Sayyora harakatini aniq kuzatib borish va ayniqsa sayyoraning keyingi holatini oldindan aniq bilish nihoyatda qiyin masala. Agar oʻzaro tortishayotgan atigi ikkita jism qaralayotgan boʻlsa, unda ularning tortishish kuchi va harakat trayektoriyalarini aniq hisoblash uchun ilm-fanda nihoyatda sodda, aniq qoidalar toʻplami mavjud. Lekin oʻzaro tortishayotgan obyektlar atigi bittaga koʻpaysa, yaʼni uchta boʻlib qolsa ham ularning oʻzaro taʼsirini hisoblash benihoya qiyin ish boʻlib qoladi.
Endi buning uchun biz bilgan sodda fizik qonuniyat va matematik usullar ish bermaydi. Bu matematik isbotlangan haqiqatdir. Shunga binoan, Neptunning kashf qilinishi — inson aql-zakovatining haqiqiy tantanasi, matematikaning asl triumfi boʻlgan desak zarracha ham mubolagʻa boʻlmaydi. Neptunning kashf etilishi — matematikadagi oʻzaro taʼsirlar nazariyasi hamda Nyuton mexanikasining haq ekanini koʻrsatib bergan zakovatning chin gʻalabasi boʻlgan.
2016-yil avvalida amerikalik astronomlar Braun va Batigin Quyosh tizimi chekkasida yangi, yirik sayyorani kashf etgani haqida shov-shuvli xabar tarqatgan edi. Ular hozircha oʻzi ham, nomi ham nomaʼlum sayyorani koʻrmay turib, yaʼni matematik hisob-kitoblarga asosan kashf etgan edi. Agar oʻsha sayyora haqiqatan ham mavjud boʻlsa va uni teleskopda koʻrishga kimdir muvaffaq boʻlsa, unda Batigin va Braun kashf qilgan sayyora “qalam uchida” kashf etilgan ikkinchi sayyora boʻlib qoladi (aniqrogʻi, kompyuter klaviaturasida birinchi sayyora boʻladi desak toʻgʻriroq boʻlsa kerak).
Quyosh tizimidagi eng chetki yirik sayyora — Neptun ham xuddi shu singari tarzda, yaʼni matematik hisoblashlar orqali kashf etilgan birinchi sayyora boʻlgan.
Neptunni “qalam uchida” kashf qilgan olim — Urban Leverye / es.wikipedia.org
XIX asr boshida kuzatishlar olib borgan koʻplab astronomlar oʻsha davrdagi eng soʻnggi va yangi kashf etilgan sayyora — Uran oʻzining Quyosh atrofidagi orbitasidan muayyan chetlanishlarga chiqayotganini payqagan edi. Orbital harakat qonuniyatlaridan bunday gʻalati chetlanishlarning sababi astronomlarni qattiq qiziqtirib qoʻydi.
Olimlarda ikkita asosiy taxmin bor edi. Birinchisi Nyuton qonunlari bunday favqulodda katta masofalarda amal qilmay qoʻyishi mumkin yoki Nyuton qonunlarida koʻzda tutilmagan yana qandaydir tabiiy kuch mavjudligi haqidagi taxmin boʻlsa, ikkinchisi Uranga narigi tarafda yana biror oʻta katta massali, yirik obyektning tortishish kuchi taʼsir qilayotgani haqidagi taxmin boʻlgan.
Umuman olganda, Nyuton qonunlarini shubha ostiga olish biroz notoʻgʻri ish boʻlib, chunki Quyoshdan Urangacha boʻlgan istalgan osmon jismi uchun tadbiq qilinganda, Nyuton mexanikasi oʻzini toʻliq oqlagan. Nyuton formulalari bilan hisoblangan harakat va tortishish qonunlari doimo amaliyotda oʻz isbotini topib kelgan edi.
Shu sababli asosiy eʼtibor ikkinchi taxminni tekshirib koʻrishga, Urandan naridagi yana bir yirik, massiv obyektni qidirishga qaratildi. Masala yuzasidan oʻsha davrning eng zukko matematiklari ishga kirishdi va 1846-yilda fransuz Urban Leverye hamda ingliz Jon Kuch Adam deyarli bir vaqtning oʻzida va bir-biridan mustaqil ravishda Uranga gravitatsion taʼsir qilayotgan oʻsha nomaʼlum, yirik massali obyektning koinotdagi joylashuv koordinatalarini hisoblab chiqdi. Lekin ular orasida birinchi boʻlib, Urban Leveryening hisob-kitoblari Berlindagi rasadxona mudiri Iogann Gallening qoʻliga kelib tushdi. Galle Leveryening hisob-kitoblarida koʻrsatilgan tarafga oʻz teleskopini qaratdi va bir soatga bormasdan, olim koʻrsatgan joydan atiga 1° farq bilan oʻsha nomaʼlum osmon jismini, yaʼni biz Neptun nomi bilan biladigan sayyorani kashf qildi. Bu Nyuton qonunlari va matematik zakovatning yaqqol tantanasi edi. Galle Leveryega shunday yozgan edi: “Msye, siz hisoblab chiqqan sayyora haqiqatan ham mavjud ekan”. Leverye ham Gallega darhol javob yozgan: “Mening koʻrsatmalarimga amal qilganingiz uchun minnatdorman! Sizning sayi-harakatingiz evaziga biz endi yangi dunyoga egalik qilmoqdamiz”.
Neptunni birinchi boʻlib koʻrgan astronom — Iogann Galle
Britaniya tarafi zudlik bilan bahsga aralashdi. Ular Neptunni Adams kashf qilganini isbotlash va birinchilik bayrogʻini qoʻlga kiritish payida boʻlgan. Lekin tarix baribir Leverye nomini saqlab qoldi. Qizigʻi shundaki, Neptun kashf etilgunigacha boʻlgan oxirgi bir asr mobaynida ham kuchli teleskoplarga ega astronomlar uni bir necha martadan koʻrgan va kuzatgan ham. Lekin hech kimning miyasiga uning sayyora ekani haqidagi fikr kelmagan. Chunki Neptun oʻsha zamon teleskoplarida ham xuddi olis yulduzlar singari juda kichik boʻlib koʻringan hamda orbital harakati nihoyatda sekinligi bois uning boshqa yulduzlarga nisbatan joy oʻzgartirishini ham hech kim payqamagan.
Neptunni qurollanmagan koʻz bilan koʻrib boʻlmaydi. U Quyosh atrofini har 164,7 yilda bir marta aylanib chiqadi. Quyosh tizimidagi eng shiddatli, kuchli uyurma va poʻrtanalar aynan Neptun atmosferasida kechadi.
Rasmda: Neptun sayyorasi va uning yaqinidagi Protey yoʻldoshi. Hozirda Neptunning 14 ta tabiiy yoʻldoshi aniqlangan. Ushbu gigant sayyoraning ekvatorial radiusi Yer radiusidan 4 barobar katta.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Neptunning kashf etilishi
Muqova surat: unsplash.com