Avstraliyalik shifokorlar va fiziologlar tomonidan 37 ta kalamush ustida oʻtkazilgan tajribada hayvonlarning boshiga ogʻir metall yuk tashlandi, bu esa bosh suyagi yuqori qismining qalinlashishiga olib keldi. Avval suyakning diploik moddasi, keyin esa tashqi va ichki plastinkalar mustahkamlandi. Oʻzgarishlar davomida suyak sinishi va miya shikastlanishi sodir boʻlmadi. Bu esa bosh miya suyagi yengil travmatik shikastlanishidan keyin ham uzoq muddatli oʻzgarishlarga duch kelishi mumkinligini koʻrsatdi. Tadqiqot natijalari Scientific Reports jurnalida chop etilgan.
Brik / Nik Ramej, 1996-yil
Bosh miyaning yengil, travmatik shikastlanishida (BMYTSh) makroskopik miya shikastlanishi minimal darajada (bu holat yengil darajadagi miya lat yeyishi yoki miya chayqalishi deb ataladi) bo‘ladi yoki umuman boʻlmaydi. Makroskopik manzaraga qaramasdan, bunday jarohatlar jiddiy, uzoq muddatli ruhiy va nevrologik oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ilmiy, tibbiy va sport hamjamiyatlari kontaktli sport turlarida yuzaga keladigan nevrologik kasalliklarga (biz “Ajoyib futbol” maqolasida aytib oʻtgan “bokschilar demensiyasi”) tobora koʻproq eʼtibor qaratmoqda.
Bosh miya chayqalishi koʻpincha bosh suyagining yuqorisiga zarba berish natijasida yuzaga keladi, lekin zarba odatda suyak sinishiga olib keladigan darajada kuchli boʻlmaydi. Suyak juda barqaror tuzilma boʻlib, unda oʻsish va rezorbsiya jarayonlari doimo muvozanatda boʻladi. Singan joy tuzalib ketganda, suyak toʻqimalarining (va baʼzan yondosh toʻqimalarning) arxitektonikasi qayta tuziladi. Afsuski, bosh miya suyagi sinishiga olib kelmaydigan zaif zarbalarga javoban yuz beradigan bosh suyagidagi oʻzgarishlar haqida maʼlumot yetarli emas.
Bridjett Zimpl boshchiligida Melburndagi Monash universiteti shifokorlari va fiziologlari hayvonlar ustida oʻtkazgan tajribasida bosh miyaning yengil, travmatik shikastlanishi paytida suyak bilan nima sodir boʻlishini aniqlashga muvaffaq boʻldi. 12 haftalik, ogʻirligi 160–200 gramm keladigan 37 ta urgʻochi kalamush boshiga behushlik holatida 250 gramm ogʻirlikdagi yuk tashlandi. Zarba paytida behush qilingan hayvon xuddi gamak (toʻr belanchak) da boʻlgani kabi roʻmolchaga solingan edi. Zarbadan keyin esa u boshning tekshirilayotgan qismlari bilan qayta toʻqnashuvning oldini olish uchun sergʻovak materialdan yasalgan gilamchaga yiqildi. Maksimal zarba yuki lambdoid chokining oʻrtasiga toʻgʻri keldi. Oldingi tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, bu model kalamushlarda bosh suyagi sinishi va miya ichi gematomalariga olib kelmaydi hamda insonda boʻladigan BMYTSh bilan taqqoslanadigan nevrologik va morfologik oqibatlarga ega.
BMYTShni modellashtirish uchun eksperimental uskunalar sxemasi. Rasm xuddi shu mualliflar guruhining oldingi maqolasidan olingan. Yeyts va boshqalar / Experimental Brain Research jurnali, 2017-yil
Hayvonlar toʻrtta — bitta nazorat guruhi (bosh miya jarohatlarisiz behush qilingan oʻnta kalamush) va bitta (yettita kalamush), ikkita yoki uchta jarohati (har birida 10 tadan kalamush) boʻlgan guruhlarga boʻlingan. Oxirgi ikki guruhdagi kalamushlarga berilgan zarbalar orasida bir kunlik tanaffus qilingan. Birinchi ikki guruhdagi barcha va miya shikastlanishi qaytalangan guruh kalamushlarining yarmi jarohatdan ikki hafta oʻtgach evtanaziya qilindi. Qolgan oʻnta kalamush shikastlanishdan soʻng 10 hafta yashagan.
Bosh suyaklarini oʻrganish uchun olimlar toʻrtta joydan — ikkita tepa va bittadan orqa, old suyakdan namuna oldi. Ularda gistologik tekshiruv va 10 mikrometrdan kam oʻlchamdagi kompyuter mikrotomografiyasi oʻtkazildi. Bunday yondashuv kalamush bosh suyagi yuqori qismlarining alohida qatlamlari qalinligi va tuzilishini — ixcham moddaning zichroq ichki va tashqi plastinkalari hamda ular orasidagi yumshoqroq diploik moddani baholashga imkon beradi.
Tahlil qilish uchun olingan zarba berilgan joyga eng yaqin qism (bosh chanogʻining tepa suyagi) lambdoid ulanishining oʻrta chiziq bilan kesishmasidan 1–2,5 mm masofada joylashgan. Ikki hafta oʻtgach, ikki yoki uch marta zarba berilgan kalamushlarda bu yerdagi suyak toʻqimalarining qalinligi nazorat guruhiga qaraganda ortgan (r2 = 0,40, p = 0,01). Suyak oʻsishi ichkariga, diploik modda tomon yoʻnalgan. Natijada undagi suyak toʻqimalarining hajmi oshib (r2 = 0,45, p = 0,003), suyak iligi hajmi esa kamaygan (ikki va uchta zarba olgan hayvon guruhlari uchun mos ravishda p = 0,06 va p = 0,07).
Oʻn hafta oʻtgach ham suyak oʻsishi davom etdi. Suyak nazorat guruhidagilarga qaraganda ancha qalinlashdi (r2 = 0,18, p <0,001). Toʻqimalarning oʻsishi suyak iligi hajmining pasayishi bilan birga kechdi (r2=0,76, p<0,01). Gistologik tekshiruv tomografiyada aniqlangan oʻzgarishlarni tasdiqladi.
Ikki jarohatga javoban bosh suyagidagi oʻzgarishlar. Suyak toʻqimalari qalinligining ortishi va diploik moddaning qayta tuzilishi zarba berish joyidan ikki millimetrgacha boʻlgan masofada aniq koʻzga tashlanadi. Dill va boshqalar / Scientific Reports jurnali, 2022-yil
Zarba markazidan uzoqroqda joylashgan orqa va old suyaklarning oʻrganilgan qismlaridagi taʼsir izlarini ikki haftadan keyingi qayta modellashtirishda topish qiyin kechdi. Jarohat olingan paytdan boshlab, oʻn haftadan keyin zarba taʼsiri umuman bilinmay ketdi. Oʻrta chiziqqa va zarba nuqtasiga qanchalik yaqin boʻlinsa, olingan jarohatning suyak qalinligiga taʼsiri shunchalik aniq boʻldi. Olimlar eng katta oʻzgarishlarni zarba markazidan ikki millimetrgacha boʻlgan masofada aniqladi.
Afsuski, tadqiqotda sitokin profili va yondosh qattiq miya qobigʻidagi oʻzgarishlar haqida maʼlumotlar mavjud emas. Singan yoki qon ketishining gistologik belgilari boʻlmagan holda bunday qisqa muddatli taʼsirga javob berib, suyakning qalinlashishini ishga tushiradigan mexanizm hali aniq emas. Nihoyat, olimlar aniqlangan oʻzgarishlarni juda cheklangan hududda kuzatdi. Bu hudud yuk bilan aloqaga kirishgan maydondan biroz kattaroqdir. Kelasi tadqiqotlar suyaklarni qayta qurish jarayonlari haqidagi tushunchamizni ijobiy tomonga oʻzgartirishi mumkin.
Maʼlumki, bosh suyaklarining tashqi va ichki plitalari qanchalik qalin boʻlsa, uning sinish ehtimoli shunchalik past boʻladi. Mualliflarning fikriga koʻra, bosh miyaning yengil, travmatik shikastlanishi keyingi suyak sinishlaridan himoya qilishi mumkin. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, maʼlumotlar yosh jonzotlardan olingan va katta yoshli hayvonlarda mexanik taʼsirga javob umuman boshqacha boʻlishi mumkin. Soʻnggi soʻz oʻrnida doktor Zimpl va uning hamkasblari oʻquvchilarni kelajakda BMYTShning oldini olish uchun boshga zarba berishdan qaytaradi.
Boshga zarba berish mavzusi muntazam ravishda N+1ʼning diqqat markazida boʻlib kelgan. Xususan, biz daraxtlarning qizilishton tomonidan oʻyilishi biomexanikasini modellashtirish haqida gapirgan edik. Modellashtirish ushbu qushning boshida amortizatorlar yoʻqligini, ammo bosh suyagida likvor bilan toʻldirilgan kichik maydon va zarbalarga qarshilikni oshiradigan neyronlarning tuzilmaviy xususiyatlari borligini koʻrsatdi. Futbolchilarning boshidagi likvor hudud kattaroq joyni egallaydi, shuning uchun bosh bilan toʻp oʻynash koʻpincha neyronlar shikastlanishiga sababchi boʻladi.
Muallif: Sergey Zadvoriyev. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Два удара по голове сделали череп крыс толще и плотнее” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Brik / Nik Ramej, 1996-yil