Zond uni Quyosh bilan beshinchi yaqinlashish paytida kuzatishga muvaffaq boʻlgan. Solar Orbiter jamoasi qurilmaning Quyosh bilan beshinchi uchrashuvi vaqtida olingan, shunday suratlardan yigʻilgan ikkita videoni chop etdi. ESA veb-saytidagi maʼlumotlarga koʻra, ulardan biri Quyosh tojining batafsil videosi hisoblanadi.
Solar Orbiter deyarli uch yildan beri koinotda boʻlib, Quyosh faolligi, uning tashqi qatlamlari va Quyosh shamolini oʻnta ilmiy uskunalar yordamida oʻrganmoqda. Umuman olganda, zond yulduz atrofida 22 ta orbital aylanishni amalga oshirishi kerak. Shu bilan birga, u Yer va Venera yaqinidagi tortishish hodisalari tufayli orbita xususiyatlarini oʻzgartiradi, bu esa 2025-yilda Quyosh qutblarini koʻrish imkonini beradi.
2022-yil 12-oktabr kuni Solar Orbiter yulduzdan 0,29 astronomik birlik masofada joylashib, uni oʻz uskunalari bilan tadqiq qilgan holda Quyoshga beshinchi marta yaqinlashdi. 13-oktabr kuni EUI kamerasi yordamida ekstremal ultrabinafsha diapazonda olingan maʼlumotlarga asoslanib, tadqiqotchilar bugungi kungacha Quyosh toji harakatining eng batafsil animatsiyasini shakllantirdi. Video 2,5 soatdan ortiq real kuzatuv vaqtini qamrab oladi.
Kadr oʻlchamlari har bir piksel uchun 105 kilometrni tashkil qiladi. Videoda koʻrinib turgan manzaralar Quyosh fotosferasidan qochib chiqqan chigal magnit maydonlarining kuch chiziqlari boʻylab harakatlanadigan, juda issiq plazma tomonidan hosil qilingan.
2022-yil 20-sentabrdan 10-oktabrgacha boʻlgan davr mobaynidagi EUI tasvirlaridan tuzilgan yana bir videoda beshinchi perigeliya (Quyosh tizimidagi sayyora yoki boshqa samoviy jismning Quyoshga eng yaqin nuqtasi) amalga oshmasdan oldin zondning Quyoshga yaqinlashish jarayoni koʻrsatilgan. Yulduz diskida Quyosh dogʻlari guruhlari bilan bogʻliq boʻlgan juda koʻp yorqin faol hududlarni koʻrish mumkin. Qorongʻi hududlar esa toj tuynuklari hududlariga tegishli.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Solar Orbiter показал динамику солнечной короны в рекордных деталях” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: ESA, NASA