Oʻgʻilmi, qizmi? Bu savol farzand kutayotgan barcha ota-onalarni qiziqtirib kelgan. Oilada oʻgʻil yoki qiz farzand tugʻilishi qanday omillarga bogʻliq? Keling, avvalo, bolaning jinsi qanday shakllanadi degan savolga javob qidirsak. Buning uchun biologiya kursidagi genetika asoslarini yodga olamiz.
Bizga maʼlumki, tanamizdagi har bir hujayra genetik maʼlumotni oʻzida saqlovchi va uning nasldan naslga oʻtishini taʼminlovchi DNKdan tashkil topgan. Insonning barcha belgilari: soch rangi, koʻzi, jinsi, tashqi koʻrinishi va shu kabilar gen hamda xromosomalar toʻplami bilan belgilanadi. Bitta hujayrada 23 juft (46 ta) xromosoma boʻlib, ulardan 22 tasi erkak va ayollarda bir xil (XX), 23-xromosoma esa ayollarda XX, erkaklarda esa XY koʻrinishida boʻladi.
Jinsiy hujayralarni shakllantirish jarayonida juftlashgan toʻplamlar ishtirok etadi. Shunday qilib, barcha tuxum hujayralar 23 ta toq xromosomani oʻz ichiga olib, 23-xromosoma ayollarda har doim X boʻladi. Spermatozoidlar ham 23 ta toq xromosomani oʻz ichiga oladi, ammo 23-xromosoma erkaklarda X yoki Y boʻlishi mumkin. Tuxum hujayrani urugʻlantirgan spermada qanday toʻplam boʻlishiga qarab, yaʼni 23-xromosoma Y boʻlsa oʻgʻil, X boʻlsa qiz tugʻiladi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, tugʻilajak farzandning jinsini otadan oʻtuvchi jinsiy xromosomalar belgilab beradi.
Jinsiy xromosomalarning X yoki Y boʻlishi fan nuqtai nazaridan yana qanday omillarga bogʻliq? Quyida bir necha farazlarni koʻrib chiqamiz.
pixabay.com
Agar erkak jinsiy hujayralari bir xil xususiyatga ega boʻlsa, maʼlum jinsdagi bola tugʻilish ehtimoli teng boʻlgan boʻlar edi. Ammo bunday emas, Y spermatozoidlar tezroq harakat qilsa ham, ular kam-bardoshli. X spermatozoidlar esa unchalik faol emas, lekin ayol jinsiy tizimining ichki muhit omillari taʼsiriga yaxshiroq bardosh bera oladi. Bundan tashqari, ayol tanasida spermatozoidlar 5—7 kungacha faol boʻlishi mumkinligi oʻrganilgan.
Farazlardan biriga koʻra, irodali va kuchli ayollar koʻproq oʻgʻil farzand, nisbatan muloyim, nozik ayollar esa koʻpincha qiz farzand koʻrishga moyil boʻladi. Bunda spermatozoidning X yoki Y boʻlishi ayoldagi gormonlar darajasiga ham bogʻliq deb ishoniladi.
Boshqa bir farazga koʻra, qaysi spermatozoid (X yoki Y) tuxum hujayrani urugʻlantirishi bachadonning ichki muhiti bilan belgilanadi, yaʼni X yoki Y spermatozoid maʼlum bir muhitda yaxshiroq yashaydi. Misol uchun, ishqorli muhit X spermatozoid, kislotali muhit esa Y spermatozoid uchun qulay boʻlishi mumkin yoki buning aksi.
Shuningdek, bolaning jinsi ayolning hayz davri va ovulyatsiyaga nisbatan urugʻlanish vaqtiga ham bogʻliq boʻlishi mumkin degan fikr ham mavjud.
Yana bir farazlardan biri turli parhezlar bilan bogʻliq. Homiladorlikdan oldin onaning ovqatlanishi bolaning jinsiga ham taʼsir qilishi mumkinligi haqida ham qarashlar talaygina. Misol uchun, goʻsht yoki bananga boy parhez oʻgʻil tugʻilishiga, sut mahsulotlari va shokoladli parhez qiz tugʻilishiga mos kelishi mumkin.
Biroq yuqoridagi fikrlar faraz darajasida va hech qanday ilmiy dalilga ega emas. Eng soʻnggi oʻrganilgan nazariyalardan biri homilaning qiz yoki oʻgʻil boʻlishi nasldan oʻtadi degan farazni inkor qilmoqda.
2020-yil Shvetsiya davlati Karolinska institutida oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, ota-onalarning geni farzandning jinsiga hech qanday taʼsir koʻrsatmas ekan. Bunga koʻra, bolaning jinsiy shakllanishi irsiy emas, balki tasodifan sodir boʻlishi aniqlandi. Yaqin-yaqingacha olimlar oʻgʻil yoki qiz tugʻilishiga moyillik bizning genlarimizda kodlangan deb hisoblar edi: oilada qiz farzand koʻproq boʻlsa, keyingi avlodlarda ham koʻproq qiz bolalar tugʻiladi va aksincha, oʻgʻil bolalar koʻp boʻlsa, keyingi avlodda ham oʻgʻillar tugʻilishi ehtimoli yuqori boʻladi deb qaralar edi.
Shvetsiyalik tadqiqotchi Ralf Kuja-Halkol boshchiligidagi guruh bir nechta olimlar bilan birgalikda bu nazariyaning qanchalik toʻgʻri ekanligini tekshirib koʻrishga qaror qildi. Ular 1932-yildan beri Shvetsiyada tugʻilgan barcha bolalar – 3,54 milliondan ortiq ota-ona va 4,75 milliondan ortiq bola haqidagi maʼlumotlarni tahlil qilib, ushbu tadqiqotda oʻrganib chiqilgan odamlarning farzandi amma yoki amakilari bilan bir xil jinsiy nisbatga ega yoki yoʻqligini oʻrganib chiqdi. “Biz naslning jins nisbatiga hech qanday genetik taʼsiri yoʻq ekanligini aniqladik”, – deb yoziladi Proceedings of the Royal Society jurnalida. Shuningdek, tadqiqotchilar birinchi va ikkinchi bola, ularning jinsi oʻrtasida ham hech qanday bogʻliqlik boʻlmasligini aniqladi. Oilada qiz farzand boʻlsa, ikkinchi farzandning oʻgʻil boʻlish ehtimoli oshmaydi yoki aksincha. Bundan tashqari, tadqiqotchilar boy ota-onalarning oʻgʻli yoki “yumshoq” insonlarning qizi koʻproq boʻlishi haqidagi qarashlarni ham shubha ostiga olgan. Buni ular ota-onadagi gormonlar darajasiga bogʻliq boʻlishi mumkin deb izohladi. “Bizning natijalarimiz jinsiy nisbatlar nazariyasini inkor qiladi va uni qayta koʻrib chiqishni taklif qiladi”, — deydi maqola hammuallifi Brendan Zitch.
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, bolaning jinsi otadagi jinsiy xromosomalarga bogʻliq boʻlishi bilan bir qatorda, X yoki Y spermatozoidning urugʻlanishi mutlaqo tasodifiy tarzda sodir boʻladi.
Muqova surat: pixabay.com
Manbalar:
→ zdrav.kz
→ royalsocietypublishing.org
→ rg.ru/2020/02/21/oprovergli-populiarnye-teorii
→ minikar.ru/health/ot-kogo-zavisit-budushchii-pol-rebenka-kto-otvechaet-za-pol-rebenka-rasskazyvaet