Amerika ikki qitʼani — Shimoliy va Janubiy Amerikani, shuningdek, yaqin orollarni, jumladan Grenlandiya orolini birlashtirgan dunyoning bir qismidir. “Yangi yer” deb nom berilgan bu qitʼaning kashf etilish tarixi juda koʻp chigalliklarga, bahslarga sabab boʻlgan.
Zamonaviy geografiya fani Amerika qitʼasini ispan dengiz sayohatchisi Xristofor Kolumb kashf etganini tan oladi. Uning ekspeditsiyasi 1492-yil 12-oktabrda San-Salvador orolida yakunlandi, shuning uchun bu sana Amerikaning rasmiy ochilish kuni hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, Kolumb bu yangi yerni Osiyo, aniqrogʻi Hindiston deb oʻylagan. 1499-yilda florensiyalik sayohatchi Amerigo Vespuchchi oʻz ekspeditsiyasini tuzadi va Amerika qirgʻoqlariga yoʻl oladi. Aynan uning taʼkidlashicha, Kolumb tomonidan kashf etilgan yerlar hech qanday Osiyo yoki orollar emas, balki yangi ulkan materik. 1507-yilda kartograf (xaritalar tuzuvchi mutaxassis) Martin Valdzemyuller kashf etilgan yerlarni Amerigo Vespuchchi sharafiga “Amerika” deb nomlashni taklif qiladi.
Biroq boshqa tarixchilar Amerikaning kashfiyoti faqat Kolumb yoki Amerigo Vespuchchi bilan bogʻliq degan fikrga qoʻshilmaydi. Ulardan ancha avval finikiyaliklar (miloddan avvalgi 4-asrda) va vikinglar (10-asrida) Amerika qirgʻoqlariga yetib kelgan deb hisoblashadi.
Qolaversa, baʼzi tarixchilar Amerikaning faraziy kashfiyotchilari sifatida malay sultoni Abubakar II (1330-yil), xitoylik tadqiqotchi Chjen Xe (1420-yil) va portugaliyalik Xuan Korterialni (1471-yil) ham koʻrsatishadi.
Ammo quyidagi fakt eʼtiborga loyiqdir:
2014-yil 20-iyun sanasida mashhur akademik nashrlardan biri bo‘lgan Science jurnalida Richard Stounning Abu Rayhon Beruniyning ilmiy ishlariga bag‘ishlangan maqolasi chop etildi.
Unda shunday deyilgan:
“Qadimiy qoʻlyozmalarga koʻra, Oʻrta Osiyoda joylashgan mamlakatdan kelgan ensiklopedist-olim nomaʼlum qitʼalar mavjudligini taxmin qilgan. Koʻp asrlar ilgari oʻsha yerda tugʻilgan Abu Rayhon Beruniy Yer shari aylanasini aniqlik bilan hisoblab chiqdi, solishtirma ogʻirlikni, shuningdek, moddaning suvga nisbatan zichligi oʻlchovini ixtiro qildi. U kreatsionizmni, yaʼni vaqtning na boshi va na oxiri bor degan tushunchani rad etgan olimlardan edi va Nikolay Kopernik tugʻilishidan 5 asr oldin Quyosh Quyosh tizimining markazi bo’lishi mumkinligini ta`kidlagan. Olim o‘zining kashfiyotlar qatoriga Amerikaning mavjud bo’lishi haqidagi farazni ham qo‘shib qo‘ygan edi.
Vashingtondagi Jon Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Frederik Starr umri mobaynida hech qachon okean ko‘rmagan Beruniy kashfiyot tojiga loyiqligini taʼkidlagan, zero uning asboblari yelkanli yogʻoch qayiqlar emas, balki ehtiyotkor kuzatuv qobiliyati, toʻplangan miqdoriy maʼlumotlarni tahlil qilish koʻnikmalari va kuchli mantiq.
Starr Angliya va Fransiyadagi nufuzli jurnallarda chop etilgan maqolasida yozadiki, Kolumb o‘z ekspeditsiyasiga tayyorgarlik ko‘rayotganda Beruniy va boshqa olim Ahmad al-Farg‘oniy yozgan maʼlumotlarga tayangan. Biroq Starrning fikricha, Abu Rayhon Beruniy kashfiyotlari G‘arbda e’tibordan chetda qolgan.
Maqova surat: Atahan Güç / unsplash.com
Manbalar:
→ kun.uz/ru/11382586
→ nkj.ru/archive/articles/24080
→ tribune.com.pk/story/657163/new-research-al-biruni-may-have-discovered-america
→ historytoday.com/archive/so-who-did-discover-america