Amerikani kim ochgan?
“Yangi dunyo” deb nom berilgan Amerika qitʼasining kashf etilish tarixi juda koʻp chigalliklarga, bahslarga sabab boʻlgan. Masalan, buyuk vatandoshimiz Beruniy gʻarb tomonda qandaydir nomaʼlum yer borligini bashorat qilgan, biroq olim u yerda boʻlmagan, maʼlumoti isbotlanmay qolgan.
Zamonaviy jugʻrofiya fani Amerika qitʼasini Xristofor Kolumb kashf etganini tan oladi. Lekin undan oldin bu yerga musulmon tadqiqotchilar kelgan.
Musulmonlar Amerikaga toʻrtta sabab bilan: ilk marta – tadqiqotchi boʻlib; keyin ispan inkvizitsiyasidan qutulish uchun; Afrika bosib olinishi paytida va nihoyat oʻtgan asrning 70-yillarida avj olgan muhojirlik davrida kelganlar. Birinchi oʻrinda tilga olingan sababdan boshqalari tarixiy dalillarga ega. Ammo Kolumbdan 180 yil burun Amerikaga musulmon tadqiqotchilar kelgani koʻpchilik uchun yangilik.
1312 yili Mali va Gʻarbiy Afrikaning boshqa hududlaridan safarga otlangan musulmonlar Meksika koʻrfazi qirgʻoqlariga yetib keladi. Ular Amerikani oʻrganish uchun Missisipi daryosi boʻylab sayohatga chiqadilar.
1492 yili Yangi dunyoga qadam qoʻygan Xristofor Kolumb XIII asrda yashab oʻtgan arab olimi Abu Abdulloh Sharif Idrisiyning jugʻrofiy kashfiyotlaridan koʻp taʼsirlangan edi. Idrisiy Sitsiliya qiroli Rojer Ikkinchining maslahatchisi boʻlgan. Kolumbda shu olimning kitobi nusxasi boʻlib, unda sakkiz nafar musulmon yangi qitʼa ochgani haqida eslatib oʻtilgandi. Kolumb kemasida ham musulmonlar bor edi, ular asosan tarjimonlik qilardi.
Kolumbning birinchi sayohatida unga ajdodlari musulmon ikki kapitan – Martin Alonso Pinzon va Visent Yaneks Pinzon sherik boʻladi. Bu badavlat odamlar Kolumb kemasini kerakli asbob-uskuna bilan taʼminlash va taʼmirlashga koʻmak beradilar. Pinzonlar oilasi Mariniylar sulolasiga mansub Marokash qiroli Abuzayan Muhammad Uchinchiga urugʻ boʻlardi.
1492 yil 21 oktyabr kuni Kolumb esdalik daftariga Kuba shimoli-sharqidagi Gibar orollariga yaqin borishganida, yuksak togʻlar tepasida qurilgan masjidga koʻzi tushganini qayd etadi. Keyinchalik Kuba, Meksika, Texas va Nevada devorlariga Qurʼon oyatlari naqshlangan masjid va minora xarobalari topiladi.
Doktor Barri Fell “Amerika haqida afsona” kitobida yozishicha, Arizona shtatidagi Pima okrugi janubi-gʻarbida yashovchi aholida oʻzagi arabcha soʻzlar lugʻati bor. Kaliforniyadagi qoyaga esa arabcha yozuvda “Iso ibn Maryam” deb bitilgan. Nevada, Kolorado va Nyu Meksikada madrasalar xarobasi topilgan.
Orif Tolib
oriftolib.uz
2011
“Hidoyat” jurnalining 2011 yil oktyabr sonida chop etilgan.