“Har qanday savol bilan internetga murojaat qilishga o‘rgangan bugungi talabalarning fikrlash va qarashlari o‘zgardi.”
Yuqori tezlikdagi internet masofaviy ta’lim borasidagi qarashlarni ham butunlay o‘zgartirdi. Massachusets texnologiyalar institutining yangi dasturi uni yanada o‘zgartirishga qodir.
Tomas Edisonning o‘ziga yordamchilar tanlash uchun tuzgan testini ko‘rib Albert Eynshteyn “Rad javobini olmasimdan, o‘z nomzodimni o‘zim bekor qila qolaman”, deya hazillashgandi (darvoqe, u o‘z vaqtida maktabda uch oy ham o‘qiy olmagandi). Misol uchun, nomzod zanglamas po‘lat tarkibini yoki Nyu-Yorkdan Chikagogacha bo‘lgan masofani yoddan bilishi lozim edi. Eynshteyn bu testdan hayratda ekanini yashirolmagandi: axir buning barini ma’lumotnomalardan ham bilib olish mumkin-ku!
Har qanday savol bilan internetga murojaat qilishga o‘rgangan bugungi kun talabalarining fikrlashlari, bilim olishga qarashlari ham deyarli shunday. 20 yillik ta’lim yo‘lini bosib o‘tish jarayonining o‘rtasiga kelib, ular bu jarayonga ko‘p vaqt va kuchlarini sarflayotganliklarini tushunadilar. Darsni tez va oson o‘zlashtirayotgan o‘quvchi boshqalar unga yetib olishlarini kutishga majbur, bu orada o‘zining o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqi ham so‘nib qoladi. Qiyinchilik bilan o‘zlashtirilayotgan fanlar ko‘pincha qiziqarsiz va keraksizdek qabul qilinadi. “Baribir kelgusi ish faoliyatimda buning keragi bo‘lmaydi”, degan fikr ustunlik qiladi. Oqibatda o‘quvchi o‘zini qiziqtirgan mavzularga ham alohida to‘xtalmaydi, ularni o‘rganishni keyinga suradi va ma’lum imkoniyatlarni qo‘ldan chiqaradi.
freepik.com
Gutenberg farzandlari
Ushbu tizim tamal toshi Yevropa O‘rta asrdan chiqayotgan davrlarda qo‘yilgan. O‘sha paytlar shaharliklar uchun savodxonlik zaruriyatga aylangan, o‘qituvchi va kitoblar soni esa juda kam edi. 1630-yillarda chex mutafakkiri Yan Amos Komenskiy, vaziyatdan kelib chiqib, yangicha — sinflarda dars o‘tish tizimini ilgari surdi. O‘zining keng ko‘lamdagi, “Buyuk didaktika” asarini astronomiya, fizika va til o‘rganish bo‘yicha qo‘llanmalar bilan boyitdi.Uning fikriga ko‘ra, ta’lim olish olti yoshdan boshlangani va yoshga ko‘ra shakllantirilgan guruhlarda olib borilgani ma’qul. Mashg‘ulotlar kunning birinchi yarmida o‘tkaziladi, darslarni qoldirish esa jiddiy oqibatlarga olib kelgan. Har bir fan uchun alohida darslik bo‘lishi, o‘quvchilar dasturni bir xil sur’atda o‘zlashtirishi lozim. Buning uchun o‘qituvchi fanni yaxshi o‘zlashtirolmayotgan o‘quvchini tezlashtirib, ortiqcha qiziquvchan o‘quvchini shoshmaslikka undaydi.
Komenskiy yaratgan tizim bir o‘qituvchiga 40–50 o‘quvchi bilan ishlash imkonini bergan. Komenskiyning izdoshlari yangi fanlar kiritish, mavzulashtirilgan rejalar va ko‘rgazmali darslarni takomillashtirish hisobiga uning g‘oyalarini rivojlantirishdi. Maktab bolalarga katta hayotga qadam qo‘yish uchun zarur bo‘lgan qat’iy me’yoriy bilim va ko‘nikmalarni beruvchi ko‘prikka aylandi. Oliy ta’lim ommalashgani sari bu ko‘rinishdagi o‘quv jarayonlari universitetlarda ham davom etdi. Ta’limning sinflarda dars o‘tish tizimi bosma dastgohlarning kashf qilingani bilan bevosita bog‘liq bo‘ldi. Kompyuter va internet paydo bo‘lishi bilan Gutenberg davri poyoniga yetdi. Bu tizim o‘rnini nima egallashi haqida biror gap aytish qiyin — bu masala aynan hozirgi davrda hal bo‘lmoqda.
freepik.com
Deyarli individual yondashuv
Eski ta’lim tiziminining muqobil ko‘rinishini yaratish ustida butun dunyo izlanmoqda. Minglab maktablar tajriba tariqasida o‘quvchilarni Valdorf ta’lim tizimi, Montessori uslubi va boshqa noan’anaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitmoqdalar. Ko‘pgina G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida kichik sinflardagi darslar bog‘chalardagi o‘yinli mashg‘ulotlardan deyarli farqlanmaydi. Britaniya maktablarining ixtiyoriy yuqori sinflarida allaqachon o‘rganiladigan fanlarning qat’iy ro‘yxatidan voz kechilgan — bu yerda o‘quvchi o‘zi o‘rganishni istagan fanlarni mustaqil ravishda tanlashi mumkin. Bunday yangilik kiritilishidan maqsad — o‘qitish jarayonini qiziqarli qilish va har bir o‘quvchiga uning qiziqishlari va qobiliyatiga muvofiq tahsil olish imkonini berish. Shuningdek, bunday imkoniyatni beruvchi yana bir vosita masofaviy ta’lim tizimidir.
Sirtqi ta’lim anchadan beri mavjud, albatta. U diplomni ishlab chiqarishdan uzoqlashmagan holda himoya qilish imkonini beradi. Avvallari talabalar o‘quv materiallarini olib, bajargan vazifalarini murabbiylariga pochta orqali jo‘natar edilar. Biroq tezkorligi sust pochta almashinuvi o‘qituvchi bilan shaxsiy muloqot o‘rnini bosolmas, shu sababli sessiya va imtihonlar mavsumida baribir jomadonni yig‘ishtirib, ta’lim muassasasiga otlanishga to‘g‘ri kelardi.
Keng tarmoqli internet paydo bo‘lishi bilan masofaviy ta’lim tizimi tamomila o‘zgardi. Endilikda murabbiy va o‘quvchi muloqotiga hech nima to‘sqinlik qilolmaydi. Bundan tashqari bu ta’lim tizimida individual yondashuv imkoniyatlari an’anaviy kunduzgi ta’limga nisbatan kengroq.
freepik.com
Yuta shtati Ochiq o‘rta ta’lim maktabi (Open High School of Utah) da 500 ga yaqin o‘smir tahsil oladi. Bu o‘quvchilarni erta tongdan avtobus olib ketmaydi. Ular ma’lum dars jadvali asosida tahsil olmaydilar. O‘zlariga qulay vaqtda maktab saytiga kirib, o‘quv materiallari bilan tanishadilar, topshiriqlarni bajaradilar va ularni tekshirish uchun o‘qituvchilariga jo‘natadilar. Bu tizim muntazam safarga chiquvchi yosh sportchi va aktyorlar uchun, o‘zlari tez-tez betob bo‘ladigan yoki xasta ota-onalarini parvarishlaydigan, turli sabablarga ko‘ra bir joydan ikkinchisiga tez-tez ko‘chib o‘tadigan o‘quvchilar uchun ayni muddao. Internet orqali tahsil olish boshqalar bilan bir xil tezlikda o‘qishiga to‘g‘ri kelgan iqtidorli bolalar va ko‘pchilik ichida fikrini jamlashga qiynaladigan o‘quvchilar uchun ham qulay.
Ochiq maktabning har bir o‘quvchisi o‘zi uchun qulay o‘qish paytini tanlay oladi. Muhimi — haftada bir marotaba bajarilgan vazifalarni topshirish. Maktab serveri darslik va videodarslar ombori emas. Unga kirgan talaba o‘qituvchilari va sinfdoshlaridan kim onlayn ekanini, kim xabar almashish va video-muloqotda ishtirok etishi mumkinligini ko‘radi. Server o‘quvchilarning har bir qadamini — ma’ruzalar bilan tanishish, qo‘llanmalarni yuklab olish, saytga qo‘yilgan materiallarni o‘rganishga sarflagan vaqtini saqlab qo‘yadi va tahlil qiladi. Ma’lum bir muammo tug‘ilgan holda, o‘qituvchi uning yechimini topishga qiynalmaydi. Agar o‘quvchi biror vazifani uddalay olmasa, o‘qituvchi u bilan Skayp orqali bog‘lanib, qiyinchiliklar ustida ishlab ularni bartaraf etishga ko‘maklashadi. Agar qaysidir mavzu bir necha kishini baravar qiynayotgan bo‘lsa, bu yoki o‘qitish uslubi oqsoqlanayotganidan yoki o‘quv materiallari mukammal emasligidan dalolat bo‘ladi.
Bu ta’lim tizimining kamchiliklari u yaratayotgan qator imkoniyatlar kabi aniq va ravshan: talabalar o‘qituvchi o‘rniga asosan kompyuter bilan muloqotda bo‘ladilar, sinfdoshlar o‘rniga forumdagi nikneymlar bilan muloqot qiladilar. Qarabsizki, muloqot va hamkorlik ko‘nikmalari sust rivojlanadi. Shu sababli Ochiq maktab oyiga bir-ikki marta ota-onalar qo‘mitasi bilan hamkorlikda biror tadbir: o‘yin, tanlovlar, bayram kechasi yoki safarlar tashkillashtiradi.
O‘qitish orqali tahsil olish
Amerika O‘zaro ta’lim universiteti (Peer2Peer University yoki P2PU) da ham ta’lim masofadan amalga oshiriladi, ammo bu yerda o‘qituvchining roli minimallashtirilgan. Ushbu o‘quv muassasasi har bir foydalanuvchiga ham ma’lumot olish, ham ma’lumotni ulashish imkonini beruvchi P2P fayllar almashish texnologiyasi deb nomlangani ham bejizga emas. Talabalar guruhlarda muloqot qilish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadilar: bu yerda bir-birlarining ishlarini ko‘rib chiqadilar va muhokama qiladilar. O‘qituvchilar, asosan, maslahatlar, o‘quv adabiyoti bo‘yicha tavsiyalar beradilar, ta’lim doirasida yo‘naltirib turadilar. Ko‘pincha o‘quvchilar o‘zlari universitetning ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatini kengaytirib, yangi kurslar tashkil qiladilar.
unsplash.com
Bunday o‘ta demokratik tizimning boshqa tomoni ham bor: davlat tashkilotlari va ish beruvchilar har doim ham P2PU va boshqa shu kabi masofaviy ta’lim muassasalarining diplomlarini tan olmaydilar. Bunga, asosan, masofaviy ta’limga qiziqish paydo bo‘lishi barobarida go‘yoki ta’lim berib, pochta orqali diplom jo‘natuvchi, aslida esa hech qanday malaka ulasha olmaydigan muassasalarning ko‘payib ketganligi sababdir. P2PU ma’muriyati shu sababli ham ba’zi kurslarini yetakchi o‘quv muassasalarida ro‘yxatdan o‘tkazadi. Shu tariqa an’anaviy ta’lim yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalarning ba’zi kurslarni P2PU orqali o‘qiganlari ham hisobga olinadi.
Qimmatbaho tuhfa
Masofaviy ta’lim uchun mo‘ljallangan o‘quv materiallar an’anaviy tizimda taklif etiladiganlaridan qolishmaslik bilan birga, ulardan ustunroq ham. Bosma kitoblardan farqli o‘laroq, onlayn kurslar muntazam ravishda takomillashtirilib, to‘ldirib turiladi. Internet uzoq vaqt aynan ta’limiy va ilmiy muhitda rivojlanib kelganligi sababli onlayn darsliklar internet bilan bir paytda paydo bo‘lgan. 17 yil avvval esa muhim yangilik ro‘y berdi: Massachusets texnologiya instituti (MTI) ocw.mit.edu saytida topshiriqlar to‘plami va hatto o‘z professorlari videoma’ruzalarini foydalanuvchilar uchun ochiq joylashtira boshladi (OCW — OpenCourseWare — “ochiq o‘quv qo‘llanmalari”). MTI qo‘llanmalarni nafaqat bepul joylashtira boshladi, balki foydalanish va tarqatish jarayonini takomillashtirib, to‘ldirib, dolzarbligini ham ta’minlab turdi. Bu kutilmagan qadam edi. Chunki ta’lim muassasalari aslida bilimni sotish orqali kun ko‘radi, bu universitet esa bilimni bepul ulashadi. MTI rahbariyati “institutning asosiy boyligi — auditoriyalar va laboratoriyalarda talabalar bilan ishlayotgan o‘qituvchilarning tajribasi. Shuningdek, talabalar o‘quv jarayonlari davomida yaratadigan qizg‘in muhit. Bu bebaho ta’lim jarayonini esa baribir internet orqali ulashib bo‘lmaydi”, deb hisoblaydi. Ochiqlik esa MTIning dunyoning yetakchi universitetlari qatoridagi o‘rnini faqatgina mustahkamlaydi. Bugungi kunga kelib, OpenCourseWare tashabbusiga yuzlab ta’lim muassasalari qo‘shildilar.
freepik.com
2012-yilning yanvariga kelib, MTI yangi MITx dasturini ishga tushirganligini e’lon qilib, yana bir qadam oldinga ilgariladi. Bu dastur eng muhim maqsadni ko‘zladi — institut masofaviy ta’lim sertifikatini berish taraddudini ko‘ra boshladi. Bungacha AQShdagi hech bir nufuzli universitet bunday ishga qo‘l urmagan edi. Unga ko‘ra, dunyoning turli burchaklarida istiqomat qiluvchi talabalar MTIning oddiy talabalari topshiradigan test va imtihonlardan o‘tishlari mumkin edi. Bundan tashqari, institut bu dastur doirasida universitetda mavjud bo‘lgan onlayn kurslarni yanada kengaytirdi, an’anaviy — kunduzgi ta’lim dasturi bo‘yicha tahsil oluvchi talabalarni ham jalb qila boshladi. Asosiy va muntazam o‘tiladigan darslar bo‘yicha test va imtihonlarni endi talabalar onlayn tahsil oluvchilar bilan birga topshiradigan bo‘ldilar. Talabalar axborot almashishlari uchun katta maydon tashkil etildi.
Halollikka asoslangan ta’limot
Masofadan tahsil oluvchi talabalar universitetlarga ham qulay: katta o‘quv xonalari uchun ehtiyoj yo‘q, o‘qituvchilar har yangi guruhga bir mavzuni qayta-qayta o‘tavermaydilar — videoyozuvlarning o‘zi kifoya.
Endi Rossiyadagi bu soha bo‘yicha bo‘layotgan o‘zgarishlarga to‘xtalsak, ko‘pgina universitetlarda avvalgi sirtqi bo‘limlar o‘rniga masofaviy ta’lim fakultetlari (MTF) tashkillashtirildi. Ana shunday muassasalardan biri — Tomsk davlat tizim boshqaruvi va radioelektronika universiteti. Unda Rossiya va MDHning turli davlatlaridan o‘nlab yo‘nalishlar bo‘yicha 7 000 dan ortiq talaba tahsil oladi.
Masofaviy ta’lim fakultetlariga o‘qishga kirish qiyin emas. Buning uchun kompyuter yordamida oddiy test jarayonlaridan o‘tish, o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma va yana bir necha hujjatlarni taqdim qilish, o‘quv yili birinchi yarmi uchun to‘lovni amalga oshirish kifoya. Biroq abituriyent nimani xarid qilayotganini oldindan bilmagan holda pul to‘laydi. G‘arb universitetlaridan farqli o‘laroq, Rossiya ta’lim muassasalari tarmoqqa o‘zlari haqida juda kam, asosan reklama yo‘nalishidagi ma’lumotlarni joylashtiradilar .
Talabadan nazorat ishlarini vaqtida jo‘natib turish talab qilinadi. Albatta, bajarilgan topshiriqlar pochta orqali jo‘natilganda, ularni aslida kim bajargani mavhum bo‘lib qolaveradi. Hatto videoaloqa orqali imtihon olinayotganda ham talaba birovning ko‘magisiz javob berayotganini aniqlab bo‘lmaydi. Uning halolligiga ishonishgina qoladi, xolos.
freepik.com
Seminar o‘rniga vebinarlar
Yangi texnologiya va rivojlantiruvchi qo‘shimcha ko‘nikmalar bilan tanishtiradigan yangi turdagi malaka oshirish kurslari internetga tez ko‘chmoqda. Bugungi kunda deyarli har bir mutaxassis internetda o‘zinnig shaxsiy ta’lim kursini ochishi mumkin.
Masofaviy qo‘shimcha darslar (repetitorlik) ham rivojlanmoqda. Skayp orqali tahsil olish uyingizga kelib dars o‘tadigan o‘qituvchi xizmatidan 1,5–2 barobar arzon. Chet tilini o‘rganuvchilar internetda shu tilda so‘zlashuvchi do‘st topib, u bilan muloqotda bo‘lish orqali tajriba orttirish imkoniga egadirlar.
Talab taklifni tug‘diradi: dastur ishlab chiqaruvchilar internetda olib boriluvchi multimedia o‘quv seminarlari — vebinarlar o‘tkazish uchun o‘qituvchilarga maxsus platformalar taklif qila boshladilar. Endi tarmoqda ma’ruza o‘qish, munozaralar tashkil etish, ularni taqdimotlar bilan boyitish mumkin. Tarmoqda saytlar tashkil qilish, fotografiya, dizayn, dasturlashtirish, biznesni yo‘lga qo‘yish, masofaviy ta’limni shakllantirish bo‘yicha kurslar juda ko‘p.
Shunga qaramasdan, tabiiyki, murakkab jihoz va uskunalar bilan ishlash tajribasi mavjud sohada masofaviy ta’lim an’anaviy ta’lim o‘rnini bosolmaydi. Biroq bunday mutaxassisliklar nisbatan kam. Tanlovda ikkilantirishi mumkin bo‘lgan omillar esa universitetlar masofadan o‘qiydigan talabalar uchun qachon to‘laqonli ta’lim muhitini yaratishi borasidagi o‘ylar-u, ta’lim sohasi ma’murlarining masofaviy ta’limga nisbatan shubhali qarashlari, xolos.
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Masofaviy oliy ta’lim