Quloqchinda musiqani baland ovozda tinglash zararlimi?
Musiqani (nafaqat quloqchinda) baland ovozda tinglash zararlimi? Ha, albatta! Lekin qanchalik baland ovozda? Zero, baland ovoz — bu sub’ektiv tushuncha. Bir odamga baland tuyulgan ovoz, boshqasiga pastdek ko‘rinishi mumkin va aksincha.
Gap quloqchinlar va va smartfonlar haqida ketganda, yanada ko‘proq savollar tug‘iladi.
Ko‘pchilik shu kabi tushunarsiz vaziyatga duch kelgan bo‘lishi mumkin — smartfon cho‘ntagingizda bo‘lganda quloqchinda musiqani balandroq qilasiz, lekin ovoz o‘zgarmaydi. Ekran qulfini ochganingizda esa shunga o‘xshash (https://t.me/gsmgurus_FAQ/1172) yozuvni ko‘rasiz.
Lekin musiqa juda past va ovoz balandligi 60% atrofida. Nima uchun smartfon buni «juda baland» deb o‘ylaydi? Haqiqatan ham bunday ovoz balandmi?
Musiqa balandligi detsibelda (dB) o‘lchanadi. Masalan oddiy suhbat — taxminan 60 dB, shovqinli ko‘cha — 70 dB. 120 dB — og‘riqni his qiladigan chegara, 150 — kontuziya, 160 detsibelda esa quloq pardasi yorilishi mumkin.
Xo‘sh, qaysi detsibelda musiqa tinglash eshitish qobiliyati uchun xavfli hisoblanadi? Aslida bu musiqa tinglash davomiyligiga ham bog‘liq.
Ovozning davomiyligi 9 sekunddan oshmasa, hatto kar qiluvchi120 dB ham zararli ta’sir ko‘rsatmaydi (https://deep-review.com/articles/headphones-and-hearing-loss/). Shu bilan birga, agar kuniga 95 dB ovoz balandligida musiqa tinglashning umumiy vaqti 50 daqiqadan oshsa, bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti odamga bir necha soat davomida ta’sir qiluvchi 85 dB dan yuqori shovqin darajasini xavfli deb hisoblaydi (https://style.rbc.ru/health/5f68f2259a79477c98e928f5).
Zamonaviy smartfonlar tovush balandligi darajasini aniqlab, tavsiya etilgandan balandroq ovozda musiqa tinglamoqchi bo‘lganingizda ogohlantirish xabari ko‘rsatadi (kanaldagi so‘rovnoma (https://t.me/gsmgurus_FAQ/1172)). Yevropa standartlariga ko‘ra, bunday bildirishnoma 85 dB tovush balandligida paydo bo‘lishi kerak.
Ba’zi smartfonlar esa ovoz balandligi haqida batafsil hisobotlarni ko‘rsatadi. Masalan Samsung smartfonlaridagi One UI 3.0 qobig‘idan boshlab, kun davomida qanchalik baland ovozda musiqa tinglaganingiz haqidagi hisobotlarni ko‘rishingiz mumkin.
Ovozni tavsiya etilgandan balandroq qilishga o‘rganib qolganlarga, shovqinni faol ravishda kamaytiradigan quloqchinlar (https://t.me/gsmgurus_FAQ/1171) yordam beradi. Shunda musiqa ovozidan boshqa tovushlarni deyarli eshitmaysiz (sifati ishlab chiqaruvchi texnologiyasiga bog‘liq) va bu sog‘liq uchun foydali ixtiro.