Beverlee haqida malumot

Jamoat transportida kelayotib, ikki ayolning baland ovozda aytayotgan so‘zlari boshqalar kabi mening ham e’tiborimni tortdi.

Yoshi ulug‘roq ayol yonidagi suhbatdoshiga «Albatta keling, yaqin odamingiz, mehribonlaringiz bilan. Negaki, bizda insonni barcha kasaldan himoya qiluvchi va davolovchi dori vositasi bor. Bu kalsilarni xarid qilsangiz, a’zo bo‘lasiz. U ming bir dardga davo. Birga olib kelganlaringiz dori olishsa, bu ham sizga foyda. Ham sog‘lom bo‘lasiz, ham ortingizdan kelganlarni pulidan foiz olasiz”.

Uning gaplarini eshitib, «rosa aldadi-da, soddadil ayolni» degan fikrda avtobusdan tushib ketdim.

Yaqinda institutda tahsil olayotgan qizim: kursdoshlari dori ishlab chiqaradigan kompaniyaga a’zo bo‘lgani, bittasi 80 ming, boshqasi 120 ming maosh olgani, yaqinlariga dori olib berishgani, ular olti oy bu dorini tartib bilan iste’mol qilsa, barcha darddan forig‘ bo‘lishiga ishonayotgani, o‘zi ham shu kompaniyaga qiziqayotgani haqida aytib qoldi. Bunday da’vatlardan uzoq yurishni ta’kidlab, bu mavzuga qaytmaslikni tayinladim.

Qizimga to‘liq tushuntirish berish uchun internetdan ba’zi ma’lumotlarni topdim. Jumladan, ayni vaqtda «BEVERLee Businees” mas’uliyati cheklangan jamiyati chetdan olib kelayotgan marjon (korall) kalsiy biologik faol qo‘shimchasi haqida har xil shov-shuvli ma’lumotlar, xususan, u 211 turdagi dardga shifo bo‘lishi, onkologik, bepushtlik, insult kasalliklarda ham yaxshi samara berishi haqida ham bildim.

Haqiqatdan ular ming dardga davom bo‘lsa, dunyo hamjamiyati bong urib, insoniyatni davosiz kasalliklardan qutqarmaydimi?

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va olimlar nega jim? Bu savollarga «Yoshlar” telekanali xodimlari bilan birga javob izladik.

Mutaxassislarning aytishicha, korall kalsiysi dunyoda eng ko‘p tarqalgan bo‘lib, dengizda toshga aylangan marjondan olinadi va uning minerallar tarkibi oddiy kalsiyga qaraganda biroz boyroq bo‘lar ekan.

Korall kalsiy biologik faol qo‘shimchasi narxi dorixonalarimizda sotilayotgan kalsiy preparatidan juda ham qimmat, samaradorlik borasida esa amaldagi tibbiy preparatlardan farq qilmaydi.

Buni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti laboratoriyasida o‘tkazilgan tadqiqot ham isbotladi.


TARKIBI BIR XIL NARXLARI HAR XIL

Rustam Ashurov, mazkur institut ilmiy xodimi:

— Bizga aholi ikkita dori vositasi bor, shularni bir-biridan farqini bilib bera olasizlarmi, degan savollar bilan tez-tez murojaat qilishadi. Buning imkoniyati bo‘lgani uchun doim tekshirib beramiz. Bu ikkala kalsiyning asosini tekshirish uchun «Beverli” kompaniyasining tarmoqli marketing orqali sotayotgan kalsiy tabletkasi va undan ancha arzon bo‘lgan dorixonalardagi kalsiy tabletkasini solishtirib,maxsus tadqiqot o‘tkazdik. Bunda kukun ko‘rinishiga keltirilgan kalsidan bir xil miqdorda ikkita namuna tayyorlab, kombinatsion sochilishni o‘tkazdik. Bu usul juda aniq bo‘lib, moddalarning barmoq izidek aniqlikda aytib beradi. Tadqiqotda ikkala namunaning asosi bir xil ekanligi aniqlandi. Uni yuz foiz organik deb bo‘lmaydi. Chunki marjonni dengiz tubidan olib chiqqandan keyin ishlov berish kerak bo‘ladi.

Baxtiyor Shaislomov, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmakologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor:

– Har bir dori vositasi tibbiyot xodimi nazoratida tavsiya qilinishi kerak. Chunki har birini o‘zini ko‘rsatkichlari va me’yorlari bor. Qancha vaqt va qanday tartibda ichish, uning nojo‘ya ta’sirlari e’tiborga olinadi. O‘zboshimchalik to‘g‘ri emas. Misol uchun, yurak xastaligi bor inson kalsini ko‘p iste’mol qilsa, turli asoratlar yurak ritmini buzilishi kuzatiladi. Hatto, o‘limga ham olib kelishi mumkin. Endi biologik faol qo‘shimchaga kelsak, u aslida dori vosita emas. Balki har kuni iste’mol qilayotgan ovqatimizda yetishmayotgan vitamin, tuzlar o‘rnini to‘ldirib boruvchi mahsulot hisoblanadi. Ularning biror-bir kasalning oldini olishi yoki davolashi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Uning qadoqlanishida biror kasallikni davolash haqida yozuvlar bo‘lsa, bu yolg‘on. Qolaversa, dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimchalarni oylab, yillab uzluksiz iste’mol qilish aslo mumkin emas.

MARJONLAR NЕGA QIMMAT ?

Korall kalsiy mashhur bo‘lishiga sabab uning narxi va targ‘ibotida. Tarmoqli marketing orqali oldi-sotdi qilish yurtimizda keng tarqalmoqda.

«Uddaburon tadbirkor”lar esa bundan foydalanib tarkibi bir xil bo‘lgan kalsini «mo‘maygina pul”ga sotib daromad manbaiga aylantirmoqda.

Zanjir marketingi targ‘ibot kanallarida ushbu marjon kalsilar halol ekani ular haqida Qur’on oyatlarida ham keltirilgani yozilgan. Bu haqida O‘zbekiston musulmonlar idorasidan izoh so‘raldi.


Hikmatillo Toshtemirov, O‘zbekiston musulmonlar idorasi fatvo bo‘limi xodimi:

– Qur’oni karimning Ar-Rohman surasi 22-oyatida Alloh taolo marhamat qilib, dengiz va daryodan marjonlarni chiqaradi, deb ne’mat sifatida zikr etilgan. Marjonlarni insonlar, xususan, xotin-qizlarga bezak sifatida ishlatish tavsiya etilgan. Ba’zi bir telegram kanallarida tarqalgan bizing mahsulotimiz mana shu oyatda aytilgan deya targ‘ibotiga dinni qo‘shib foydalanish kuzatilmoqda. Oyatni hech kim o‘ziga qaratib olishga haqli emas. Uning tarkibiga keladigan bo‘lsa, har bir mahsulot haloldan tarkib topgan bo‘lsa, uni halol deymiz. Yo‘qsa, harom deb aytildi. Bu umumiy qoida. Bu mahsulotning tarkibini biz tekshirib ko‘rmaganimiz uchun biror-bir fikr aytishdan tiyilamiz. Ammo, odamlarni aldab zararli, sifatsiz narsalar sotilsa, savdogarlar bo‘yniga gunoh tushadi.

BOJXONA: SHUNCHA MAHSULOT QAYERDAN​ KIRIB KЕLMOQDA ?

Ayni vaqtda «BEVERLee Businees” kompaniyasining 35 mingdan ortiq mijozi borligi aniqlandi. Eng qizig‘i, shuncha mahsulot qayerdan olinmoqda? To‘g‘rirog‘i, bu mahsulot yurtimizga qaysi yo‘llar orqali kirib kelmoqda? Zero, ushbu biologik mahsulot savdosi bilan yurtimizdagi hech bir dorixona shug‘ullanmaydi. Chunki ularning narxi juda baland. Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning bahorida 530 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan mahsulot «Sirdaryo” chegara bojxona posti orqali kirib kelishi to‘xtatib qolingan.

Anvar Qorabayev, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar guruhi bosh inspektori, bojxona xizmati podpolkovnigi:

– 29 aprelda oldindan olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istondan yurtimizga kirib kelayotgan fuqarolar Sh.J. va B.R.ga tegishli ikki dona sport sumkalari bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada sport sumkalari ichida xorijda ishlab chiqarilgan, sifatini kafolatlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, qiymati 530 million so‘mdan ortiq 1568 quti bioaktiv qo‘shimchalar borligi ma’lum bo‘ldi va ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Surishtiruv natijasida ular O‘zbekiston fuqarosi M.Aga tegishli ekani aniqlandi. U yozgan tushuntirish xatida bu odamlardan tashimachi sifatida foydalangani, biologik qo‘shimchalarni sport sumkasiga joylashtirib, chegara xodimlarni chalg‘itmoqchi bo‘lgani, maqsadi qo‘shimcha daromad ishlash ekanni ma’lum qildi.

ASLIDA ULAR SЕRTIFIKATGA EGAMI? SOLIQ QANDAY TO‘LANADI ?

«BEVERLee Businees” kompaniyasi guvohnomani «marketing tadqiqotlar, tijoriy faoliyat, moliya va boshqaruv masalalari maslahat xizmati uchun olgan bo‘lsa-da, amalda tijoriy savdo bilan shug‘ullanishni yo‘lga qo‘yib olgani qiziq.

«Xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan korxona, solig‘ini to‘lab, savdo bilan shug‘ullanishining nimasi yomon ekan?» desangiz, Shayxontohur tuman soliq bo‘limidan mazkur korxona faqat maslahat uchun soliq to‘lashini aytishdi.

Mayli, balki qandaydir imtiyozlarga egadir bu korxona. Tovarlarni olib kirishda qonuniy harakat qilsa kerak desangiz, tovarlar ham noqonuniy yo‘l bilan olib o‘tilganiga guvoh bo‘lasiz.

Ya’ni nima demoqchimiz? Bir faoliyat bilan shug‘ullanaman, deb boshqa faoliyat bilan shug‘ullansa, soliqdan qochsa, bir necha bor qo‘lga tushsa, falon kompaniya brendi ostida ishlaymiz, deb aslida boshqa kompaniya bo‘lib chiqsa, dorilarning ishlab chiqaruvchisi noma’lum bo‘lsa, bu korxona hanuz yashayotganiga hayron qolmay iloj yo‘q.

Yana bir qiziq gap – bu kompaniyaning avtomobil va’da qilgan aksiyalari poytaxt ko‘chalarini bezab turibdi. Shuningdek, uning klubi poytaxtimiz markazidagi «Xalqlar do‘stligi» saroyida ham mavjudligi bizni ko‘proq hayratga solmoqda.

Shuningdek, quyidagi video lavxada Yoshlar telekanali tomonidan tayorlangan Halqni aldashni yangicha yzli nomli video: