Autizm oʻzi nima? Bu soʻzni eshitmagan odam boʻlmasa kerak. Aniq maʼlumotlarga ega boʻlmasak-da, soʻzdagi salbiy boʻyoqdorlikni qalban his qilish mumkin. Uni davolash mumkinmi, dardi bedavo emasmi? Yana musiqaga murajaat qilamizmi? Oʻzi autizm va musiqani bogʻlab turadigan “rishta” bormi? Autizm bilan kurashayotgan insonlarga musiqa qanchalik yordam beradi? Bu borada savollar juda koʻp, ana shularga javoblar topishga harakat qilamiz.
Autizm oʻzi nima?
Autizm (grekcha “autos” — “o‘zim” degan so‘z) — bu ruhiyatning o‘ziga xos holati bo‘lib, bemor tashqi olam, atrofdagilar bilan muloqot qilishni istamaydi. U yolg‘izlikni yoqtiradi. Yana bir xil xatti-harakat va shunday so‘zlarni takrorlaydi. Autizm tashxisli bola o‘z olamida yashaydi. Fikrlashi boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Ularning xatti-harakatlari real voqelik bilan bog‘liq emas. Bemorlarning harakatlarida hissiy kechinmalar asosiy o‘rin tutadi. Bu kasallik sindromi o‘g‘il bolalarda qiz bolalarga nisbatan ko‘p uchraydi. Simptomlarning har xilligi va kasallik o‘zgaruvchanligi ushbu kasallikning qiyinligidan dalolat beradi: sezilarsiz autistik xususiyatlardan to doimiy parvarish talab etilishigacha”, — deya kasallik haqida maʼlumot bermoqda Kun.uz. Qolaversa, manba bu sindrom haqida foydali suhbat videosini ham ilova qiladi. Ammo unda kasallikning musiqa bilan bogʻliqligi haqida maʼlumot keltirilmagan.
Autizmning tibbiy va hissiy taʼriflariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, unda qandaydir mavhumlikni sezish mumkin. Tibbiy va hissiy simptomlar ham mubham yoʻnalishga ishora qilayotgandek. Balki xastalik shunisi bilan ham murakkabdir… Davom etamiz.
Autizm va musiqani nima bogʻlab turadi?
Autizm va musiqa yaratilishidanoq bir-biriga bogʻlangan desak, ishonasizmi? Bu qarash ehtimol oʻzini 100 foiz oqlamas, ammo kichik koʻrsatkich ham umumiylik borligini anglatadi.
“Autizm va musiqa” nomli maqolada aytilishicha, koʻplab ajoyib musiqalar autizmli sanʼatkorlar tomonidan yaratilgan. Hayotimizni oʻzgartirishga turtki boʻlgan, quvonch va zavq bagʻishlagan son-sanoqsiz asarlar va albomlarning mualliflari autistlar hisoblanar ekan.
Bunga qoʻshimcha sifatida Professor Adam Okkelfordning soʻzlarini keltirish mumkin. Uning kuzatuvlariga koʻra, autizmli har 20 kishidan biri ajoyib musiqachi boʻlishi mumkin. Professor 40 yildan davomida alohida ehtiyojli bolalarga pianino chalishni o‘rgatib kelgan.
Biroz nooʻrin oʻxshatish boʻlib tuyulishi mumkin, ammo autizm sindromi qaysidir maʼnoda insonlarga oʻzlarining yoʻllarini topishda, aniqroq aytadigan boʻlsak, musiqada muvaffaqiyatga erishishga yordam berayotganga oʻxshaydi. Musiqa ushbu yordam qarzini qaytara oladimi? Demoqchimizki, autizm va musiqa orasidagi bogʻliq yaratilish bilan cheklanib qoladimi yoki insonlarga musiqadagi zafarda koʻmakchi boʻlgan autizmni davolashda musiqa ham yordamga keladimi?
Bu borada izlanishlar olib borgan Pamela Xilton quyidagi xulosalari bilan boʻlishgan: “Autizmli odamlar musiqaga va miya faoliyatining shunga o‘xshash shakllariga hissiy munosabatni kuchaytirganmi yoki yo‘qmi, deb o‘rgana boshladik. Ko‘pgina laboratoriyalar, ayniqsa Kanada tadqiqotchilari bu borada juda ko‘p ishlarni amalga oshirdilar. Ko‘rinishidan autizmli odamlar musiqadagi his-tuyg‘ularga juda sezgir va ularning miyalari musiqiy ma’lumotni qayta ishlayotganga o‘xshaydi”.
Yuqoridagi qator qarashlarni qayta tasdiqlagan ushbu fikrlardan soʻng tadqiqotchi quyidagi umidli fikrni ham aytib oʻtadi: “Hozir biz musiqa terapiyasi autizm spektrining buzilishi bo‘lgan odamlar uchun juda samarali ekanligi haqida dalillarga egamiz”. Demakki, bogʻliqlik hali davom etadi.
Musiqaterapiya yordamida autizmni davolash
Autizmli bolalarni davolashda musiqaning ahamiyati haqida kichik va umumiy xulosalar taqdim etgan manbada taʼkidlanishicha, autizmli bolalar his-tuygʻular buzilishi sabab vaqtlarini mazmunli oʻtkaza olmaydilar, lekin ular musiqa bilan yaxshi vaqt oʻtkazishlari mumkin. Autizmda musiqaning ahamiyati boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar bolalarda ijobiy ijtimoiy xulq-atvor, atrof-muhitni bilish, nutqni yaxshilash, ovoz chiqarish va diqqatni jamlash, muloqot qilish, boshqa odamlar bilan improvizatsiya oʻyinlari va koʻz bilan aloqa qilish kabilar rivojlanishini koʻrsatgan. Bundan tashqari, musiqa autizmli bolalarga xavfsizlik va erkinlik hissini beradi.
Autizmga chalingan bolalarga musiqa qanday yordam berishi haqidagi boshqa bir maqolada musiqa bunday bolalarda aynan qanday koʻnikmalarni shakllantirishi sanalgan:
— musiqa autizmli bolalarni gapirishga undaydi;
— tilni tushunishlarini yaxshilaydi;
— ijtimoiy koʻnikmalarni shakllantiradi;
— nutqni rivojlantiradi;
— hissiy javoblar berishni taʼminlab, oʻz-oʻzini namoyon qilishlariga yoʻl ochadi;
— kognitiv funksiyani ragʻbatlantiradi.
Aslida bolalarda bu sindromning shakllanishi homila davri bilan bogʻliqligi aytiladi. Ammo turli terapiyalar yordamida ularni bu darddan forigʻ qilish mumkin. Ana shular qatorida koʻplab manbalarda musiqa ham keltiriladi. Nazariyalarda autizmni davolashda qoʻl kelishi aytilgan musiqa amaliyotda ham ahamiyatli boʻlishiga umid qilib qolamiz.
Bilib qoʻygan yaxshi
• Autizm kasalligini davolash bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi xususiy “Shukrona ta’lim” maktabi 2018-yilning sentabr oyida o‘z faoliyatini yuritishni boshlagan.
• 2-aprel — autizm haqidagi ma’lumotlarni xalqaro miqyosda ommalashtirish kuni.
Muqova surat manbasi: unsplash.com
Manbalar:
→ kun.uz/50406154
→ medium.com/@JackPatrickHowes/autism-and-music-3f45dbea0536
→ miloserdie.ru/article/za-kontsert-muzykanta-s-autizmom-tozhe-nado-platit
→ postnauka.ru/video/96593
→ otizmguncesi.wordpress.com/category/otizm-ve-sanat/otizm-ve-muzik
→ autizmy-net.ru/kak-muzyikalnaya-terapiya-mozhet-pomoch-pri-autizme-teoriya-i-praktika