Kvintet Stefan atrofida ulkan atom vodorod buluti topildi

Bu oʻzaro taʼsir qiluvchi galaktikalar guruhidir. Astronomlar tomonidan Kvintet Stefan (Pegas yulduzlar turkumidagi beshta galaktika guruhi) galaktikalari guruhini oʻrab turuvchi atom vodorodining hozirgi kungacha eng katta tuzilmasi topildi. Uning oʻlchami deyarli ikki million yorugʻlik yili deb baholanmoqda va vodorod buluti oʻtmishda galaktikalarning toʻqnashuvi tufayli paydo boʻlgan boʻlishi mumkin. Maqola Nature jurnalida chop etilgan.


Galaktikalarning oʻzaro taʼsiri va birlashuvi ularning oʻsish, rivojlanish jarayonlarida, xususan, yulduzlarning paydo boʻlish dinamikasida muhim rol oʻynaydi. Atom vodorod bulutlari galaktikalardagi bir-biriga eng kam bogʻlangan tarkibiy qism boʻlib, gravitatsiyaviy oʻzaro taʼsir paytida osonlik bilan yoʻqoladi, shuning uchun gazning tarqalishini va tezlik maydonini aniqlash orqali galaktikalarning yaqinlashish jarayoni haqida batafsilroq maʼlumot olish mumkin.


Kvintet Stefan Pegas yulduzlar turkumidagi Quyoshdan taxminan 290 million yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan toʻrtta galaktikadan iborat, ixcham guruh hisoblanadi. Yana bir boshqa galaktika tizimga kiritilmagan boʻlib, faqatgina Yer yuzidagi kuzatuvchi nuqtai nazaridan tarkibga qoʻshib hisoblanadi. Kvintet Stefan alohida va guruh ichidagi galaktikalarning oʻzaro hamda atrof-muhitga taʼsirini oʻrganish uchun juda qiziqarli obyektdir.


Xitoy Fanlar akademiyasi Milliy astronomiya observatoriyasi xodimi Syuy Kong boshchiligidagi astronomlar guruhi Kvintet Stefan atrofida atom vodorodining eng katta maʼlum tuzilmasi topilganini eʼlon qildi. Olimlar FAST radioteleskoplar guruhi, “Aresibo” va “Grin-Benk” observatoriyasining kuzatuv maʼlumotlarini, shuningdek, CFHT teleskopining optik maʼlumotlarini tahlil qildi.


Kvintet Stefan hududi rangli suratida tasvirlangan HI nurlanish xaritasi. S.K.Hu va boshqalar / Nature jurnali, 2022-yil

Kashf etilgan gazsimon tuzilmaning oʻlchami 1,95 million yorugʻlik yilini tashkil etadi va bu Somon yoʻli diametridan anchagina katta. U ikki qismdan iborat: Kvintet Stefan atrofidagi ulkan nurlanish manbai va manbaning janubiy chetiga tutashgan diffuz tuzilma. Ulardan tashqari, atom vodorodining nurlanishi ikkita aniqlanmagan manbada va NGC 7320a galaktikasida ham kuzatiladi.


Oʻlchangan atom vodorodining ogʻirligi taxminan 7,1×108 Quyosh ogʻirligini tashkil qiladi, bu guruhdagi atom vodorodi umumiy ogʻirligining atigi 3 foizi deganidir.


Olimlarning fikricha, topilgan gazsimon tuzilma hosil boʻlishi NGC 7320a galaktikasining taxminan 1,5 milliard yil avval Kvintet Stefan markazidan oʻtishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Hodisa toʻlqin dumining shakllanishiga sabab boʻlgan. U oʻtmishda boshqa nomaʼlum galaktika va Kvintet Stefan aʼzolaridan biri oʻrtasida yuz bergan yuqori tezlikdagi toʻqnashuv natijasida paydo boʻlgan boʻlishi ham mumkin. Kelajakdagi modellashtirish ishlari bulutlarning paydo boʻlish mexanizmini aniqlashga yordam beradi, shuningdek, qanday qilib past zichlikdagi gaz uzoq vaqt mobaynida galaktikalararo ultrabinafsha nurlanish taʼsirida ionlanishdan omon qolganini tushuntirib beradi.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Астрономы нашли рекордно большое облако атомарного водорода вокруг Квинтета Стефана” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: “Jeyms Uebb” teleskopi tomonidan suratga olingan Kvintet Stefan atrofidagi atom vodorodi nurlanishi va guruhning infraqizil tasviri (kesmada) / NASA, ESA, CSA, STScI