Kimdir shaharda, kvartirada turadi, kimdir esa shahar tashqarisidagi hovlida. Ayrimlar uyida qolib, masofadan ishlashda davom etmoqda, baʼzilar esa vaqtining katta qismini uydan tashqarida oʻtkazmoqda. Shunga qaramay, yashash joyi va hayot tarzidan qatʼi nazar, bir narsa barchamizni birlashtirib turadi — istalgan insonning uyidan hojatxona qogʻozi, albatta, topiladi. “Siktivkar Tissyu Grup” bilan birga hojatxona qogʻozini ishlab chiqarish texnologiyalari va uning hayotimizdagi oʻrni haqida gaplashamiz.
Oppoq yoki rangli, silliq yoki gʻaroyib naqshli, ehtimol, xushboʻy hidli — u qanday koʻrinishda boʻlmasin, aniq uyingizda ham, ishda ham, oʻqishda ham va sevimli joylaringizda ham bor. Bu — hojatxona qog‘ozi, usiz yashab boʻlmaydi. Ushbu mahsulot insonning kundalik hayoti va qulayligi bilan shunchalik bogʻlanib qolganki, allaqachon asosiy ehtiyoj buyumiga aylanib ulgurgan.
COVID-19 pandemiyasining boshi, 2020-yilning bir necha oylari davomida vahimali sotib olishlar asosiy ehtiyoj buyumlari, jumladan, hojatxona qogʻoziga boʻlgan talabni sezilarli darajada oshirdi. Mahalliy talab ortib borayotganiga qaramay, 2020-yilda global hojatxona qogʻozi bozori hajmi 2019-yildagidan biroz farq qildi, xolos. Rossiya strategik tadqiqotlar instituti (RSTI) maʼlumotlariga koʻra, sanitariya-gigiyena mahsulotlari bozori 2020-yilda taxminan 37–40 million tonna mahsulot bilan ifodalangan, ularning yarmidan koʻpi hojatxona qogʻozidan iborat. Yiliga oʻrtacha chakana narxi 1600–1700 dollar bo‘lgan tualet qogʻozi bozori 2020-yilda kamida 30 milliard dollarga chiqqan. Prognozlarga koʻra, 2027-yilga borib, u 38,34 milliard AQSh dollariga yetishi kerak.
Hojatxona qogʻozi — nisbatan yangi ixtiro boʻlib, taxminan XIX asrning ikkinchi yarmida paydo boʻlgan. Ilk hojatxona qogʻozi o‘ramlari zamonaviylariga qaraganda ancha dagʻalroq boʻlgan. Bundan tashqari, ularda maxsus perforatsiyalar boʻlmagan, buning uchun qogʻoztutqichlarda tishchalar boʻlgan. Ular yordamida qogʻoz kesib olingan (bunday qurilmalarni bugungi kunda baʼzi jamoat hojatxonalarida uchratish mumkin).
Ilk hojatxona qogʻozidan biri, British Perforated Paper Company
Bizga tanish turdagi ilk qogʻozlar Amerikaning Kimberly-Clark kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlib, u Birinchi jahon urushi davrida sanitar-texnik mahsulotlarda paxta oʻrniga sellyulozadan foydalana boshlagan. U kiritgan asosiy yangilik qogʻozni kreplash boʻlgan. Bu jarayon qogʻozning yumshoqligi, egiluvchanligi va suvni oʻziga shimib olishini oshirish, unga mikroqatlanuvchanlik berish uchun zarurdir.
Qanday qilib sellyuloza qogʻoz mahsulotlariga aylanadi?
Sellyuloza oʻsimliklarning toʻqima devorlarida mavjud boʻlib, inson tomonidan turli jabhalarda foydalaniladi. Daraxt sellyulozasi turli qogʻoz, plastmassa, plyonka va hokazolar ishlab chiqarishda ishlatiladi. Xususan, sellyuloza — zamonaviy hojatxona qogʻozi va qogʻoz sochiqlarning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi.
Sellyuloza olish uchun aksar ishlab chiqaruvchilar daraxtdan foydalanishga majbur boʻladi — bunda daraxt kesiladi, tayyor yogʻochdan qipiq olinadi, u esa sellyuloza tolalarini olish uchun muhim boʻlib, bu tolalardan qogʻoz tayyorlanadi. Oʻrmonlarni saqlash maqsadida Oʻrmon xo‘jaligi kengashining (Forest Stewardship Council, FSC) sertifikatini olgan qogʻoz ishlab chiqaruvchilarni tanlagan ma’qul. Ularning mahsulotlari qonuniy, oʻrmondagi ekologik va ijtimoiy talablarga amal qilgan holda, oʻrmon resurslariga ehtiyotkorlik bilan yondashib yig‘ilgan yogʻochdan tayyorlanadi.
Konvertatsiya liniyasining ishini taʼminlash uchun qadoqlash materiallarining zavod ichida tashilish jarayoni
Ishlab chiqarish jarayonida bir necha soat davomida yogʻoch qipigʻi maxsus moddalar bilan birga pishiriladi, bu sellyulozani lignin — daraxtda mavjud boʻlgan organik polimerlardan ajratib olish uchun qilinadi. Olingan sellyuloza jigarrang boʻladi va u baʼzi maqsadlarda, masalan, karton ishlab chiqarish uchun boʻlaveradi. Ammo bosma qogʻoz yoki sanitar-gigiyenik mahsulotlar uchun sellyulozani oqartirish lozim, keyin esa tola katta hajmdagi suvga solinadi va qogʻoz polotno qilinadi — tolaning suvdagi suspenziyasi presslanadi va quritiladi. Maxsus qirgʻichlar yordamida quritish barabaniga yopishib qolgan qogʻoz boʻlaklari olib tashlanadi. Shu yoʻsinda katta rulonlar yasaladi, ular keyinchalik kichikroq qilib kesiladi va sotuv uchun qadoqlanadi. Eng so‘ngida qadoqlar doʻkon rastalariga joylanadi.
Qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi oʻzi nima?
Sanitar-gigiyenik mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun ikki xil xomashyo manbai mavjud: sellyuloza (birlamchi xomashyo) va makulatura. Umuman olganda, ularning yagona farqi shundaki, makulaturani ishlab chiqarishdan oldingi tozalash va tayyorlash bosqichi mavjud. Aniqroq aytganda, makulaturadan barcha keraksiz narsalar olib tashlanadi, undagi qogʻoz tolalari esa suspenziyaga aylantiriladi va qayta ishlashga yuboriladi. Sellyuloza toza mahsulot hisoblanadi, yaʼni unda qoʻshimcha aralashmalar yoʻq, u tozalashga muhtoj emas.
Makulaturani hali eritish — qogʻoz tolalarini suspenziya holatiga oʻtkazish kerak. Ammo undan avval makulatura koʻp bosqichli tozalashdan oʻtadi. Tozalash jarayonida faqat dagʻal qoʻshimchalar, masalan, yopishqoq lentalar va metall qoʻshimchalaridan tozalanadigan, sodda sxemalar mavjud. STG kompaniyasida bu bosqich juda uzoq kechadi, shuning hisobiga ham qogʻoz tayyorlash mashinasiga yetguncha tolani sellyuloza tolasidan ajratib boʻlmay qoladi.
— Aleksandr Kagan, STG kompaniyasining rivojlanish boʻyicha direktori
Keyingi bosqichda qogʻoz tarkibidagi toʻldiruvchilar, masalan, boʻr kabi moddalar olib tashlanadi. Eng murakkab bosqich — bosma siyohni ajratib olish boʻladi. Hozir bosmalarning sifati juda yuqori va shunchaki suvga solish orqali qogʻozdagi ranglarni yoʻqotib boʻlmaydi. Shuning uchun maxsus tozalash usullari mavjud, masalan, boʻyoq zarralarini oʻrab olib, ularni yuzaga chiqaradigan sirtqi faol moddalardan foydalanish, soʻngra boʻyoqni maxsus qirgʻich yordamida yoʻqotish mumkin.
Keyin esa qogʻoz oqartiriladi. Qogʻozni oqartirish jarayoni odatda fizik jarayonlar hisobiga amalga oshiriladi, biroq oqlik darajasi 75 foizdan yuqori boʻlgan, oʻta oq qogʻoz turi uchun kimyoviy oqartirish bosqichlari ham mavjud. STG kompaniyasida buning uchun vodorod peroksididan foydalaniladi. Bugungi kunda bu eng nozik oqartirish usuli hisoblanadi, chunki peroksidda vodorod va kisloroddan boshqa hech qanday ortiqcha moddalar yoʻq (ayniqsa xlor), yaʼni ajralish jarayonida qogʻoz va atrof-muhitga salbiy taʼsir qiladigan moddalar boʻlmaydi.
Soʻngra tola qogʻoz yasovchi mashinaga solinadi — texnologiya jihatidan ham, iqtisodiy sarmoya jihatidan ham u qogʻoz ishlab chiqarish uchun asosiy qurilma. Aynan shu yerda suvdagi tola zarrachalaridan bor ortiqcha namlikni chiqarib tashlash orqali boʻlajak qogʻoz polotnosi hosil boʻladi. Hojatxona qogʻozi juda mayin (STG kompaniyasida, masalan, bir qatlam bor-yoʻgʻi 15 gramm boʻlishi mumkin) boʻlgani tufayli bu jarayon oson kechmaydi. Axir u quritish va keyinchalik yana nam boʻlish jarayonida yirtilib ketmasligi kerak. Butun dunyo boʻylab buning uchun Crescent former texnologiyasidan foydalaniladi: nam massa ulkan metall silindr (yanki)ga solinadi, bugʻ va gazlar yordamida qogʻoz 500 °C gacha qizdiriladi. Silindrning qizib turgan devorida qogʻoz tom maʼnoda bir necha soniyalar ichida quriydi. Bu jarayon juda tez boʻlishi juda muhim, chunki zamonaviy qogʻoz yasovchi mashinalarning tezligi daqiqasiga 2000 metrdan oshadi, shunday ekan bunday qisqa vaqt ichida qogʻoz qurishga ulgurishi kerak. Shuning uchun ham silindrlarning diametri 5–6 metrga yetadi va bu qogʻoz yasovchi mashinaning eng katta, eng qimmat qismi boʻlib, u qogʻozning tez hamda bir xilda qurishini taʼminlaydi.
Shuningdek, qogʻozni yuqori haroratda kreplash jarayoni ham katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu texnologiya oʻzining uzoq yillar davomida mavjudligi va muvaffaqiyatli qoʻllanishi bilan qiymatini isbotlaganiga qaramay, barcha ishlab chiqaruvchilar ham kreplashdan foydalanmaydi. Shuning uchun qogʻoz mahsulotlari sifat va narx jihatidan juda farq qilishi mumkin. Kreplash qogʻozning tuzilishini o‘zgartirib, uning sirtida deyarli sezilmas burmalar hosil qilishdan iborat. Bunda qogʻoz choʻzilganda yuqori uzayish koeffitsiyentiga ega boʻladi, yaʼni yuqori kuch bosimi ostida yirtilib ketmasdan cho‘zilish xususiyati ortadi, yumshoqlashadi va koʻp namlikni oʻziga yuta oladi.
Quritishdan soʻng qogʻoz katta rulonlarga oʻraladi, bu rulonlar “jumbo roll” deb ataladi va keyinchalik ular konvertatsiya lentasiga tushadi. Bizga nechta qatlam kerakligiga qarab, bu rulonlar lentaga qoʻyiladi, yoyiladi, bir necha qatlam qilib birlashtiriladi va soʻngra umumiy qatlamga qoʻshiladi.
Katta Jumbo rolls rulonlari
Metall vallar yordamida qogʻozga dekorativ naqshga o‘xshash boʻrtmalar tushiriladi. Bu ikki maqsad uchun kerak: birinchidan, qogʻozga estetik ko‘rinish berish uchun, ikkinchidan, uni paxmoqroq va yumshoqroq qilish uchun. Qogʻoz tolasining tuzilishiga taʼsir oʻtkazish qogʻozga istalgan xossalarni berish imkonini yuzaga keltiradi.
Keyin esa qatlamlar minimal yelim yordamida yopishtiriladi. Bu yelim — sellyulozaning hosilasi va qandolatchilikda ishlatiladiganiga juda oʻxshab ketadi. Yopishtirib boʻlgach, keyinchalik kesib ajratiladigan 30 ta natijaviy mahsulotga teng boʻlgan uzunlikdagi rulonga oʻraladi. Keyin esa tayyor hojatxona qogʻozi qadoqlashga yuboriladi.
Tayyor hojatxona qogʻozi rulonlari qadoqlashga yuborilmoqda
Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/13676
Muallif: Kyara Makiyevskaya.Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Товар первой необходимости. Как производить туалетную бумагу без ущерба для окружающей среды” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Yaroslav Danylchenko / pexels.com