Yer yuzi aholisining deyarli yarmi bir kunda ikki tildan foydalanib muloqot qilishini bilasizmi? Ijtimoiy tarmoqlarda, turli xabar va yangiliklarda bunday insonlarga nisbatan “bilingvist” soʻzi ishlatilgan holatlarni uchratib turamiz. “Demak, ikkita tilda gaplashadigan odamlar shunday nomlanar ekan-da”, — deb qoʻyamiz. Xoʻsh, aslida qanday? Maqolamizda bu atama maʼnosi va bilingvizm hodisasi ahamiyatini chuqurroq oʻrganamiz. Bilingvist kim, bilingvizm oʻzi nima va ikki tilli boʻlish uchun nimalar qilish kerak, uning ijobiy va salbiy tomonlari nimadan iborat degan savollarga javob topishga harakat qilamiz.
Kim? Nima?
Bilingvizm lotincha soʻz boʻlib, “bi” — ikki, “lingua” — til, yaʼni ikki tillilik maʼnosini bildiradi.
Istiloh sifatida bilingvist — kundalik hayotda ikkita til: oʻz ona tili va bitta chet tilini qoʻllash, unda soʻzlasha olish qobiliyatiga ega kishini bildiradi. Bugungi kunda insonlar bir vaqtning oʻzida ikki-uchta tilni oʻrganayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Xoʻsh, ularning hammasini bilingvistlar deb atash mumkinmi?
Demak, bilingvistlar ikkinchi tilni xuddi oʻz ona tilidek mukammal bilgan va soʻzlasha oladigan shaxslardir.
Bilingvizm turlari
Bolaligidan ikki tilda bemalol muloqot qila olgan kishilarni ham bilingvistlar deb ataymiz, aslida ham bu atama koʻproq ikki tilli muhitda yashash natijasida shakllangan bilingvizmni ifodalaydi. Shu sababdan ham bilingvizmni avvalo sunʼiy va tabiiy koʻrinishlarga ajratib olamiz.
Sunʼiy bilingvizmda inson hayotining maʼlum bosqichiga kelib ikkinchi til qoʻshiladi va xuddi ona tilidek oʻzlashtiriladi.
Tabiiy bilingvist kishi esa erta yoshlaridanoq ikkita tilni birdek oʻzlashtirib boradi.
Muhit taʼsirida shakllangan bilingvizm tushunchasi ham ikkiga boʻlinishini eslatib oʻtish kerak:
Individual bilingvistlar — oilaviy sharoit yoki shaxsiy xohish asosida ikki tillilik bilan ulgʻaygan kishilar.
Ijtimoiy bilingvistlar — mamlakatdagi mavjud vaziyat yoki anʼanalar taʼsirida ikkita tilni bir xil oʻzlashtirgan kishilar.
Individual bilingvistlar ota-otasi ikki xil tilda gaplashadigan oilada ulgʻayish natijasida har ikki tilni birdek oʻzlashtiradi. Bunda ota-ona ikki millat egasi boʻlishi shart emas. Biror chet tilini mukammal bilgan insonlar bemalol farzandlarini ikki tilli qilib tarbiyalay olishi mumkin.
Ijtimoiy bilingvizm esa mamlakatda birdan ortiq davlat tili mavjud, tarixan biror davlatning mustamlakasi yoki vassali boʻlgan jamiyatlarda shakllanadi. Asosan, Yevropa davlatlari orasida bu hol koʻproq kuzatiladi. Masalan, Shveysariyada 4 ta rasmiy davlat tili mavjud boʻlib, bunday sharoitda insonlar kamida ikkita tilni birdek oʻzlashtirishadi.
Ikkita tilni inson qay darajada oʻzlashtirishiga koʻra bilingvizm yana 3 turga boʻlinadi:
Koordinativ yoki muvozanatlashgan bilingvizm. Bunda inson ikki tilni alohida kontekstda oʻzlashtiradi. Bunday odamlar miyasida ikkala til uchun alohida soʻz boyligi, alohida grammatik tushunchalar shakllangan boʻladi. Soʻzlashganda ikki tilning tushunchalari bir-biri bilan aralashib ketmaydi.
Sub-koordinativ yoki muvozanatlashmagan bilingvizm. Bunda birinchi til ikkinchisiga qaraganda ustunlikka ega boʻladi. Yaʼni ikkinchi til ona tili orqali oʻzlashtirilgan boʻladi. Masalan, ikkinchi tilda biror soʻzni eshitganda shu soʻzning ona tilidagi ekvivalenti birdan xayolga keladi.
Aralash bilingvizm. Bunday bilingvistlar ikki tilni bir kontekst ichida tushunib, qoʻllab keta oladi. Bunday kishilarning miyasi qaysi tildan foydalanayotgani haqida oʻziga hisob berib oʻtirmaydi. Odatda aralash bilingvizm oilada, ikki tilda soʻzlashuvchi ota-ona sababli goʻdaklik paytidayoq rivojlanadi.
Tadqiqotlar nima deydi?
Avvallari kichikligidan ikki tilli boʻlib ulgʻaygan kishilar uchun uchinchi tilni oʻrganish murakkablik tugʻdiradi, deb hisoblangan. Bu haqda psixolog Ellen Bialistok tadqiqotidan bilishimiz mumkin. Tadqiqot natijasiga koʻra, bir tilda gaplashadigan bolalarning lugʻat boyligi ikki tilda gaplashadiganlarnikiga nisbatan yaxshiroq boʻlgan, shuningdek, tilga oid topshiriqlarni ham bir tilli bolalar yaxshiroq bajargan. Ammo bu tadqiqot bir necha yildan soʻng katta yoshlilar oʻrtasida takror oʻtkazilganda, bilingvistlar bir tilli kishilarga nisbatan yaxshiroq natija koʻrsatgan. Gap shundaki, ikki tilni oʻzlashtirish jarayonida bolalarda bir tilli tengdoshlariga nisbatan kechikishlar kuzatilsa-da, yillar oʻtishi bilan bu kechikish oldinlab ketishga almashinishi mumkin. Demak, ikki tilli boʻlish har qanday vaziyatda ham sizga bir qancha ustunliklar beradi.
Nafaqat ikki tilli kishi, balki umuman barcha chet tili oʻrganuvchilarda uchraydigan noqulay va qiziqarli holat sifatida kerak vaqtda biror soʻz tilning uchida “aylanib-aylanib, tashqariga chiqa olmasligini” aytishimiz mumkin.
Ikki tilli boʻlish uchun nima qilish kerak?
Maqolani oʻqish jarayonida ehtimol kelajakda farzandlaringizni ikki tilli qilib tarbiyalash yoki oʻzingizda bilingvist boʻlish istagi tugʻilgan boʻlishi mumkin. Ha, buni shakllantirish mumkin. Xoʻsh, qanday qilib?
Ikki tilda soʻzlashadigan oilada ulgʻayish. Bu bolalaringizga nisbatan qoʻllanadigan eng samarali usul sanaladi.
Ona tilingizdan farqlanadigan tilga ega chet davlatlarga oʻqish/ishlash/yashash uchun koʻchib borish. Bu sharoitda nafaqat oʻzingiz, balki bolalaringizda ham ikki tillilik shakllantirilishi mumkin.
Ikkinchi tilni oʻrganishga shaxsiy ishtiyoq mavjudligi. Til oʻrganish shunchaki zavqli jarayon emas, u oʻziga xos eʼtibor va kuch talab qiladigan kognitiv jarayon hisoblanadi. Aqliy mehnatga qiziqadiganlar uchun til oʻrganish chinakamiga zavqli mehnat boʻlishi mumkin.
Diniy motiv tufayli. Diniy taʼlim olish uchun ikkinchi tilni oʻrganish holatiga asrlar davomida guvoh boʻlib kelyapmiz. Bunda ham ikkinchi tilni oʻrganish ham oilada, ham insonning oʻz xohishiga koʻra amalga oshishi mumkin.
Xulosa
Tadqiqotchi Yekaterina Protasova koʻplab tadqiqotlarga koʻra bolaligidan bilingvist boʻlib shakllangan kishilarda maxsus aqliy faoliyatga moyillik, oʻzgaruvchan vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish, tafakkur shakllanishi ertaroq va yaxshiroq yuz berishini taʼkidlaydi. Ajoyib xulosa, shunday emasmi? Demak, ikki tilli boʻlishga urinish miyani chiniqtiradigan jarayon ekan. Shuningdek, shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoda til bilish koʻplab ezgu imkoniyatlar eshigi uchun kalit boʻla oladi.
Muqova surat manbasi: freepik.com
Manbalar:
→ studysmarter.us/explanations/english/international-english/bilingualism
→ iq.hse.ru/news/226168618.html
→ englex.ru/why-is-it-important-to-learn-2-languages
→ postnauka.ru/faq/67660
→ postnauka.ru/video/45963
→ mel.fm/blog/darya-ovsyannikova/38179-kratky-gid-po-bilingvizmu