Oxirgi kunlar ichida WTI turidagi neft narxining may oyi uchun fyuchers savdolarida manfiy qiymatga tushib ketgani (bir barreli — 39.44 AQSh dollar) koʻpchilikni hayron qoldirdi. Hech zamonda shunaqasi ham boʻladimi? Narx shunchaki tekin (0) emas, balki manfiy ham boʻlishi mumkin ekanmi?
Bu tarixda misli koʻrinmagan holat boʻlsa kerak. Izohlarga qaraganda, bu holning asosiy sababi, asosan Shimoliy Amerika va Xitoy bozorida isteʼmol qilinadigan WTI turidagi neft ishlab chiqaruvchilarda qazib olingan neftni qoʻygani joy qolmagan emish. Omborlar toʻlib ketgan, tankerlar ham band. May oyi kirib kelishiga esa 10 kundan ham kam vaqt qoldi. Iyun oyi uchun fyucherslar ham 1 foizga pastlab, bir barrel WTI nefti uchun 21.1 dollarni tashkil qilmoqda. Qayd qilinishicha, WTI tipidagi neft narxining 0 dan past boʻlishi avvalgi safar 1983-yilda, yaʼni bu turdagi neft ilk bora NYMEX birja savdolariga qoʻyila boshlaganda sodir boʻlgan ekan.
Keling, shu shov-shuvli xabarlarda tilga olinayotgan terminlar — fyuchers, WTI, barrel va brent soʻzlarining maʼnosiga nazar solib koʻraylik.
twitter.com
Neftning oʻzi qora yoki qoʻngʻir rangli modda boʻlib, suvdan yengil, anchayin qovushqoq narsa boʻladi. Neftni tabiiy holida ishlatib koʻrishga juda qadimdayoq urinib koʻrishgan. Xususan, Yaqin Sharq hududlarida undan devorlarni suvoq qilishda, loyga qoʻshib qorgani saqich sifatida qoʻllashgan. Buning uchun oddiy quduq qazib, neftni chelaklarda tortib olishgan.
Neft oson alangalanadigan suyuqliklar safiga kiradi. Lekin uni oʻzini asl holida yoqishdan aytarli naf chiqmaydi. Chunki xom neft tarkibi bir necha fraksiyalardan iborat boʻlib, ularning har biri turlicha yonish darajasi va energetik koʻrsatkichlarga ega. Xom neftning oʻzi yoqilsa, undagi toʻyinmagan uglevodorodlar sababli u juda koʻp qurum ajratib, nihoyatda iflos yonadi. Boz ustiga, neft tarkibida mavjud boʻladigan oltingugurtli organik moddalar atrofga juda badboʻy hid taratadi.
Neftni fraksiyalarga ajratib, turli mahsulotlar olish XIX asrning birinchi yarmida boshlangan. Unda neftdan olinadigan asosiy mahsulot kerosin boʻlgan. Kerosin asosan kerosin lampalar uchun ishlatilgan, yaʼni yoritish maqsadlariga yoʻnaltirilgan hamda ovqat tayyorlashda ishlatiladigan primus uchun yoqilgʻi sifatida ham kerosindan foydalanilgan. Kerosin ommalashguniga qadar, Yevropada asosan kit yogʻidan tayyorlangan shamlardan foydalanishgan. Shu sababli ham kerosindan foydalanishga oʻtilishi, okeanlarda kitlarning batamom qirib yuborilishini oldini olgan deyish mumkin.
XIX asrda neftchilar neftdan olingan benzinni qoqi bahosida, deyarli “suvtekin” berib yuborar edi. Chunki u paytlar benzin kerosindan keyingi, ikkilamchi yondosh mahsulot sanalgan. Uni hatto shunchaki toʻkib yuborishgani haqida ham maʼlumotlar mavjud. XIX asr oxirlarida ham benzinni asosan dorixonalarda, burgaga qarshi dori sifatida juda arzonga sotib olsa boʻlardi.
Benzin faqat avtomobil ichki yonuv dvigateli uchun eng maqbul yonilgʻi sifatida sinovdan oʻtgach qadr topa boshlagan. Hozirda jahon neft bozorining katta qismi asosan benzin va aviakerosin ishlab chiqarish sanoati uchun ishlaydi.
Neftni qazib olish joyidan kelib chiqib, uning sifati va shunga monand narxi belgilanadi. Jahon bozorida neft narxi uchun asosan etalon sifatida Brent tipidagi neft narxi olinadi. Bu Britaniyadan sharqda va Norvegiyaning janubida joylashgan, Shimoliy dengizdagi bir necha neft konlaridan olinadigan neft turidir. Brent aslida akronim soʻz boʻlib, Shimoliy dengizdagi Broom, Rannoch, Etive, Ness va Tarbert konlarining bosh harflaridan olingan. Ushbu neft markasi etalon sifatida olinishining asosiy sababi, uni yetkazib berishdagi ishonchlilik hamda bir necha mustaqil qazib oluvchilarning mavjudligi (yaʼni taklif boʻyicha raqobat borligi) bilan izohlanadi.
Lekin hozirda Brent markali neft narxi manfiyga tushmagan, balki WTI tipidagi neft narxi shunday darajada qulagan xolos. WTI nefti nomi ham bosh harflardan yasalgan, yasama nom boʻlib, u inglizcha West Texas Intermediate soʻzlarining qisqartmasidir. Nomidan koʻrinib turibdiki, u AQShning Texas shtatida qazib olinadi. Bu turdagi neft asosan avtomobil uchun benzin ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi va u Shimoliy Amerika bozori hamda Xitoyda juda xaridorgirdir. 2010-yilgacha boʻlgan vaqtda, WTI markali neft Brent tipidagi neftdan 1—4 dollarga arzon yurar edi.
freepik.com
Xalqaro birliklar tizimi — SI boʻyicha vazn birligi uchun tonna qabul qilinganiga qaramay, birja savdolarida neft oʻlchami barrel birligida sotilishi tarixan saqlanib qolgan qiziq faktdir. Barrel – ingliz tilida “bochka” degani boʻlib, neftni qadoqlash uchun qoʻllanilgan, maxsus belgilangan hajmga ega, metall bochkani nazarda tutadi.
Bir AQSh neft barreli 158.988 litr hajmida neft sigʻimiga ega boʻladi. U oʻrtacha 136.4 kg neft deganidir. Lekin bir barrel neftni aniq kilogramm yoki tonnada ifodalash qiyin. Chunki neft turiga, zichligiga qarab, uning ogʻirligi oʻzgaradi.
Endi WTI markali neftning may oyi uchun narxlarini barbod qilgan “fyuchers” termini haqida toʻxtaladigan boʻlsak, uning ingliz tilida “kelajak”, “kelgusida” degan maʼnolarni bildiradigan future soʻzidan kelib chiqqanini izohlashga ortiqcha hojat boʻlmasa kerak. Ingliz tilidan yaxshi xabardor kishilar bu soʻzning maʼnosini shundoq ham biladi, chamamda.
Fyuchers savdolarida xaridor va sotuvchi muayyan tovarni keyinchalik kelgusida belgilangan muddatda yetkazib berish va xarid qilib olishga shartnoma qiladi. Narx oʻsha muddatga borib bozorda qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, shartnoma imzolangan kundagi holatida qolaveradi. Masalan, bugungi manfiy narx sharoitida siz oʻsha WTI markali neftdan 15-may kuni bir barrel sotib olaman deb kelishib qoʻysangiz, 15-may kuni bu turdagi neft narxi 100 dollarga chiqib ketgan taqdirda ham, sotuvchi sizga ushbu -39.44 dollardan yetkazib berishga majbur boʻladi.
Shuningdek, siz ham uni shu narxda sotib olishga majbur boʻlasiz. Agar tomonlardan birortasi shartnomada koʻrsatilgan narxlardan boʻyin tovlasa, birja unga katta jarimalar soladi.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Fyuchers, WTI, Brent, Barrel
Muqova surat: freepik.com