Dunyo bo‘ylab asalarilar soni keskin kamayib bormoqda va bu insoniyat uchun juda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Argentinalik biologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1990-yillardan buyon fanga ma’lum bo‘lgan asalarilarning 25 foizi qo‘shimcha ma’lumot va monitoring vositalari ko‘p bo‘lishiga qaramay endi olimlar tomonidan kuzatilmaydi. Asalarilarning o‘simlik changlatishdagi ahamiyatini hisobga olsak, agar vaziyat shunday davom etadigan boʻlsa, ularning soni keskin kamayishi muzliklar erishidan ham jiddiyroq, global muammoga sabab bo‘lishi mumkin.
“Fuqarolik ilmi va ma’lumot almashish imkoniyati tufayli asalarilar haqidagi bilimlar jadal ravishda o‘sib, muayyan turlarning esa ma’lumotlari kamayib bormoqda. Hozircha bu kamayish halokatli emas, ammo biz buni vaqti kelsa sezmay qolishimiz ham mumkin”, — deydi Argentina Komaue milliy universiteti biologi, tadqiqotning yetakchi muallifi Eduardo Zattara.
Asalarilar sonining kamayishi bilan bog‘liq ko‘plab tadqiqotlar bo‘lishiga qaramay, ularning aksariyati ma’lum hudud va ma’lum tur bilan cheklanadi. Argentinalik olimlar nisbatan umumiy, global ma’lumotlarga e’tibor qaratdi. “Ma’lum bir davrda dunyo bo‘yicha qanday turlar qayd etilgan?” — olimlar o‘z tadqiqotlarida mana shu savolga javob beradi. Javob topish uchun esa uch asrdan ko‘proq davrga tegishli bo‘lgan muzey, universitet, shaxsiy kolleksiyalardan to‘plangan, 20 000 dan ortiq asalari turiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan GBIF xalqaro ma’lumotlar bazasi o‘rganildi, deb xabar beradi Phys.org.
Birinchi navbatda, turlarning bir qismi endi qaydlarda aks etmasligi aniqlandi. Ikkinchidan, bu kamayish asalari oilalari orasida notekis taqsimlangan. Tarqalishi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turuvchi galiktidlar oilasi bo‘yicha ma’lumotlar 1990-yillardan beri 17 foizga kamaygan, juda kam uchraydigan melittidlar haqidagi ma’lumotlar esa 41 foizga.
“Asalari deganda faqatgina yaxshi ko‘paytirilayotgan asal yig‘uvchi hasharotlargina nazarda tutilmaydi. Bizning jamiyat ekotizimni me’yorda saqlovchi yovvoyi asalarilarga ham ta’sir ko‘rsatyapti”, — deydi Zattara.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, alohida hasharot turlarining real holati haqida xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Gap aniq raqamlar haqida emas, katta tendensiyalar haqida ketmoqda, deb tushuntiradi mualliflar. Bundan tashqari ushbu hasharotlar kamayishi bilan bog‘liq hududiy hodisalar yangi bosqichga o‘tgan va allaqachon global o‘zgarishlar yuz bermoqda.
Olimlarning ogohlantirishicha, endi asalarilar populyatsiyasining halokatli kamayishi ma’lum turlar yo‘q bo‘lib ketishining oldini olishga to‘sqinlik qilishi va biz hech narsa qila olmasligimiz mumkin.
“Asalarilar bilan nimadir sodir bo‘lmoqda va bu muammoning yechimini topish kerak. Biz aniq ishonchli ma’lumotga ega bo‘lgunimizcha kuta olmaymiz, chunki bu tabiiy fanlarda juda kam uchraydi. Keyingi qadam qonun chiqaruvchilarni hali vaqt borligida harakat qilishga majbur etishdir. Asalarilar kutib turmaydi”, – deydi Zattara.
Changlatuvchi hasharotlar yo‘qolib ketishining oldini olish maqsadida bir qancha mamlakatlarda hasharotlarga qarshi vositalarni taqiqlash joriy qilingan. Biroq bu yondashuv fermerlar uchun foydali bo‘lmasligi mumkin.
Nemis tadqiqotchisi monokulturadan voz kechib, hasharotlarni o‘ziga tortadigan, turli xil o‘simliklarni ekishdan iborat yaxshiroq yechim taklif qiladi.
Muqova surat: freepik.com
Manbalar:
→ hightech.plus/2021/01/25/s
→ tass.ru/info/6734318
→ dw.com/ru