Aqlga sig‘mas manzara: XX asrda kelajak shaharlari qanday tasvirlangan?

Ilmiy-fantastik yozuvchilar kelajakni bulutlarga qadar koʻtarilgan, osmonoʻpar bino, juda tez harakatlanadigan mashina va ilgʻor kuzatuv tizimlari bilan tasvirlagan. Ularning tasavvuri qanchalik haqiqatga yaqin ekanini “aqlli shahar” gʻoyasini amalga oshirayotgan zamonaviy megapolislar orqali baholash mumkin. Homo Science platformasi bilan birgalikda klassik fantaziyaning qaysi elementlari hayotimizning bir qismiga aylanganini koʻrib chiqamiz.


Bashorat qilish imkoniyati

Ijodkor odamlar koʻpincha oʻz zamonasini ortda qoldirib, zamondoshlarining xayoliga ham kelmagan hodisalar haqida bashorat qiladi. “Bir kishi tasavvur qila oladigan narsani boshqasi reallikka aylantira oladi”, — degan edi Igor Sikorskiy. U Jyul Vernning “Bosqinchi Robur” asari uni vertolyot yaratishga ilhomlantirganini tan olgandi. Stanislav Lem 1960-yillarda 3D printerlar texnologiyasini tasvirlab bergan boʻlsa, Gerbert Uells XIX asr oxirida lazer va gen muhandisligi haqida yozgan. Rey Bredberi esa oʻtgan asrning oʻrtalaridayoq uchuvchisiz transport vositalari, “aqlli soat”lar hamda “aqlli uy” tizimlari kabi qator zamonaviy texnologiyalar paydo boʻlishini oldindan aytib bergan edi.


Shu tariqa, fantastik adabiyot mualliflari nafaqat kelajakni bashorat qildi, balki oʻz kitobxonlarining keyingi avlodlarini eng yorqin, eng dadil gʻoyalarni hayotga tatbiq etish uchun ruhlantirdi. Ular bashoratchimi yoki amalga oshirish mumkin boʻlgan kelajak loyihalarini biz uchun chizib bergan isteʼdodli mutaxassislarmi? Bulardan professional muhandis, dasturchi, shaharsoz, IT mutaxassisi va dizaynerlar yil sayin “aqlli” boʻlib borayotgan shaharlarni rivojlantirish uchun gʻoyalar tanlab oladi.


“Aqlli shahar” nima?

Eng yirik, zamonaviy megapolislarning qurilishi bugungi kunda optimal boshqaruv imkoniyatini taqdim qiladigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internetni birlashtirgan “aqlli shahar” gʻoyasiga amal qiladi. Gʻoyani amalga oshirishda tengsizlik, ishsizlikka qarshi kurashish, energiya samaradorligi, atrof-muhit va ekologiya holatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Aqlli shahar” markazida esa inson turadi. U oson boshqariladi va fuqarolarni rivojlantirish hamda tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi. Butun dunyo boʻylab poytaxt, yirik va oʻrta shaharlar “aqlli” boʻlib bormoqda. Ular orasida Moskva, Tokio, Singapur, Nyu York, Barselona kabi shaharlar bor.


Shahar, yoʻl va transportlar qurilmasi

Nima bashorat qilingan edi?


Rey Bredberining “Farengeyt boʻyicha 451 daraja” romanida tasvirlangan voqealar katta, rang-barang va rivojlangan megapolisda boʻlib oʻtadi. Bu shahar atrofida joylashgan, pastqam uylar bilan oʻralgan koʻp vazifali jamoat, biznes va sanoat markazidir. Markaz va aholi punktlari oʻrtasidagi aloqa shovqinsiz pnevmatik poyezdlar bilan jihozlangan metro, shuningdek, reaktiv tezyurar mashinalar harakatlanadigan yoʻllar tarmogʻi yordamida amalga oshiriladi. Roman yozilayotgan vaqtda (1953-yil) bunday transport tarmogʻi yozuvchi yashagan makonga taalluqli emas edi.


Bredberining “Piyoda” (1951-yil) qissasida haydovchisiz mashinalar, Jon Brannerning 1968-yilda chop etilgan “Zanzibarda turing” (1968-yil) distopiya romanida qayta zaryadlanuvchi elektr yonilgʻi batareyasi bilan harakatlanadigan elektromobillar haqida soʻz boradi.


“Men toʻqqiz yoshdan oʻn besh yoshgacha boʻlgan bolalarga toʻla, eski Morrison yuk mashinasini (birinchi akkumulyatorli model) uchratishni kutmagan edim. Bolalar keluvchilarga orqa eshik tarafdan jilmayib, qoʻl siltar edi”.


J. Branner, “Zanzibarda turing”


Shaharlarning kelajagi haqida bolalar yozuvchilari ham gapirib oʻtgan. Masalan, Nikolay Nosov Bilmasvoyni Quyoshli shaharga yuborgan. U yerda odamlar velosipedlarni ijaraga olishi va avtomobillarda uchishi mumkin edi. Yoʻlovchilarga manzilga yetishda audiogidlar va navigator yordam berardi.


Bilmasvoy yana rulga oʻtirdi va pastga qarab, juda balandlikka koʻtarilganini koʻrdi. Pastda ular hozirgina bosib oʻtgan yoʻl kichik chiziqdek koʻrinib turardi.


Oxirgi mashinaga yaqinlashgan sehrgar qoʻlini radiator orqasidagi teshikka tiqdi va pakanalar mamlakati xaritasi chop etilgan karton xaritani chiqardi. Xaritadan Gullar shahrini topib, uni qalam bilan belgiladi va Quyoshli shahardan Gullar shahriga olib boradigan yoʻlni chizdi hamda xaritani joyiga qoʻyib, dedi: “Endi mashinaga oʻtiring, uskunalar panelidagi mana bu tugmani bosing. Mashina sizni kerakli manzilga oʻzi yetkazadi. Agar toʻxtamoqchi boʻlsangiz, oʻsha tugmani bosing. Agar yoʻlda davom etmoqchi boʻlsangiz, yana oʻsha tugmani bosishingiz kifoya. Bu hamasi – boshqaruv usuli”.


Bundan tashqari, koʻplab uylarda velosiped, samokat, tennis raketkasi, futbol va voleybol toʻpi, kegl, ping-pong va shaharchalarni ijaraga olish mumkin boʻlgan ijara punktlari mavjud edi… Siz bu oʻyinlarni oʻynayotgan odamlarni hamma joyda – maydon, maxsus oʻyingoh va hovlilarda ham koʻrishingiz mumkin edi.


N. Nosov “Bilmasvoy Quyoshli shaharda”


Haqiqatda esa qanday?

Bredberi taʼrifiga oʻxshash shahar modeli bugungi kunda, xususan, AQSh va Kanadada yaratilmoqda. Markaziy Chikago bu – biznes hayoti qizgʻin davom etayotgan osmonoʻpar binolar toʻplami boʻlsa, “katta Chikago” bir va ikki qavatli turar joy binolaridan iborat. Toronto ham xuddi shunday tartibda qurilgan: koʻp qavatli markaz atrofida transport infratuzilmasi rivojlangan, kam qavatli rayonlar joylashgan.


Qizigʻi shundaki, “Farengeyt boʻyicha 451 daraja” romanidagi shaharda avtomobillarning oʻrtacha tezligi soatiga 140—160 kilometr va undan ham koʻproqni tashkil qiladi. Zamonaviy shaharlarda, aksincha, tabiiy toʻsiqlar va sunʼiy usullar yordamida tezlikni cheklashga intilishadi.


Elektromobil va uchuvchisiz samolyotlani (inson nazorati ostida harakat qilsa ham) megapolis koʻchalarida uchratish mumkinligiga qaramay, avtomobillar koʻpincha eng qulay transport turi emas. Moskva yoki Amsterdamda boʻladimi, “aqlli mobillik”ning ajralmas qismi raqamli xizmatlar orqali ijaraga olinadigan velosiped va samokatlar boʻlib, ular tirbandliklardan qochish va istalgan vaqtda transport vositasining oʻrnini bosish imkonini beradi.


Bundan tashqari, zamonaviy shaharlar, hatto viloyatlar ham raqamli maʼlumotlar bilan toʻldirilgan. Datchiklar, katta maʼlumotlar bilan ishlaydigan navigator va xaritalar nafaqat koʻchalarda harakatlanish, balki real vaqt rejimida shaxsiy va jamoat transporti holatini kuzatish imkonini beradi. Uylarning devorida shahar haqida qoʻshimcha maʼlumotlarni beruvchi QR kodlarni, jumladan, audioqoʻllanmalarni topishingiz mumkin. Barcha smartfon foydalanuvchilari ulardan foydalanishi mumkin.


Odamlar va shahar tizimlari oʻrtasidagi aloqa

Nima bashorat qilingan edi?


Gerbert Uellsning “Xudo kabi odamlar” (1923-yil) romanidagi qahramonlar ovozli xabarlar orqali muloqot qiladi va elektron pochta kabi xizmatdan foydalanadi, Rey Bredberining “Qotil” (1953-yil) hikoyasida esa odamlar radio bilakuzuklardan – mikrofon va dinamika oʻrnatilgan kichik soatlardan foydalangani keltirilgan. Bredberi tasvirlagan qurilma bir vaqtning oʻzida bir nechta ixtironi – uyali aloqa, “aqlli soat”lar va simsiz internetni bashorat qiladi.


Maʼlum boʻlishicha, utopiyachilar maxsus kelishuvdan tashqari holatlarda telefonda gaplashmas ekan. Istalgan xabar qabul qiluvchi maʼlum boʻlgan mintaqaviy stansiyaga uzatiladi. Xabarlar qabul qiluvchi ularni eshitishni xohlamagunga qadar oʻsha yerda saqlanadi. Agar u xabarni qayta eshitishni xohlasa, uni yana tinglashi mumkin. Keyin u javob qaytaradi. Ushbu uzatmalarning barchasi simsiz tarzda amalga oshiriladi.


Gerbert Uells “Xudo kabi odamlar”


Radiobilakuzuk past ovozda jiringladi.


— Eshitaman.
— Dada, bu men, Li. Esingizdan chiqmadimi? Menga pul kerak.
— Ha, esimda oʻgʻlim. Men hozir bandman.
— Men sizga eslatmoqchi edim, dada, — dedi bilakuzuk.


R. Bredberi “Qotillar”


Haqiqatda esa qanday?


Bugungi kunda “aqlli shahar” asosini aynan aloqa texnologiyalari tashkil qiladi. Ularsiz maʼlumot almashish, yoʻldagi va metro tirbandligi haqida maʼlumot olish, raqamli hujjat aylanishi, koʻp funksiyali markazlardan maʼlumot olish va boshqa koʻp narsalarni amalga oshirish mumkin emas. Zamonaviy shahar uchun turli xil aloqa turlari muhim: avtobus bekatidagi Wi-Fiʼdan tortib, shahar yoki mintaqadagi ob-havo haqida maʼlumot toʻplaydigan sensorlarning tarmoqlarigacha.


nplus1.ru
Katta maʼlumotlar va internet

Nima bashorat qilingan edi?


Katta maʼlumotlarning ahamiyati Stiven Spilberg rejissyorligida suratga olingan Filip K.Dik (1956-yil) nomidan hikoya qilinadigan “Maxsus fikr” filmida tasvirlangan. Fantast yozuvchi tomonidan tasvirlangan kelajak Vashingtonida koʻplab ilgʻor texnologiyalar qoʻllaniladi: koʻz qorachigʻi orqali insonning kimligini aniqlashdan tortib, raqamli inqilob tufayli paydo boʻlgan jinoyatlarning oldini olish va bashorat qilish tizimigacha.


Haqiqatda esa qanday?


Prediktiv tahliliy tizimlar allaqachon bir qator mamlakatlarda politsiya xizmatida foydalanilmoqda (ular haqida koʻproq maʼlumot olish uchun “U qotillikni bashorat qildi” maqolasini oʻqing). Xitoyning ayrim provinsiyalarida 2020-yil holatiga koʻra 900 dan ortiq “aqlli shahar” loyihasi ishga tushirildi. Insonning xatti-harakatlari haqidagi maʼlumotlarni jamlaydigan va uning ishonchliligi toʻgʻrisida xulosa chiqaradigan ijtimoiy nazorat tizimi yoʻlga qoʻyildi.


Zamonaviy “aqlli shahar”ning koʻzi bu – kuzatuv kameralari va ularga oʻrnatilgan yuzni tanib olish tizimi. Ular nafaqat jinoyatchilarni aniqlash va harakatni nazorat qilish, balki metro va doʻkonlarda ham toʻlov qilish imkonini beradi.


Energiya va resurslar

Nima bashorat qilingan edi?


Fantastik adabiyotlarda tasvirlangan aholi punktlari koʻpincha resurs, suv yoki energiya taqchilligiga duch keladi. Masalan, Frank Gerbertning (1965-yil) romani asosida suratga olingan “Qumtepalar” filmi ham qurgʻoqchilik muammosiga bagʻishlangan. Arrakis sayyorasi hayot uchun noqulay joy ekani, shuning uchun mahalliy aholi oʻz hurmatini tupuk bilan izhor etishi va ular uchun eng qimmatli narsa, suvni baham koʻrishga tayyor ekanligi koʻrsatilgan.


Ayzek Azimovning 1964-yilgi Jahon koʻrgazmasi uchun bashorati juda taʼsirli chiqqan. Yozuvchi kelajak haqida soʻzlaydi va 2014-yilga kelib, bir yoki ikkita tajriba elektr stansiyalari paydo boʻlishini hamda Yerning choʻl hududlarida yirik quyosh generatorlari paydo boʻlishini bashorat qiladi.


Haqiqatda esa qanday?


Sayyoramizning ayrim hududlarida aholi uchun resurslarning yetishmasligi allaqachon haqiqatga aylangan boʻlsa, boshqalari uchun bu vaqt masalasidir. “Aqlli shahar”lar resurslardan barqaror foydalanish, shuningdek, resurs va energiyani tejashga qaratilgan. Masalan, shaharlarda iqlim oʻzgarishi fonida miqdori kamayadigan toza suvdan oqilona foydalanish, uni qayta ishlash, isteʼmolni monitoring qilish va yomgʻir suvi hamda kondensat yigʻish texnologiyalarini joriy etish mumkin.


Xuddi shu narsa elektr energiyasiga ham tegishli. Zamonaviy shaharlar “aqlli” koʻcha yoritkichlari va elektr energiyasini ishlab chiqarish, isteʼmol qilish boʻyicha maʼlumotlarni toʻplaydigan “aqlli tarmoq”lar orqali energiyani tejaydi.


Ayzek Azimovning termoyadroviy energiya rivojlanishi haqidagi bashorati hanuzgacha amalga oshgani yoʻq, undan tijorat maqsadlarida foydalanish esa uzoq kelajakda kutilayotgan rejalarning bir qismidir (bu haqda koʻproq “Quyoshni butilkaga soling!” maqolasida oʻqing). Tan olish kerak, Yerda Quyoshni “yoqish” olimlar uchun endi fantastika emas, balki haqiqatga aylangan. Shu bilan birga, odamlar boshqa turdagi Quyosh energiyasidan oʻz manfaati yoʻlida tobora koʻproq foydalanmoqda. “Aqlli shahar”larda Quyosh panellari qoʻshimcha ekologik toza energiya manbaiga aylanmoqda.


nplus1.ru
“Aqlli shahar” aglomeratsiyalangan shahardir

Rey Bredberi, shuningdek, aglomeratsiya shaharlari – intensiv sanoat, transport va madaniy aloqalarga ega boʻlgan, koʻp komponentli dinamik tizimga birlashgan aholi punktlarining ixcham jamlanmasi paydo boʻlishini bashorat qilishga muvaffaq boʻlgan. Oldos Xakslining “Jasur yangi dunyo” distopiyasi (1931-yil) kelajak dunyosini oʻta texnologik va genetik jihatdan dasturlashtiriladigan dunyo sifatida taqdim etadi.


Kelajak shahri bu – ulkan aglomeratsiya. Markazdagi koʻp millionli shahar bir-biridan ajralib turadigan yoʻldosh shaharchalarning halqalari bilan oʻralgan. Ular oʻzaro vertoplan yoʻllari, tezyurar elektr poyezdlarining monorels tarmogʻi, shuningdek, samolyotlar oʻrnini bosadigan, raketa aloqa tizimi bilan bogʻlangan.


Ular Markaz Londonni yoʻldosh shaharchaning birinchi halqasidan ajratib turuvchi, olti kilometrlik bogʻ ustidan uchib oʻtdi.


Vertoplanning ovozi tun ogʻushini tinimsiz toʻldirardi. Har ikki yarim daqiqada joʻnash signali va monorelsli elektropoyezdning boʻgʻiq ovozi yangrardi. Bular oʻz oʻyin maydonlaridan poytaxtdagi uylariga qaytayotgan quyi kasta (tabaqa) vakillari edi.


O. Xaksli “Jasur yangi dunyo”


Sanoat atrof-muhitga zararli taʼsirini kamaytirishga muvaffaq boʻldi. Zavod va fabrikalar shahar ichi boʻylab bir tekisda joylashgan. Shahar asosan koʻp qavatli binolardan iborat boʻlib, ularning balandligi oʻrtacha 70 qavatni tashkil etadi. Uy tomlarining tepalarida vertolyotlar uchun uchish-qoʻnish yoʻlaklari mavjud. Asosiy blokda har biri bir odam uchun moʻljallangan xonadonlar joylashgan boʻlib, birinchi qavatlar maishiy ehtiyojlar hamda muhandislik kommunikatsiyalari uchun tadqim qilingan. Moskva yoki London atrofidagi aglomeratsiyani juda eslatuvchi manzara, shunday emasmi?


Hayotimizni osonlashtiradigan “aqlli shahar”lar va texnologiyalar haqida koʻproq bilishni xohlaysizmi? Homo Science platformasi yetarli bilimga ega boʻlgan olimlar, blogerlarni jalb qilish orqali shu va boshqalar haqida maʼlumot beradi.


Zamonaviy shaharsozlik odamlarga katta eʼtibor qaratadi, shaharni optimallashtirish texnologiyalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Yashash maydoni har bir aholi vakili uchun ijodiy salohiyatni kashf etish va hayot sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan, iqtisodiy rivojlanish uchun barcha shart-sharoitlarni taʼminlaydigan, qulay muhitga aylanadi.


Muallif: Albina Kudryakova. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Фантастический вид. Как в XX веке изображали города будущего” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru