Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/17612/
Radiatsiya bilan davolash: koʻrsatmalar
Radioaktiv yod-131 asosidagi radiofarmatsevtika yordamida (kuchayib ketmagan va metastazlarsiz) qalqonsimon bez saratonini davolashning taxminiy tartibi quyidagicha:
1. Bemor qalqonsimon bezning “gormonal ochlik” holatini keltirib chiqaradigan dori-darmonlarni qabul qiladi.
2. Bemor radioaktiv yodning tashxisiy dozasini qabul qiladi. Gamma-kamera organizmning yodni qanchalik yaxshi qabul qilishini koʻrsatib beradi.
3. Bemor toʻlaqonli preparatni — radioaktiv yod eritmasini ichadi. Eritma oddiy suvga oʻxshab ketadi.
4. Davolanish paytida bemor radioaktiv boʻlib qoladi. U maxsus radiatsiyaga qarshi himoya tizimiga ega alohida xonaga joylashtiriladi.
5. Eritma ishni boshlaydi: qalqonsimon bez radioaktiv yodni oddiy yod sifatida qabul qiladi va oʻzlashtiradi. Ionlashtiruvchi nurlanish saraton hujayralarini oʻldiradi.
6. Davolash taʼsirini aniqlash uchun bemor yana gamma kamerada tekshiriladi.
7. Agar jarayon barcha saraton hujayralarini yoʻq qilgan boʻlsa, bemorga gormonal terapiya buyuriladi.
8. Bemor sogʻayib ketadi va muntazam ravishda onkolog koʻrigidan oʻtib turadi.
“Bu juda taxminiy tartib ekanini tushunishimiz lozim”, — deydi Valeriy Krilov. “Har bir saraton kasalligi oʻziga xos va shifokor bemor haqida toʻliq maʼlumot olgandan keyingina davolash ishini boshlashi kerak”.
Rossiya radionuklidlari
Atom sanoatining ikkita yirik ilmiy-tadqiqot institutlari — Dimitrovgraddagi GNS NIIAR va Obninskdagi Karpov nomidagi NIFHI negizida “Rosatom” radionuklidlarning butun boshli seriyasini ishlab chiqaradi. Ular orasida:
Molibden-99
Yod-131
Yod-125
Strontsiy-89
Gadoliniy-153
Lutetsiy-177
Kaliforniy-252 lar bor.
Preparatlardan mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish, shuningdek, dunyoning 20 dan ortiq davlatiga eksport qilish uchun xomashyo sifatida foydalanilmoqda. Hamkor davlatlar orasida Germaniya, Vengriya, Polsha, Argentina, Braziliya va Xitoy bor.
Aniqroq, kichikroq, xavfsizroq
Rossiya radionuklid texnologiyalari sovet davrida, 1920-yillardan boshlab rivojlana boshladi. Radiy-224 asosidagi birinchi farmatsevtika mahsuloti SSSRda saraton uchun emas, balki boʻgʻimlar va umurtqa pogʻonasi kasalliklarini davolash uchun tavsiya etilgan. 20-asrning ikkinchi yarmidan 90-yillarning boshlariga qadar Ittifoq tibbiyotda yadro texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha jahon yetakchilaridan biri hisoblangan.
Yadro tibbiyoti saratonni atom darajasida yoʻq qilish uchun jismoniy jarayonlardan foydalanadi.
Mamlakatda 650 ta radionuklid tashxis laboratoriyalari (har yili 1,5 milliondan ortiq tadqiqotlar olib boriladi) va 20 ta radionuklidlar bilan davolash boʻlimlari (jami 2 000 oʻringa yaqin) mavjud edi. Sovet ilmiy-tadqiqot institutlari 140 ga yaqin sanoat va tibbiy radionuklidlarni, shuningdek, 38 ta toʻliq radiofarmatsevtikani ishlab chiqargan.
SSSR parchalanganidan soʻng barcha yadroviy tibbiyot kabi radiofarmatsevtikaning rivojlanishi deyarli toʻxtab qoldi. Ushbu sohadagi tizimli ishlar faqatgina 2000-yillarning ikkinchi yarmida, “Rosatom” davlat korporatsiyasining tashkil etilishi bilan qayta tiklandi. Uning vazifasi mamlakat atom sanoatining yoʻqolgan quvvatlarini tiklashdan iborat edi.
Bugungi kunda kompaniya oʻz infratuzilmasini rivojlantirishga intilmoqda, mahalliy radionuklidlar, shuningdek, dori-darmon va yadro tibbiyotida ishlatiladigan boshqa uskunalar Rossiyada ommaviylashishiga va xalqaro bozorga chiqishiga harakat qilmoqda. “Rosatom” tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va zavodlari ishlov berilmagan radionuklid preparatlari, generatorlari (tarkibida radionuklidlar boʻlgan steril eritmani qayta-qayta olish uchun uskunalar), shuningdek, ionlashtiruvchi nurlanishning yopiq manbalarini ishlab chiqaradi.
Ayni paytda “Rosatom” davlat korporatsiyasi radionuklidlarni ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchi oʻrinni egallab turibdi. Preparatlar jigar, prostata saratoni, shuningdek, turli metastazlar, ayniqsa bemorlarda kuchli ogʻriq keltirib chiqaradigan suyak saratoni kasalliklari bilan kurashish uchun samarali qoʻllanmoqda. Kasallikka qarshi kurashishda zamonaviy istiqbolli usullardan biri — alfa zarralari (radiy-223, aktiniy-225, vismut-213 va boshqalar) chiqaradigan radionuklidlardan foydalanish. Alfa zarralari kuchli nurlanish beradi va shu bilan birga beta zarralariga (ular koʻpincha zamonaviy radiofarmatsevtikada qoʻllanadi) qaraganda ancha past davomiylikka ega. Ular atrofdagi sogʻlom toʻqimalarga deyarli zarar yetkazmasdan oʻsimtaga kuchliroq va aniqroq zarba berishga qodir.
Radiofarmatsevtikaning kelib chiqishida olimlarning oʻrni
Yadro tibbiyoti 100 yildan ortiq davr mobaynida rivojlanib kelmoqda. Ayni paytda bu boradagi ilk tadqiqotlarni shifokorlar emas, balki olimlar boshlab bergan. Fransuz kimyogari va fizigi Per Kyuri hamda uning rafiqasi Mariya Skladovskaya-Kyuri ushbu fan sohasining asoschilari hisoblanadi. Ularning yangi kashf etilgan radiy kimyoviy elementi bilan oʻtkazgan xavfli tajribalari (masalan, Per Kyuri qoʻlini kuydirib qoʻygan radioaktiv kompressni 10 soat davomida oʻzida sinab koʻrgan) nafaqat yadro fizikasi, balki tibbiy radiologiyaning rivojlanishiga ham zamin yaratdi. Bu ishlari uchun olimlar 1903-yilda fizika boʻyicha Nobel mukofoti bilan mukofotlandi.
Belgiyalik olim Charlz Peshe (amerikaliklar uni Charlz Pecher deb ham atashadi, chunki u AQShdagi faoliyati davomida rentgenolog sifatida nom chiqargan) dunyoda birinchi marta, 1930-yillarda suyak metastazlari hamda prostata saratoni bilan ogʻrigan bemorning ahvolini yengillashtirish uchun inson tanasiga stronsiyni kiritgan ilk kashfiyotchi hisoblanadi. Ushbu tajribani radiofarmvositalardan birinchi foydalanish deb atash mumkin.
“Rosatom” davlat korporatsiyasi tarkibidagi radiatsion tibbiy texnologiyalar sohasidagi integrator “Rosatom” Healthcare yadro tibbiyotining boshqa yoʻnalishlarini ham rivojlantirmoqda. Misol qilib braxiterapiya, yaʼni “yopiq radionuklidlar”ga asoslangan terapiyani olish mumkin. Terapiya davomida ionlashtiruvchi nurlanish manbalari zararlangan organga vaqtincha yoki doimiy kiritish uchun qobiq ichiga oʻralgan boʻladi. Natijada radiatsiya atrof-muhitga tarqalmaydi, yaʼni u organizmdan oʻzgarmagan holda ham, metabolitlar shaklida ham tashqariga chiqarilmaydi.
Istiqbolli braxiterapiya texnologiyalariga misol sifatida taxminan 30 mikron oʻlchamdagi ittriy-alyuminiy silikat shisha sharlarini kiritish mumkin. Rosatom tadqiqot reaktoridagi noyob nurlanish texnologiyasi bu mikrosferalar ichida ittriy-90 radioizotopini hosil qilish imkonini beradi. Ushbu sharlarni bemor tanasiga kiritish orqali shifokorlar bemorlarning 90 foizida xavfli oʻsma oʻsishini toʻxtatishlari mumkin. 2018-yildan beri ittriy-90 asosidagi mikrosferalar Rossiyaning BEBIG kompaniyasi tomonidan Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligining Radiologiya milliy tibbiy tadqiqot markazi Federal davlat byudjet muassasasi va Rosatom davlat korporatsiyasi koʻmagida ishlab chiqarilmoqda. 2019-yilda Rossiyada ushbu texnologiya asosidagi birinchi radioembolizatsiya operatsiyasi muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirildi.
“Rosatom” davlat korporatsiyasi ham radioterapiya uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarish salohiyatini oshirmoqda. Kompaniya “AGAT” kontaktli nurlanish terapiyasining yangi avlod gamma-davolash kompleksini va “Oniks” masofaviy nurlanish terapiyasi majmuasini ishlab chiqdi. Rejalarga OFEKT (gamma-kamera kompleksi) “EFATOM” tomografi modernizatsiyasi va Shvetsiyaning Elekta kompaniyasi texnologiyasidan foydalangan holda seriyali tezlatgichlar ishlab chiqarish kiradi.
Valeriy Krilovning fikricha, yaqin yillarda Rossiya yadro tibbiyoti texnologiyalari tezlikda rivojlanib ketadi. “2009-yilda Rossiyada “yadroviy tibbiy inqilob” sodir boʻldi. Radiatsiyaviy xavfsizlik standartlari qayta koʻrib chiqildi, bu esa klinikaning oʻtkazish qobiliyatini ikki barobardan ortiqqa oshirish imkonini berdi”, — dedi olim. Moskva, Tyumen, Krasnoyarsk, Arxangelsk, Qozonda yana bir qancha yadroviy tibbiyot markazlari qurildi. Shunday ekan, endilikda barcha saʼy-harakatlar nafaqat “faol” oʻrinlar sonini koʻpaytirishga, balki radionuklid terapiyasini qoʻllash koʻlamini kengaytirishga, yangi usullarni yaratish va joriy etishga, yangicha radiofarmvositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilishi kerak”.
Muallif: Egor Avdeyev. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Лучи здоровья против рака. Как вылечить человека с помощью радиации” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com