Elektromobillar erasida ummon yordamga keladi

Jahon energetika tarmogʻida qayta tiklanuvchan energiya manbalarining ulushi ortgani sayin ichki yonuv dvigateliga asoslangan, anʼanaviy avtomobillar oʻrnini elektromobillar egallashi asnosida insoniyatning akkumulyatorlarga boʻlgan ehtiyoji yana va yana ortib boradi. Bizga yaxshi tanish boʻlgan akkumulyatorlar asosan metallar orqali kechadigan, kimyoviy reaksiyalar evaziga ishlaydi va ushbu akkumulyatorlarni ishlab chiqarish uchun qoʻrgʻoshin, marganets, kobalt va boshqa metallarning katta zaxiralari kerak boʻladi. Prognozlarga qaraganda, faqatgina elektromobillar uchun kerak boʻlgan akkumulyatorlar bozori kelgusi 3 yil ichida, har yili oʻrtacha 24 foizdan oʻsishi kutilmoqda va shu sababli mutaxassislar akkumulyator ishlab chiqarish uchun zaruriy boʻlgan metallar bozorida tanqislik yuzaga kelishi ehtimolidan xavotirga tushib qolgan.


Shunga qaramay, mazkur muammoning yechimi uchun baʼzi ilmiy-texnik ishlanmalar va takliflar allaqachon mavjud. Xususan, 75 yildan ziyod vaqtdan beri chuqur tubliklardan neft va gaz qazib olish boʻyicha ishlab kelayotgan Oil States Industries kompaniyasi dengiz va ummonlar tubidan metallarni qazib olish borasida, yangicha yondashuvlarni taklif qilgan. Bu haqida Offshore Energy nashri xabar bermoqda.


Haqiqatdan ham, tarkiban turli metallarga boy boʻlgan minerallarning ulkan zaxirasi dengiz va ummonlar tubida yastanib yotibdi. Odamzod ushbu zaxiralar haqida ancha yillardan beri yaxshi biladi. Lekin uning koʻp kilometrlik suv qatlami ostida ekani tufayli hali ushbu zaxiralardan foydalanishning imkoni boʻlmagan.


Markaziy Amerika va Gavayi orollari orasidagi Klarion Klipperton nomli suvosti hududi singari tubliklarda tarkibida metall tutuvchi minerallarning quruqlikdagiga nisbatan yuqoriroq konsentratsiyali, odatiy yarim metall konkretsiyalari yastanib yotibdi. Ushbu zaxiralarni suvosti traktorlari yordamida yigʻish imkonini oʻrganish uchun qaratilgan tadqiqotlar doirasida, hozirda BMTning dengiz tubliklari boʻyicha xalqaro organi hamda qator tadqiqotchilar tomonidan ushbu tublikda keng koʻlamli ekologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Bundan maqsad, kelgusida bu sohada olib boriladigan qazilma ishlarining dengiz tubi hayotiga va muhitiga taʼsirini istisno qilishdan iboratdir.


Suvosti qazilmalarini oʻzlashtirish borasida ushbu ekologik tadqiqotlardan ham tashqari, yana boshqa jiddiy muammo ham bor boʻlib, u qazib olingan oʻsha konkretsiyalarni 6000 metrgacha boʻlgan chuqurliklardan suv yuzasiga koʻtarib chiqish masalasi bilan bogʻliq.


Oil States Industries kompaniyasi oʻzining RiserTec tarkibiy korxonasi bilan ushbu masalaning yechimi ustida ishlamoqda. Kompaniya chuqur suvosti tubliklaridan neft va gaz qazib olish muammolarini hal etish borasida 75 yildan ziyod tajribaga ega boʻlib, suvosti metall qazilmalarini oʻzlashtirish boʻyicha ham toʻliq integratorlik maqomini qoʻlga kiritmoqchi.


Oil Statesʼning biznesni rivojlantirish boʻyicha vitse-prezidenti Brayan Mizell bu haqida “Okeanning chuqur tubliklarini tadqiq qilishga kirishganlar qarshisida koʻplab texnik muammolar yuzaga chiqadi. Xuddi koinotni tadqiq qilishda boʻlgani singari, suvosti konlarini tekshirish jarayoni ham yuqori texnologik yondashuvni talab qiladi”, — deb aytgan. “Biz avvalo, oʻta chuqur tubliklardagi oʻta ekstremal sharoitlarda ish olib bormoqchi boʻlgan buyurtmachilarning mahsuldorlik boʻyicha talablari qandayligini tushunishdan ish boshlaymiz.


Yaqinda oʻtkazilgan tijorat tadqiqotlardan birida biz 4000 metr chuqurlikda qidiruv ishlarini olib borib, konkretsiyalarni yigʻishni maqsad qilgan, bir yirik global buyurtmachiga qator potensial variantlarni oʻrganish boʻyicha yordam koʻrsatdik. Bunda shu kabi oʻta chuqur tubliklarda togʻ konlari sistemasida ish olib borishning xavfsizlik va ekspluatatsion xarakteristikalarining bir necha texnik ssenariylarini oʻrganib chiqdik”, — deydi Brayan Mizell.


Chuqur tubliklardan qazilma kovlashning texnik muammolari

Suvostidan qazilmalarni chiqarib olishda transport vositasini suv yuzasidagi kema bilan bogʻlash, okeandagi ob-havo sharoitlari bilan bogʻliq ravishda, ushbu sistemaga tushadigan barcha dinamik yuklamalarni inobatga olish, suv uyurmalari tufayli yuzaga keladigan qalqishlar singari muammolarning barchasini eʼtiborga olish lozim. Ish muvaffaqiyatli boʻlishi uchun ushbu shartlarga javob bera oladigan, puxta sistema barpo qilish lozim.


RiserTec boshqaruvchi direktori Jon Shenks “Tadqiqot mobaynida biz buyurtmachiga loyihaning asoslarini yaratish, boshlangʻich qadamlarni aniqlash va uyurmalar tufayli yuzaga keladigan qalqishlar taʼsirini bartaraf etish uchun xizmat qiladigan, global tahlillarni oʻtkazish va shular orqali boshlangʻich maket va konfiguratsiyalarni aniqlash masalasida xizmat koʻrsatdik”, — deb izoh bergan. U shuningdek, suv tubliklaridagi qazilmalar bilan ishlovchi texnik sistemalarning bardoshliligi, ishchi tezlik hamda avariyaviy toʻxtalishlari borasidagi eng muhim masalalar ham koʻrib chiqilganini qayd etgan.


Natijada tublikdagi barcha sharoitlarni inobatga olgan holda, qazilma konlarni oʻzlashtirish borasida iqtisodiy jihatdan eng samarador boʻlgan va texnik jihatdan ishonchli optimal konfiguratsiyalar loyihasi ishlab chiqilgan. Shu orqali 4000 metr tublikdagi togʻ-kon sistemasini oʻzlashtirish borasida bir necha muhim texnik yechimlar olingan.


Tadqiqotchilar ushbu konlarni oʻzlashtirishda eng katta eʼtibor masalaning ekologik jihatiga qaratilishi hamda konkretsiyalarni qazishda xavfsizlik masalasi birinchi navbatga qoʻyilishi kerakligini taʼkidlagan.


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Havola → Elektromobillar erasida yordamga ummon keladi.
Muqova surat: freepik.com