2-qism. Shifokor qorli adirlardan o‘tolmaydi: Rossiyada teletibbiyotni kim rivojlantirmoqda?

Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/14709


Bemor har doim yolgʻon gapiradi

“Men shifokor va bemor konsultatsiyasi 100 foiz foyda beradi deb hisoblayman, ammo bu usul qoʻllanishi zarur boʻlgan oʻrinlarni aniq belgilab qoʻyish kerak. Klinika shifokori bemorning murakkab operatsiyalardan soʻng tiklanish jarayonini nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Shu bilan birga, bemor poliklinikadagi shifokor emas, balki uni davolovchi shifokor nazorati ostida boʻlishi maqsadga muvofiqdir. Qonun qandaydir tarzda Gʻarbda amalda boʻlgan oilaviy shifokor tushunchasini koʻchirib oʻtkazgan. Bunday shifokor bemorlarni ikki yoki uch avloddan beri biladi. Endi esa siz bemorni, eng yaxshi holatda uning tibbiy kartasini kuzatish uchun poliklinika shifokoriga, uni hech qachon koʻrmagan mutaxassisga topshirdingiz. Qisqa vaqt ichida shifokor toʻgʻri davolanishni belgilab beradimi? Men bunday deb oʻylamayman”, — deydi Stolyar.


Stolyar nazarda tutgan qonun 2018-yilda kuchga kirdi. Endilikda teletibbiyot mutaxassislar oʻrtasidagi muloqot boʻlishi bilan cheklanib qolmaydi. Uning yana bir yutuqli tomoni, bemorlarga masofaviy kolsultatsiya berishdir.


Aytaylik, bemor yurak xuruji yoki insultni boshdan kechirgan va tiklanmoqda. Bu uzoq, murakkab jarayon boʻlib, uni nazorat qilish kerak. Davolovchi shifokor bemorni har ikki yoki uch kunda bir marta tekshiruvdan oʻtkazishi kerak, lekin bemorning uyiga tashrif buyurish juda koʻp vaqt talab etadi.


Biroq faqatgina takroriy konsultatsiyalar masofadan turib amalga oshirilishi mumkin. Agar siz shamollagan boʻlsangiz va sizga shifokor kerak boʻlsa, u sizga masofadan turib retsept yozib bermaydi. Siz shifokor koʻrigiga borishingiz yoki shifokorni uyga chaqirishingiz kerak boʻladi. Bemor hozirga qadar shifoxonaga kelishi, tibbiy kartani olishi (shular bilan bir qatorda, shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlashga ruxsat berib, imzo qoʻyishi lozim), mutaxassis qabuliga yozilishi kerak. Shundan keyingina shifokor bemor bilan masofadan turib ishlash imkoniyatini qoʻlga kiritadi.


Bu yerda texnologiyaning gʻalabasi toʻliq emasdek koʻrinadi, ammo Valeriy Stolyarning soʻzlariga koʻra, bu oqilona chora. Chunki shifokorlar bemorning soʻzlariga toʻliq tayana olmaydi va koʻp hollarda shaxsiy tekshiruv zarur.


“Doktor Haus” serialida nima deyilgandi? Bemor har doim yolgʻon gapiradi! U yolgʻon gapirmoqchi boʻlgani uchun emas, balki inson tabiatida ayyorlik boʻlgani uchun aldaydi. Hatto shifokor sifatida hamkasbimiz oldiga kelganda ham biz haqiqatni toʻla gapirmaymiz. Nima uchun, deysizmi? Shunchaki oʻpka yoki boshqa organ bilan bogʻliq muammolar oʻn yil davom etganiga ishonishni xohlamasligimiz uchun. Biz esa “Yoʻq, bu muammo faqat oxirgi ikki yoki uch yildan beri bor”, deb aldaymiz.


“Bugungi kunda bozorda mavjud boʻlgan uskunalarning kamchiliklari shundaki, u tibbiyot nuqtayi nazaridan yaxshi rejalashtirilmagan. Chunki ularni koʻpincha shifokorlar emas, balki isteʼdodli dasturchilar ishlab chiqadi”, — deydi professor.


Katta biznes teletibbiyotni oʻz loyihalarida qanday qoʻllamoqda?

2004-yilda Rossiya temiryoʻllari teletibbiyot va koʻchma tibbiy komplekslarga ega poyezdlarni yoʻlga qoʻydi. Uskunalar voqea joyida 20 daqiqada tayyorlanishi mumkin. Bunday poyezdlar ultratovush apparatlari, mammograf, endoskop, rentgen va laboratoriya majmuasi bilan jihozlangan. Shifokorlar bemorga mamlakatning yetakchi klinikalari shifokorlari bilan maslahatlashish uchun sunʼiy yoʻldosh aloqalaridan foydalangan holda, qoʻshimcha uskunalarni joylashtirib, tashxis qoʻyishi mumkin.


2017-yil dekabr oyida Sberbank, Docdoc xizmati va Medscan tibbiyot markazlari tarmogʻi “Salomatlik moduli” qoʻshma loyihasini ishga tushirdi. Bu Sberbank xodimlari uchun Agile Home nomli Moskva idorasida oʻrnatilgan shifokorlar bilan onlayn konsultatsiyalar uchun boʻlinmadir. Ushbu yerda qon bosimi, yurak urishi va haroratni oʻlchash, kardiogramma qilish va videoaloqa orqali shifokorga murojaat qilish mumkin boʻlgan uskunalar oʻrnatilgan.


2018-yilda “Gazprom neft” yoqilgʻi quyish shoxobchalari va “Yandeks.Taxi” kompaniyasi taksi haydovchilari uchun masofadan turib, yoqilgʻi quyish shoxobchasida ishga chiqish oldidan tibbiy koʻrikdan oʻtishi mumkin boʻlgan xizmatni yoʻlga qoʻydi. Xizmat davomiyligi 2–5 daqiqani tashkil etadi. Tizim shaxsni aniqlaydi, natijalar almashib ketishining oldini oladi va ularni maʼlumotlar bazasida saqlaydi. Qurilma qon bosimi va yurak urishini oʻlchaydi, qonda alkogol yoki giyohvand moddalar bor-yoʻqligini, haydovchining juda charchaganini tekshiradi. Olingan maʼlumotlar darhol shifokorga yuboriladi.


Teletibbiyot qachon kundalik hayotimizning bir qismiga aylanadi?

Teletibbiyot dunyodagi eng tez rivojlanayotgan tibbiyot bizneslaridan biridir. Telehealth Market Global Market Outlook maʼlumotlariga koʻra, global teletibbiyot bozori 25 foizga oʻsib, 2018—2024-yillarda 40 milliard dollarga yetadi. Teletibbiyot Shimoliy Amerikada eng tez rivojlanmoqda. Koʻrsatilgan yillarda teletibbiyot qitʼada taxminan 27 foizga oʻsishi prognoz qilinmoqda.


Jahon teletibbiyot bozorida yangi qurilmalar paydo boʻlmoqda. InTouch Health, iRobot va Vecna Technologies allaqachon olis klinikalardagi shifokorlarning oʻrnini bosa oladigan va kelgusi yillarda bozorni sezilarli darajada oʻzgartirishga qodir robotlarni ishlab chiqqan. Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, shifokorlarga salomatlik haqidagi maʼlumotlarni uzatish imkonini beruvchi qurilmalar, jumladan, oftalmologga bemorning koʻzini tekshirish imkonini beruvchi kameralarni ishlab chiqdi.


Oʻylaymanki, ikki-uch yildan soʻng barchamizning uyali telefonimizda teletibbiyot ilovasi boʻladi, chunki hozir menda maslahatlarda qatnashish, videoqoʻngʻiroqlar qilish, hamkasbimga har qanday holatni koʻrsatish imkonini beruvchi bir nechta dasturlar bor. Koʻpi bilan besh yildan soʻng toʻgʻri bajarilishi sharti bilan shifokor-bemor teletashxisi mutlaq meʼyorga aylanadi.


Qonuniy jihatlarini hisobga olmaganda, bizning teletibbiyot tizimida ham muammolar mavjud. Masalan, qonunga koʻra, shifokorning bemorni tekshirishi uchun sogʻliqni saqlash sohasida yagona davlat axborot tizimi boʻlishi zarur. Bunday tizim esa hamon yaratilmoqda. Bundan tashqari, koʻpgina shifoxonalarda bemor bilan muloqot qilish uchun zarur boʻlgan uskunalar yetishmaydi, baʼzilarida hatto eng oddiy kompyuterlar ham mavjud emas. Har bir telefonda oʻrnatilgan Skype dasturi orqali bemorga qoʻngʻiroq qilishning ham imkoni yoʻq, chunki Skype bemorning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilishning zarur darajasini taʼminlamaydi. Aslida, shaxsiy maʼlumotlarni saqlab qolish uchun sogʻliqni saqlash sohasidagi yagona tizim boʻlishi kerak.


Yana bir ruslarga xos muammo bor. Yurtdoshlarimiz teletibbiyot imkoniyatlariga chindan ham ishonmaydi. Undan koʻra hayotiy koʻrsatkichlarni nazorat qiladigan bilakuzuklarga koʻproq tayanadi. Milliy endokrinologiya ilmiy markazi bosh shifokori Natalya Mokrishevaning soʻzlariga koʻra, shifokorlarning oʻzi ham boshqa shaharlardagi hamkasblari bilan maslahatlashishga shoshilmayapti. Hatto yetarli darajadagi asbob-uskunalar mavjud boʻlgan shifoxonalarda ham shifokorlar mustaqil ravishda qaror qabul qilishni afzal koʻrmoqda.


Teletibbiyot konsultatsiyalar uchun toʻlovni amalga oshirish ham bitta boshogʻriq. Tizimda telekonsultatsiyalar uchun hisob-kitoblar mavjud emas. Natalya Mokrisheva ham buni taʼkidladi. Faqatgina alohida mintaqaviy dasturlar, DMS dasturlari va kompaniyalar uchun foydali shartnomalar bor xolos. Shifokor-bemor konsultatsiyasi hanuzgacha taqiqlangan. Natijada shifokorlar teletibbiyot xizmati doirasida bemorga maslahat berish, tashxis qoʻyish, retsept yozish, qabulga yozilish uchun qonuniy asos va imkoniyatga ega boʻlmayapti.


Ondoc oʻtkazgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, 2018-yilda teletibbiyot xizmatlari tibbiyot muassasalarining 72 foizi tomonidan amalga oshirilgan, ammo ularning atigi 67 foizi 2019-yilda loyihani davom ettirishga tayyorligini bildirgan. 95 foiz xususiy klinikalarda boʻlgan tibbiyot muassasalari vakillarining fikricha, “Teletibbiyot toʻgʻrisida”gi qonun soha rivojiga hissa qoʻshmaydi. Masalan, “Medsi” klinikasi shifokorlar masofaviy tashxis qoʻyish huquqiga ega boʻlgan taqdirdagina teletibbiyot xizmati shifokorlar va xalq orasida katta talabga ega boʻladi deb hisoblaydi.


“Rossiyada teletibbiyot xizmatlari bilan bogʻliq asosiy muammo shundaki, bu bozor yangi, anʼanalar esa konservativ hisoblanadi. Shifokorlarning odatlari juda sekin oʻzgaradi, startaplar esa tez nobud boʻladi”, — deydi Invitro raqamli tibbiyot boʻlimi rahbari, Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligining texnologiyalar, axborot va kommunikatsiyalar boʻyicha mutaxassislar kengashi aʼzosi Boris Zingerman. “Albatta, doʻstona tartibga solinmagan nazorat va teletibbiyot xizmatlariga oid toʻlovlar boʻyicha noaniqlik ham sohaning rivojlanishidagi jiddiy toʻsiqdir. Ammo buni faqat rus xalqiga doir deb boʻlmaydi. Bunday muammo butun dunyoda birdek uchraydi”, — deya qoʻshimcha qiladi mutaxassis.


Biroq Zingerman “teletibbiyot albatta gʻalaba qozonadi” deya hisoblaydi. “Onlaynlashtirish qulatib boʻlmas ijtimoiy tamoyildir. Ammo uning tibbiyotdagi tabiiy transformatsiyasi boshqa sohalarga qaraganda sekinroq kechmoqda”, — deydi Zingerman.


Muallif: Olga Dobrovidova. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Доктор не поедет сквозь снежную равнину” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus.ru