflarini tanlash va ortiqcha pul ishlatmaslikka yordam beradi.
13. Tejashga yordam beradigan ilovalardan foydalanasiz
Moliyaviy muammoni yengillashtirishda qoʼl keladigan zamonaviy ishlanmalarga “koʼz yumish” ahmoqlik. Turli doʼkonlardagi narxlarni taqqoslaydigan va aktsiyalarni kuzatib boradigan turli telegram kanallari va ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar mavjud. Sizga esa bunday moliyaviy tahlil uchun divandan turish ham talab etilmaydi.
14. Doʼstlar, qarindosh va tanishlardan qarz olmaysiz
Mavjud pul hajmiga mos ravishda yashash – pul bilan toʼgʼri muloqot qilishning asosiy tamoyillaridan biridir. Oʼz-oʼzidan, agar kirimingiz yetarli boʼlmasa va kimdandir hayotingizda moliyaviy ishtirok etishini soʼrashga toʼgʼri kelayotgan boʼlsa, moliyaviy rejangizda nimadir notoʼgʼri ketgan.
15. Jamgʼarib borish orqali xarid qilish mumkin boʼlgan narsalarga isteʼmol kreditlari olmaysiz
Foizi juda past kredit vaʼda qilinayotgan boʼlsa ham unga sugʼurta, mahsulotga qoʼshimcha xizmat koʼrsatish yoki sizni koʼproq toʼlashga majbur qiladigan nimadir “biriktirilgan” boʼlishi ehtimoli katta. Koʼplab xaridlar, masalan yangi telefon yoki oʼyin konsoli hayotiy muhim narsa sanalmaydi, biroz sabr qilish va tejab qolish mumkin.
16. Hisoblashni bilasiz
Maktabdagi algebra kursi hech qachon asqotmagan boʼlishi mumkin, biroq matematika darslarida olingan bilim har kuni kerak. Oddiy hisoblashlar mahsulotni qaysi usul – karta orqali yoki aktsiyada sotib olish foydali ekanini tushunish, yoʼl xarajatlari chegirmalaridan keladigan foydadan oshib ketmayotganligini aniqlashda yordam beradi.
17. Sizda kirimni oshirish rejasi mavjud
Tejamay turib ham yashash imkonini beruvchi kirim darajasiga ega boʼlsangiz ham, faqat mana shuning oʼzi bilan chegaralanish samarali emas. Shuning uchun siz yuqori maosh toʼlanadigan mutaxassisga aylanish yoʼllarini izlaysiz: doimiy ravishda oʼqiysiz-oʼrganasiz, foydali aloqalarga ega boʼlasiz, istiqbolli loyihalarda ishtirok etasiz. Bundan tashqari, kirimni oshirish uchun qaysi yoʼnalishda oʼsish kerakligini koʼra olasiz.
18. Sarmoya kiritishga qiziqasiz
Sarmoya kiritish foydali hisoblangan mablagʼga ega boʼlmasangiz-da, depozit, aktsiya, sarmoya va pulni ishga soladigan boshqa usullar bilan qiziqasiz. Bu toʼgʼri yondashuv boʼlib, u sizga kamida inflyatsiya tufayli jamgʼarmalarning bir qismini yoʼqotmaslikka yordam beradi.