Ulugʻ yozuvchilarning durdona kitoblarini oʻqib, ular favqulodda iqtidor egalari boʻlganini his etasiz. Haqiqatan ham bunday ajoyib asarlarni yozish oddiy hodisa emas. Iqtidor ijoddagi birlamchi asosdir. Biroq faqat isteʼdod bilangina qalam tebratib boʻlmaydi. Istalgan ulugʻ adibning tarjimai holi bilan tanishib chiqing. Bir narsani anglaysiz: ular oʻzlarini jiddiy tarbiyalagan. Oʻqigan, izlangan, yozgan, oʻchirgan, yozgan, qayta-qayta yozavergan. Ularga tez-tez ilhom kelib turgan, shuning uchun oson ijod qilishgan degan fikr ham xato. Ilhom juda kamyob narsa va hamisha ham kelavermaydi. Koʻpincha u majburan olib kelinadi. Qanday qilib deysizmi? Bu borada har kimning oʻziga xos uslubi bor. Masalan, buyuk adib Gabriel Garsia Markes “Ishtaha ovqat ustida keladi” degan maqolga amal qilgan. Ilhom, yaʼni yozish istagi bor-yoʻqligidan qatʼi nazar ishlashga oʻtirgan. Oʻzini fikrlashga, oʻylashga, tassavvur etishga yoʻnaltirgan va kutilgan natijaga erishgan.
Quyida ayrim yozuvchi-shoirlarning ijod uslubi, turmush tarzi haqida soʻz boradi. Agar siz ham qalam ahlidan boʻlsangiz, yanada diqqatliroq boʻling. Umuman, qaysi soha vakili boʻlishingizdan qatʼi nazar, agar ijodkorlik qobiliyatingiz kuchli boʻlsa, sohangizning yetakchi mutaxassislaridan biriga aylanasiz. Xullas, eʼtiborni susaytirmang. Balki bu usul va tartiblar sizga ham foyda berib qolar.
Fridrix Shiller (1759–1805)ning oʻta gʻaroyib odati boʻlgan. Shoirning ish stolidagi tortmada chirigan olma turmasa, unga ilhom kelmagan! Shillerning doʻsti, mshhur adib Gyote shunday hikoya qiladi: “Bir kuni Fridrixni koʻrgani bordim. Lekin u qayoqqadir chiqqan ekan, xotini uning xonasida kutib turishimni soʻradi. Oʻrindiqqa choʻkdim, tirsagimni stolga tirab oʻrnashib oldim. Birdan koʻnglim behuzur boʻldi. Toza havodan nafas olay deb ochiq deraza oldiga bordim. Boshida bu holatning sababini anglolmadim, keyinroq gap nimadaligini bilib oldim. Shillerning stolidagi qutida oʻn ikkita chirik olma turardi! Xizmatkorlarni chaqirib oldirib tashlamoqchi edim, lekin olmalar qutiga atay solinganini, shunday qilinmasa, xoʻjayin ishlay olmasligini aytishdi. Fridrix kelganida, shu haqda aytgandim, u hammasini tasdiqladi!”
Aleksandr Pushkin (1799–1837) daftar yoki qogʻoz hoshiyasiga har xil aji-buji xatlar yozishni xush koʻrgan. Ish paytida limonad ichmasa turolmagan. “Baʼzan kechasi yozadigan boʻlsa, butun tunga yetarli limonad olib chiqib berardim”, deb eslaydi shoirning uy xizmatkori Nikifor Fedorov.
Aleksandr Dyuma (1802–1870) fransuztilli yozuvchilar ichida dunyo boʻyicha eng koʻp oʻquvchiga ega adiblardan biridir. “Graf Monte Kristo”, “Uch mushketyor” singari sarguzasht asarlari bilan dunyoga mashhur adib juda gʻalati odatga amal qilgan. U har kuni soat yettida Gʻalaba arkasi ostida olma yegan. Bir qarashda oʻta mantiqsiz koʻrinidigan ushbu mashgʻulotning tashkilotchisi Dyumaning shaxsiy doʻxtiri edi. Bu tadbirga yozuvchining tartibsiz hayoti sabab boʻlgan. U nosogʻlom turmush tarzi tufayli uyqusizlik dardiga chalingandi. Ertalab soat oltida turib, yettigacha arka yoniga yetib borish va u yerda olma yeyish uchun Dyuma ertaroq yotishi, kun tartibiga rioya etishi kerak edi.
Nikolay Gogol (1809–1852) tik turib yozgan. Memuarchi Pavel Annenkov esdaliklarida ulugʻ yozuvchi “kontorka” deb ataladigan baland stolda ishlaganini taʼkidlaydi. Aslida, bu noyob holat emas. Virjiniya Vulf, Ernest Heminguey va Tomas Vulf kabi ijodkorlar tik holda yozgani maʼlum. Biroq Gogol shaxsiga qiziqish kuchli boʻlgani, u haqida har xil mishmishlar toʻqilgani sabab bu holatga ham gʻayrioddiy hol sifatida qaralgan, turli maʼnolar yuklangan.
Charlz Dikkens (1812–1870) 15 ta roman yozgan. Ularning aksariyati 800 betdan ortiq. Bundan tashqari juda koʻp pyesa, hikoya va xatlarni ham qogʻozga tushirgan ushbu sermahsul adib qatʼiy kun tartibi va odatlarga ega boʻlgan. Turli odamlar va turmush tashvishlaridan himoyalanish uchun xonasiga ikkinchi eshik oʻrnatgan. Qalam, siyohdon va qogʻoz stolga toʻkis tartibda joylashtirilgan. Yangi uzilgan gullar va bronza haykalchlar ham stoldan oʻrin olgan.
Yozuvchi qatʼiy ish vaqtiga amal qilgan. Oʻgʻlining eslashicha, Dikkens tartibga boʻysunish borasida har qanday idora xodimidan yaxshiroq boʻlgan. U ertalab 7 da turib, yuvinib-tarangach, nonushta qilgan. Roppa-rosa 9 da ishga kirishgan va kunduzgi 2 gacha ishlagan. Orada oila bilan birga tushlik qilib olgan. Biroq u hardamxayol ovqatlangan, ish haqidagi oʻylarga koʻmilib, birov bilan suhbatlashmagan. Qisqa tushlikdan soʻng yana xonasiga chopgan va ishni davom ettirgan. Rejaga koʻra, har kuni 2000 ta soʻz yozgan. Agar ish unib qolsa, toʻxtamagan, 4000 tagacha soʻzni qogʻozga tushirgan. Kayfiyat boʻlmay, biror satr ham qoralay olmagan kunlari qatʼiyat yuzasidan ish stolida oʻtiravergan.
Soat 14: 00 da xonasidan chiqib, uch soatlik sayrga joʻnagan. London va uning atroflarini kezish jarayonida yangi boʻlim yoki yangi kitob haqida bosh qotirgan. Aylanish yozuvchiga kuch-quvvat, bardamlik baxsh etgan. Soat 18: 00 da oila bilan, baʼzan mehmonlar davrasida kechlik qilgan. Tun yarimlamay, uyquga yotgan.
Lev Tolstoy (1828–1910) ish jarayonida odamoviga aylanardi. Ertalab ancha kech – toʻqqizlarga yaqin uygʻonar, yuvinib, kiyinib, soqollarini tartibga keltirmagunicha birov bilan gaplashmasdi. Qahva va bir juft chala pishgan tuxum bilan nonushta qilgach, tushlikkacha ish xonasiga qamalib olardi. Baʼzida bu xonada yozuvchining xotini Sofya Andreevna ham jimgina oʻtirar, agar “Urush va tinchlik”ning biror bobini qayta yozish yoki navbatdagi bobni eshitish zarur boʻlib qolsa, uning xizmatidan foydalanilardi. Tushlikdan oldin Tolstoy sayrga otlanardi. Aylanishdan yaxshi kayfiyatda qaytsa, taassurotlari bilan oʻrtoqlashar yoki bolalarni oʻynatardi. Mabodo aksi boʻlsa, kitob oʻqir, qarta oʻynar yoki mehmonlar bilan suhbatlashardi.
Gyustav Flober (1821–1880) “Bovari xonim” asarini besh yil mobaynida yozgan. Ish juda sekin va ogʻir kechgan: “Bovari” oldinga siljimayapti. Bir haftada ikki sahifa qogʻozga tushadi, xolos! Tushkunlikdan boshingni toshlarga urging keladi”, deb eslagan edi yozuvchi.
Flober toʻqqizda uygʻonar, hali oʻrnidan turmasidan xatlar va gazetalarni oʻqir, onasi bilan suhbatlashib oʻtirardi. Soʻng vannaga tushar, nonushta va tushlikni bir qilib ovqatlanar va sayrga otlanardi. Bir soat davomida jiyaniga tarix va geografiyadan saboq berar, soʻng kresloga mustahkam oʻrnashib olib, kechki yettiga qadar mutolaa qilardi. Kechlikdan soʻng onasi bilan gurunglashar, vaqt allamahal boʻlgachgina yozishga oʻtirar edi. “Ish – hayotdan uzilishning eng yaxshi usuli”, deb qayd qilgan edi yozuvchi. Haqiqatan ham, u borliq olamdan uzilib, rohatlanib ishlardi.
Mark Tven (1835–1910) “Tom Soyerning sarguzashtlari” asarini fermada yozgan. Bu yerda uning maxsus ish xonasi boʻlgan. Derazalarni ochib, qogʻozlar ustiga gʻisht bostirib qoʻyib ishlagan. Xonasiga yaqinlashish uchun hech kimga ruxsat bermagan. Agar yozuvchi uydagilarga juda zarur boʻlib qolsa, karnay chalib chaqirishardi. Adib yozganlarini oqshom payti yaqinlariga oʻqib berardi.
Tinimsiz chekar, shu sababli u kirib chiqqan xonani albatta shamollatish zarur boʻlardi. Ishlagan paytlarida uyqusi tamom qochib ketardi. Yozuvchi hayotdagi har qanday voqeadan zavqlanishga odatlangandi.
Anton Chexov (1860–1904) ijodining ilk bosqichida hajviy asarlarini tez qogʻozga tushirgan, xolos. Keyingi yillarda juda sekinlik bilan, oʻylab, har bir jumlani tanlab-saralab yozgan. Garchi bu taxlit ishlasa-da, uning ijodiy faoliyatida biror-bir sirlilik yoʻq edi. U pardalari tushirilgan, eshiklari qattiq berkitilgan tinchgina xonaga muhtoj boʻlmagan. Baquvvat ichki ijodiy kuchga ega boʻlgan Chexov boʻlajak asarlarining syujetlarini qalamkash doʻstlariga ham aytib beravergan.
Yozuvchi Aleksandr Lazarev (taxallusi A. Gruzinskiy; 1861–1927) eslashicha, “Peteburg gazetasi” uchun bir necha hikoyalarni, “Dasht” qissasining bir necha sahifalarini Chexov aynan u bor paytda qogʻozga tushirgan.
“Bir safar Chexovnikidaligimda yupqa daftarchaga koʻzim tushdi, – deb eslaydi A. Lazarev.
– Bu nima? – deb soʻradim.
– Qayd daftari. Siz ham shunaqa daftar tuting. Qiziqsangiz, koʻrib chiqishingiz mumkin, – deb javob berdi Chexov.
Bu yozuvchi doim yuritadigan daftarchalardan biri edi. Hajmi juda kichkina, yozuv qogʻozidan qoʻlbola tayyorlangandi. Unga Chexovning xayoliga kelib qolgan mavzular, nodir fikrlar, hikmatlar mayda harflar bilan yozib qoʻyilgandi. Bitta qayd malla kuchukning akillashi haqida edi: “Barcha malla kuchuklar tenor ovozda huradi”. Bu gapni koʻp oʻtmay “Dasht”ning soʻnggi sahifalarida uchratdim”.
Moris Materlink (1862–1949) – belgiyalik yozuvchi va dramaturg. 1911 yili Nobel mukofoti sovrindori boʻlgan ushbu fransuztilli yozuvchi ilhom yoki ijodiy kayfiyat bor-yoʻqligidan qatʼi nazar yozishga oʻtirgan. Har kuni ertalab uch soatdan ishlagan. Yozsa-yozmasa shu vaqt oraligʻida ish stolida oʻtirishni odat qilgan. Baʼzi kunlari hech narsa qilmay, shunchaki tamaki chekib ham oʻtiravergan. Shu sababli ham 1927–1942 yillar oraligʻida uning 12 jildlik asarlar toʻplami dunyo yuzini koʻrgan.
Marsel Prust (1871–1922) “Yoʻqotilgan vaqtni izlab” romanini salkam oʻn toʻrt yil yozgan. Bu vaqt davomida u bir yarim million soʻzni qogʻozga tushirgan. Ishga butun diqqatini jamlash niyatida yozuvchi jamiyatdan butkul uzoqlashgan va yotoqxonasidan deyarli chiqmagan. U asosan kechasi ishlagan, kunduzlari uch yoki toʻrt soat uxlab olgan. Uyqudan turgach, koʻksov kasaliga qarshi kukun chekib olgan. Nonushtaga deyarli hech narsa yemagan, sutli qahvayu ozgina shirinlik bilan qanoatlangan. Adib toʻshakka oʻtirib, tizzasiga daftar va boshiga yostiq qoʻyib yozishga kirishgan. Uxlab qolmaslik uchun kofein xapdorilaridan ichib turgan, uxlash vaqti boʻlganda esa uyqudori ichgan. Yozuvchi bunday turmush tarzini atay tanlagan, u jismoniy azoblar sanʼatda yuksak choʻqqilarga olib chiqadi deb hisoblagan.
Somerset Moem (1874–1965) 92 yillik umri davomida 78 ta kitob yozdi. Yozuvchining biografi soʻzlariga koʻra, adib qiziqishi sababli emas, yozishga oʻrganib qolganidan qalam tebratgan. Moemning oʻzi ham bir oʻrinda yozish kasalini ichkilikka berilishga qiyoslagan edi: “Ikkalasiga ham oson chalinish mumkin, lekin qutulish ogʻir”. Adib har kuni bir yarim mingta soʻzni qogʻozga tushirardi. “Yozayotganingda, qahramon yaratayotganingda u hamisha sen bilan boʻladi, sen u bilan mashgʻulsan, u nafas oladi, yashaydi”, degan gaplarni aytgandi yozuvchi ijod jarayoni haqida. Yozishga oʻrganib qolgan bu adib ishdan toʻxtagan paytlari oʻzini juda yolgʻiz his etardi.
Gertruda Stayn (1874–1946) bir kunda bor-yoʻgʻi bir yarim soat ishlagan, xolos. Biroq toʻxtalishlarsiz, har kuni ishlagan. Taniqli adib va adabiyotshunos boʻlgan bu ayolning gʻalati ijod uslubi bor edi. Dugonasi bilan adirga borib joylashar, sherigi uning koʻzi tushadigan yerga sigir haydab kelardi. Manzara va sigirdan zavq olgan Stayn oʻy-fikrlarini qogʻozga toʻka boshlardi. Agar biror sigir unga ilhom bera olmasa, boshqa joy va boshqa sigir qidirilardi.
Jeyms Joys (1882–1941) oʻzi haqida: “Odamning yaxshi fazilatlari kam, u ichkilik va hafsalasizlikka moyil boʻladi”, deb yozgandi. Yozuvchi hech qanday tartib-qoidaga amal qilmagan. U toʻqqizgacha uxlashga odatlangan edi. Ingliz tilidan dars berish va pianino chalishdan pul topar, tinimsiz qarz olar, pulini soʻragan kreditorlarni siyosat bilan qoʻrqitib kun koʻrardi. “Uliss”ni yozish uchun unga yetti yil kerak boʻldi. Bu davrda u sakkiz kasallikni boshdan kechirdi, Shveysariya, Italiya va Fransiyaga oʻn sakkiz marta safar qildi. Tanaffuslar bilan oʻtgan ijod jarayonida u yigirma ming soatini ishlashga sarfladi.
Agata Kristi (1890–1976) garchi oʻnlab kitoblari nashr etilgan boʻlsa-da, soʻrovnomalarda “kasb-koringiz” degan joyga “uy bekasi” deb qayd etgan. Aslida ham uning asosiy ishi uy-roʻzgʻor yumushlari boʻlgan. Uning alohida ish xonasi, yozuv stoli boʻlmagan. Yotoqxonadagi yoki oshxonadagi stoldan foydalangan. Koʻpincha yumushlar oraligʻida, qoʻli boʻshaganda ijod qilgan. “Yozishni boshlash koʻpincha oʻngʻaysiz boʻlardi. Lekin bir ilojini qilib boshlasam, birov xalal bermasligi uchun eshikni yopib olsam, dunyoni unutib, ijodga shoʻngʻirdim”, deb xotirlagan edi yozuvchi esdaliklarida.
Genri Miller (1891–1980) 1932 yili “Qisqichbaqa tropigi” romanini yozish chogʻida shunday kun tartibi ishlab chiqqan:
Tong:
“Agar kayfiyat boʻlmasa, qaydlar yoz, ularni tartibga sol. Boshqa har qanday vaziyatda ishga kirish”
Kun:
“Kitobning biror-bir bobi ustida ishla. Chalgʻima. Bitta bobni tugatmay, boshqa bobga oʻtma”.
Oqshom:
“Doʻstlar bilan uchrash, mutolaa qil. Shaharning notanish joylariga bor. Agar havo yaxshi boʻlsa, velosipedda. Yogʻingarchilik boʻlsa, yayov. Kayfiyat koʻtarsa, yoz. Charchoq yoki ongingda boʻshlik sezsang, u-bu narsa chiz”.
Eslatma:
“Kunduzi muzeylarga borish, xomaki ish rejalar tuzish, velosipedda sayr qilishga ozgina vaqt qoldir. Xomaki rejalarni kafeda, poyezdda, koʻchada – hamma joyda tuzaver. Filmlarni kamroq koʻr! Haftada bir marta kutubxonaga bor”.
Ushbu tartibga rioya qilgan Genri Miller yuzga yaqin asar yozdi.
Frensis Skott Fitsjerald (1896–1940) ilk romani – “Narigi tomonda” asarini tayyorlov lagerida qogʻozga tushirgan. Xizmatdan boʻsh vaqtlarida turli qiyqim qogʻozlarga yozgan. Biroq ichkilik uning ijodiy faoliyatiga jiddiy xalal bergan. “Ichkilik sababli tahrirda nozik idrok va mulohaza yoʻqoladi”, deb yozgʻirgandi u noshiriga yozgan xatlaridan birida.
Ernest Xeminguey (1899–1961) butun umr erta turish odatini tark etmadi. Hatto oʻlgudek maishat qilgan boʻlsa ham, ertalabki oltidan kech turmagan. Koʻp uxlolmagan boʻlsa-da, oʻzini tetik va bardam his etgan. Koʻpincha tokcha oldida tik turib tushgacha ishlagan. Tokchada yozuv mashinkasi turar, uning yonidagi maxsus taxtachada qogʻozlar taxlab, “gʻaram” qilib qoʻyilgan boʻlardi. U qalamda yozardi. Barcha qogʻozlarni toʻldirgach, mashinkada oqlamaga koʻchirardi.
Adib har kuni yozgan soʻzlarini hisoblar, alohida jadvalga qayd etib borardi. “Oʻy-fikrini qogʻozga toʻkib olgan yozuvchi sevgani bilan yaqinlik qilgan kishiga oʻxshab boʻshash hissini, shu bilan birga qoniqish-koʻngli toʻlish hissini tuyadi”, degan edi Xeminguey suhbatlaridan birida.
Jorj Oruell (1903–1950) ertalab barakali ishlagan. Ijodining ilk davrlarida qalamhaqi tirikchiligiga yetmaydi, shu sababli ishlashga majbur boʻladi. Dastlab oʻqituvchilik qiladi. Biroq bu kasb undan koʻp vaqt va kuch talab qilar, adabiy muhitga kirish ilinjini tobora yoʻqqa chiqarardi. Unga xolasi ajoyib bir ish topib beradi – yosh yozuvchi eski kitoblar doʻkonida sotuvchilik qila boshlaydi. U ertalab bir soat – 8: 45 dan 9: 45 gacha doʻkonda boʻlardi. 10 da uyiga qaytib kelar, ijod bilan shugʻullanardi. Soat 14: 00 da ikkinchi galga ishga borar, 18: 30 gacha ishlardi. Xullas, ish unadigan vaqtning asosiy qismi ijodga, qolgan vaqt kitobsevarlarga ajratilardi.
Jan-Pol Sartr (1905–1980) esa tongda uch soat va kechasi uch soat ishlagan. Qolgan paytlari turli tashvishlar bilan ovora boʻlar, ichkilik va chekimliklar ham uning doimiy kun tartibiga kiritilgandi. Yozuvchining biografi maʼlumotlariga koʻra, Sartrning kundalik menyusiga ikki quti sigaret, bir nechta qora tabaka trubkasi, bir litrdan oshiqroq ichimlik, 200 milligramm tinchlantiruvchi xapdori, choy, qahva va yogʻli ovqatlar kirgan. Hordiqsiz ishlash va nosogʻlom turmush tarzi uning sogʻligiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi.
Jorj Simenon (1903–1989) yigirmanchi asrning eng sermahsul yozuvchilaridan biri hisoblanadi. U 425 ta kitob yozdi! Ularning 200 tasi koʻcha romani, yaʼni saviyasi baland boʻlmagan asarlardan edi. Shu bois u bu kitoblarni taxallus bilan eʼlon qildi. Qolgan 220 tasini oʻz nomidan chop ettirdi. Adib kun tartibiga rioya qilmagan. Odatda ikki-uch haftalik toʻxtalishlar bilan ertalab oltidan toʻqqizgacha ishlar, bir oʻtirishda sakson sahifani toʻldirardi. Soʻng sayr qilar, qahva ichar, uxlar, televizor koʻrardi. Bitta romanni yozib tugatmagunicha kiyimini almashtirmas, asab tinchlantiruvchi xapdorilardan foydalanar, yozganlarini hech qachon tahrir qilmas va ijodiy ishinining hajmini ishdan oldin va ishdan keyin tarozida oʻlchab hisoblar edi.
Ayzek Azimov (1920–1992) har kuni soat oltida turgan, yetti yarimda yozishga oʻtirib, kechgacha tinmay ishlagan. Koʻpincha butun hafta davomida shu tartibda, dam olish kunisiz ter toʻkkan. Shu sababli baʼzida butun boshli kitobni bir necha kun ichida yozib tugatgan. Yozuvchi bunday kun tartibiga yoshligidayoq odatlangan. Uning otasi Bruklindagi shirinlik doʻkonlari tarmogʻiga egalik qilar, doʻkonlar haftada yetti kun ertalabki oltidan kechqurungi birgacha ishlardi. Ayzek olti yoshidan yigirma ikki yoshigacha otasining shirinlik doʻkonida ishladi. U doʻkonni har kuni oltida ochar, keyin buyurtmalarni tarqatgani chiqib ketardi. Oʻqishdan soʻng doʻkonga chopar, mabodo kech qolsa, “Tanbal!” degan dakki eshitardi. Maktabni tugatganidan keyin ham otasiga yordam berishda davom etdi. U doʻkonni har kuni tungi birda yopar, hech qanday dam olish kuni yoʻq edi. Ilmiy-fantastik asarlar ustasi ellik yildan soʻng shunday soʻzlarni yozdi: “Xoʻrozsoatim bor, lekin uni qichqirishga moslab qoʻymayman. Shunga qaramay har kuni roppa-rosa oltida turaman. Bu bilan esa faxrlanaman. Tanbal emasligimni shu paytgacha otamga isbotlab kelyapman”.
Otasi oʻrnatgan doʻkon tartibi yozuvchining keyingi hayotida ham saqlanib qoldi. U dam olish va bayram kunlari, hatto kasalxonada davolangan paytlarida ham yozishdan toʻxtamagan.
Rey Bredberi (1920–2012) ilmiy fantastika janrining klassigi sanaladi. U intervyularidan birida ish jarayoni haqida shunday fikrlarni aytadi: “Uyqudan turgan zahotim yozuv mashinkasiga chopaman. Chunki hayotimning eng katta zavq-ishtiyoqi – shu. Stolga oʻtiramanu yozishga tushaman, nonushtagacha tinmayman. Baʼzi voqealar qogʻozga tushishni istaydi, meni oʻziga bogʻlab oladi. Mana shu xohish bor ekan, yozishdan toʻxtamayman, chunki menda ish rejasi degan narsa yoʻq.
Istagan joyda – yotoqda ham, mehmonxonada ham ishlayveraman. Los Anjelesda ota-onam bilan kichkina uyda turganimizda oshxonada yozardim. Radioning bor ovozda baqirayotgani, ota-onam va ukamning tinmay suhbatlashayotgani ham menga xalal bermasdi.
Keyinroq, “Farengeyt boʻyicha 451 daraja”ni yozganimda kutubxonaga borib, ijaraga yozuv mashinkasi olganman. Oʻn sent evaziga bir yarim soat bemalol ishlash imkonini qoʻlga kiritardim”.
Rey Bredberi vaqtini behuda sarflamagani aniq. Shu sababli ham u zamonamizning eng sermahsul yozuvchilaridan biriga aylandi.
Gabriel Garsia Markes (1927–2014) ichki erkinlik bilan yashovchi, koʻngil istagiga qarab harakatlanuvchi adib edi. Ajoyib kunlarning birida yozuvchi oilasi bilan Meksikaning Gerrero shtatidagi Akapulko shahriga taʼtilga boradi. Gerrerodagi togʻlarni koʻrib hayqirib yuboradi: “Men oʻzim istagan ohangni, yoʻsinni topdim! Buvim aytib bergan gʻaroyib, aql bovar qilmas ertaklar singari zoʻr voqealarni qogʻozga tushiraman”. U shunday deb “Opel”ini ortga buradi va Mexikoga qaytib “Yolgʻizlikning yuz yili”ni yozishga kirishadi. Keyinchalik Amerikaning “Esquire” jurnaliga bergan intervyusida Markes mashinasi va boshqa moddiy boyliklarini garovga qoʻyishga majbur boʻlganini aytadi. Chunki oziq-ovqat va roʻzgʻordagi ehtiyojlarga pul kerak edi. U barcha pulni xotini Mersedesga beradi va evaziga tinchlik-xotirjamlik soʻraydi.
Yozuvchi roman ustida ertadan kechgacha ishlaydi. Oʻn sakkiz oy davom etgan qattiq mehnatdan soʻng “Yolgʻizlikning yuz yili” tayyor boʻladi. Biroq uni Argentinadagi nashriyotga joʻnatish uchun Markesda mayda pul ham qolmagan edi. Boʻlgʻusi Nobel mukofoti laureati xotinining shaxsiy buyumlarini garovga qoʻyadi va asarni noshirga joʻnatadi. Roman yaxshi qabul qilinadi va misli koʻrilmagan shuhrat qozonadi. Bu voqea lotincha “audentes fortuna juvat” – jurʼatlilarni taqdir ham qoʻllaydi degan maqolni eslatadi. Buyuk yozuvchida jurʼatdan tashqari qatʼiy ishonch va iroda ham bor edi.
Xaruki Murakami (1949 yili tugʻilgan) ertalab soat toʻrtda turadi va olti soat tinimsiz ishlaydi. Ishdan soʻng yuguradi, suzishga boradi, oʻqiydi, musiqa eshitadi. Kechqurun toʻqqizda uyquga yotadi. Murakami takrorlanuvchi kun tartibi ijodiy kayfiyatga oson kirish imkonini beradi deb hisoblaydi. Qachonlardir u tinimsiz oʻtirib ishlar, shu sababli semirib, har kuni uch quti sigaret chekishga oʻrganib qolgandi. Bu holdan zerikkan yozuvchi qishloqqa koʻchib keldi, baliq va meva yeb kun kechira boshladi. Chekishni tashladi va mana yigirma besh yildan koʻproq vaqtdan buyon yugurish bilan shugʻullanadi. Yagona yetishmovchilik – muloqot. Kun tartibiga qatʼiy amal qilish uchun u har qanday taklifga rad javobini beradi, shu sababli doʻstlari undan doim ranjiydi. “Oʻquvchiga kun tartibim qandayligining sariq chaqalik ahamiyati yoʻq. Unga keyingi kitobim oldingisidan qiziqarliroq boʻlgani muhim”, deydi yozuvchi.
Jonatan Franzen (1959 yili tugʻilgan) ijodiy ishdagi chidami bilan ham tarixda qolishga arziydi. Unga dunyo miqyosida shuhrat keltirgan “Tuzatish” romanining yaratilishi haqidagi maʼlumotlar bu fikrni tasdiqlaydi. Zahmatkash adib 1990-yillarning oxirida boʻlajak kitobining syujetini shakllantirish, mavzusi va mohiyatini aniqlash maqsadida devorlari tovush oʻtkazmaydigan bir uyga qamaladi. Pardalarni tushirib, qulogʻiga paxta tiqadi, koʻziga boylogʻich taqib, qoʻliga noutbuk oladi – sukunat va qorongʻulik qoʻynida ilhom kelishini kutadi. Bu xildagi dunyodan uzilish asabiy zoʻriqish va uyqusizlikka olib keladi, katta zavqt va hayajon chuqur umidsizlikka aylanadi. Biroq ijodkor baribir niyatiga yetadi. “Tuzatish” iztiroblar ichida tugʻiladi, shu sababli ham romanda azob-uqubat ranglari koʻproq.
Roman bosilib chiqqach, bestsellerga aylandi. Franzen shu asar uchun “National Book Award” (“Milliy kitob mukofoti”) sovrindori boʻldi.
Albatta, har bir inson alohida dunyo. Birov jondan yaxshi koʻrgan narsani siz yoqtirmasligingiz mumkin. Biroq koʻpchilikka xos umumiy xususiyatlar ham boʻladi. Yuqorida hayot tarzi bilan tanishgan yozuvchilarimizni birlashtiruvchi bitta jihatga eʼtibor bergan boʻlsangiz kerak: ularning aksariyati yozishga jiddiy eʼtibor bergan. Deyarli har kuni yozgan. Siz shunday qila olasizmi? Bir ustozim Lev Tolstoyning ajoyib odatini bot-bot aytib turardi. Buyuk yozuvchi agar biror kun yozolmasa, hech qursa “Bugun men hech narsa yoza olmadim”, deb qogʻoz qoralab qoʻyarkan. Futbol sharhlarida “U hozir sport formasida”, “U sport formasini hali yaxshi tiklab ololgani yoʻq” singari iboralarni eshitib qolamiz. Biror jarohat olgan yoki shugʻullanishni susaytirgan sportchi oʻz formasini yoʻqotib qoʻyadi, yaʼni oldingiday yaxshi oʻynolmaydi. Har kuni turnikda yigirmatadan tortiladigan yigit bir hafta kasal boʻlib yoki ishga chalgʻib tortilmasa, keyin qiynaladi, oʻzini oʻnglab olishi qiyin kechadi. Yozuvchilik ham xuddi shunday: muntazam shugʻullanishni, oʻqib-oʻrganib, ong-tasavvur “mushak”larini chiniqtirib borishni talab etadi. Shu bilan birga sogʻlom turmush tarziga amal qilish, soddaroq aytadigan boʻlsak, sport bilan shugʻullanish, hayotdan uzilmaslik, jismoniy mehnat bilan ham shugʻullanib turish, ochiq havodagi sayrlarga chiqish ishlash kayfiyatini uygʻotadigan, odamdagi asabiy zoʻriqishlarni kamaytiradigan muhim jihatlardir. Ana shu narsalar kundalik turmushingizga kirsa, ishingizga unum qoʻshilishi aniq.
Orif Tolib
oriftolib.uz
“Kitob dunyosi” gazetasining 2015 yil 16 – 21-sonlarida chop etilgan.