Yadro fizikasi zamonaviy tibbiyot qiyofasini yaxshi tomonga oʻzgartirmoqda. Radionuklidlarga asoslangan dori-darmonlar, jarrohlik amaliyoti foydasiz boʻlgan hollarda ham saratonning ayrim turlariga chalingan bemorlarning omon qolish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Jarayonni batafsil tushunib olish uchun N + 1 eng yirik radionuklid ishlab chiqaruvchisi – “Rosatom”ga murojaat qildi.
Bemor bir stakan shaffof eritmani ichadi va operatsiya qilinmaydigan saraton kasalidan shifo topa boshlaydi. Barcha ishlarni radionuklidlar – ionlashtiruvchi nurlanish manbalari amalga oshiradi. Ular eritma tarkibida inson tanasiga kiradi va kasallik taʼsiriga uchragan hujayralarga taʼsir qiladi.
Koʻpgina zamonaviy radiopreparatlar, yaʼni radioaktiv nuklidlar asosida ishlab chiqarilgan dorilar ushbu tamoyil asosida taʼsir koʻrsatadi. Ular juda kam miqdordagi nurlanish yordamida kasal hujayralarni yoʻq qilishi mumkin. Bu nafaqat bemorni davolashga, balki bir necha kunlik kompleks terapiyadan soʻng uning tanasini qayta tiklashga imkon beradi.
Atomlar – hayot uchun!
Radiofarmpreparatlarning ishlash tamoyili birinchi navbatda maʼlum bir kimyoviy elementning neytral atom zarrachalari (masalan, elektronlar) yoʻqotiladigan, faollashadigan va ionlarga aylanadigan fizik ionlanish jarayoniga asoslanadi.
Ionlashtiruvchi nurlanish, boshqacha qilib aytganda, radiatsiya – radiofarmatsevtika tarkibiga kiruvchi asosiy kimyoviy element atomlaridan taraladi. U xavfli oʻsmaning DNKsini yoʻq qiladi. Ionlashtiruvchi nurlanish taʼsirida hujayralar DNKsi ichidagi atomlar xususiyatlari oʻzgaradi, DNK zanjirlari parchalana boshlaydi va saraton hujayrasi koʻpayish qobiliyatini yoʻqotadi. Aynan mana shu narsa shifokorlarga kerak, chunki xavfli oʻsmalarning asosiy xususiyatlaridan biri inson tanasida nazoratsiz va nihoyatda tez oʻsishidir.
Radiofarmatsevtika vositalari davolashdan tashqari boshqa vazifani, yaʼni tashxis qoʻyish vazifasini ham bajarishi mumkin. “Tana hujayralari zaif ionlashtiruvchi nurlanishga ham reaksiya bildiradi. Bu organizmga zarar bermaydi, lekin maxsus tomograflar yordamida oson nazorat qilinadi”, – dedi Rosatom bilan yadro tibbiyoti sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirayotgan A.F.Tsiba nomidagi MRNS ochiq nuklidlar bilan radiojarrohlik davolash boʻlimi boshligʻi Valeriy Krilov N + 1ʼga. Radionuklidlar bilan tashxis qoʻyish saraton hujayralari jiddiy shishga aylanib ketishidan ancha oldin minglab odamlarning hayotini saqlab qolish imkonini beradi.
PET tomografiyasi saraton hali toʻqimalarda tarkibiy oʻzgarishlarga sabab boʻlmagan bosqichda oʻsmani aniqlashi mumkin.
“Radionuklid tashxisi oʻsimta hali toʻqimalarda tarkibiy oʻzgarishlarga olib kelmagan xavfli biologik jarayonlarni aniqlash imkonini beradi”, – deb tushuntirdi rentgenolog. – Gamma-kamerada yoki PET tomografida koʻrinadigan radionuklidning nur qaytarishi tufayli organlar va toʻqimalarda sodir boʻlayotgan hujayra darajasidagi oʻzgarishlarni payqash mumkin boʻladi. Boshqa usullar, jumladan, rentgen nurlari – odatda kasallikni bunday erta bosqichda aniqlashga imkon bermaydi.
Vizualizatsiya va davolash taʼsir jarayonlarining uzluksizligi radioonkologiyaning asosiy yoʻnalishidir. “Yadro tibbiyotining shiori: “biz nima davolayotganimizni koʻramiz, koʻrganimizni esa davolaymiz”. Tibbiyotning boshqa yoʻnalishlarida bunday natijaga erishish juda qiyin”, – deya qoʻshimcha qildi Krilov.
Fizika yordamida saratonni qanday zararsizlantirish mumkin
Saraton DNKsining “atom”larini yoʻq qilish ikki yoʻl bilan sodir boʻladi. Birinchisi, radiatsiyaning saraton DNK atomlariga bevosita taʼsiri. Ikkinchisi – bilvosita taʼsir, yaʼni har qanday biologik hujayraning sitoplazmasini tashkil etuvchi suvning radiolizi orqali. Suvda “radioaktiv davolash” jarayonida koʻp miqdorda superoksidli erkin radikallar (yaʼni, juftlashmagan elektronga ega boʻlgan kislorod molekulasi ionlari) hosil boʻladi va ular oʻsimta hujayralariga zarar yetkazadi.
Saraton hujayralarining tez oʻsish qobiliyati ularni ayniqsa radiatsiyaga nisbatan zaif qiladi. Gap shundaki, ionlashtiruvchi nurlanish hujayraning xromosoma boʻlinish bosqichida bajarilganida asosiy genetik maʼlumotlar bazasi saqlanadigan DNK tuzilishini osonlik bilan yoʻq qiladi. Xatarli oʻsimta hujayralari tezlik bilan boʻlinishi sababli ular ionlashtiruvchi nurlanishning asosiy nishoniga aylanadi.
Davolash uchun ham, tashxis qoʻyish uchun ham preparat saraton hujayralariga yoʻnaltirilishi kerak. Bu nishonli, yaʼni maqsadli ravishda yoʻnaltirish usuli boʻlib, bugungi kunda radiofarmatsevtika mukammalligining koʻrsatkichi hisoblanadi. Preparatlarni ishlab chiqarish nafaqat fizikaning hisoblangan kuchini, balki biologik jarayonlarni tushunishni va tibbiy amaliyotda koʻp yillik tajribani ham talab qiladi.
Bu kichik generatorlar minglab bemorlarni davolash uchun radionuklidlar ishlab chiqarishga qodir.
Dorilarni yetkazib berish
Dori vositalarini nishonga turli usullar bilan yetkazish mumkin. “Jarayonga ijodkorlik bilan yondashish kerak, chunki yetkazib berish usuliga taʼsir qiluvchi omillar juda koʻp. Bu saraton turi va zararlangan organning oʻziga xos xususiyatlari hamda radionuklidning xususiyatlari boʻlishi mumkin”, – deb tushuntiradi Valeriy Krilov.
Radionuklidni saraton hujayralariga yetkazishning ikkita asosiy usuli mavjud:
1. Sunʼiy yetkazib beruvchi molekulalarni yaratish;
2. Inson tanasining tabiiy metabolizmidan foydalanish.
Birinchi usul qulfni ochish uchun kalitni tanlashga oʻxshab ketadi. “Saraton hujayrasi yuzasida sogʻlom hujayrada uchramaydigan oʻziga xos retseptor mavjud. Ushbu retseptorga ligand biriktirilishi mumkin (maʼlum bir biomolekulaga “birikadigan” va shifokorlar uchun zarur boʻlgan biokimyoviy, fiziologik yoki farmakologik taʼsirlarni keltirib chiqaruvchi kimyoviy birikma – N + 1). Oʻz navbatida ligandga radioaktiv zaryad qoʻshiladi. Shunday qilib, tanaga kiritilgan dori toʻgʻridan-toʻgʻri kasallangan toʻqimalarga yetib boradi”, – dedi Krilov.
Ikkinchi usulda bemor tanasining oʻzi “kalitni tanlab” oladi. Jarayon radionuklidning oʻzi tabiiy ravishda maʼlum turdagi hujayralarga yaqinlashganda sodir boʻladi. Radioaktiv yod qalqonsimon bez saratonini davolash uchun mos keluvchi vositadir.
“Bu qalqonsimon bez hujayralarida yod koʻrinishidagi gormonlar ishlab chiqarilishi bilan bogʻliq. Har bir tirotsit yuzasida maxsus oqsil tuzilmalari – natriy-yod simporterlari mavjud boʻlib, ular qon plazmasidagi yodni “tutib oladi” va uni hujayra ichiga joylashtiradi, shunda hujayra undan gormonlar hosil qiladi”, – deb tushuntirdi Krilov. Radioyod terapiyasi nimaga asoslanadi? Ushbu yoʻnalish simporterning radioaktiv yod va oddiy radioaktiv boʻlmagan yodni ajrata olmasligiga asoslanadi. Birinchidan, biz sunʼiy ravishda “gormonal ochlik” deb ataladigan sharoitlarni yaratamiz, shunda bu retseptorlar yodni ishtiyoq bilan izlab topadi va tutib oladi. Keyin bemorga radioaktiv yod beriladi. U hujayralar ichiga kirib boradi va natijada ular halok boʻladi. Qalqonsimon bez saratoni shu tarzda davolanadi”.
Siklotrondagi kimyoviy elementlar zarrachalarini tezlashtirish radionuklidlarni olishning asosiy usullaridan biridir.
Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/17618/
Muallif: Egor Avdeyev. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Лучи здоровья против рака. Как вылечить человека с помощью радиации” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com