Xalqaro aviatsiya federatsiyasi (FAI) Xalqaro astronavtika federatsiyasiga (IAF) koinotning rasmiy chegarasini (Karman chizigʻi) 100 kilometrdan 80 kilometrgacha tushirish imkoniyatini muhokama qilish maqsadida yigʻilish oʻtkazishni taklif qildi. Tashkilot xabarida aytilishicha, har ikki federatsiya mutaxassislari hamda koinot sohasining boshqa mutaxassislari ishtirokidagi ushbu yigʻilish 2019-yilda oʻtkazilishi kutilmoqda.
Bugungi kunda aerokosmik sanoatining aksariyati koinotning anʼanaviy chegarasini Karman chizigʻi deb nomlanuvchi dengiz sathidan 100 kilometr balandlikda deb hisoblaydi. Bu chegara nomi Teodor fon Karman sharafiga qoʻyilgan boʻlib, u bunday balandlikda atmosfera zichligi shu qadar kamayib boradiki, yetarlicha koʻtarilish uchun uchish vositasi birinchi fazoviy tezlikka teng yoki undan katta tezlikka ega boʻlishi kerakligini aniqlagan. Biroq bu chegara barcha yirik tashkilotlar tomonidan tan olinmaydi. Masalan, AQSh Harbiy havo kuchlari 50 mil (80,47 kilometr) balandlikni koinot chegarasi deb hisoblaydi.
2018-yil 30-noyabr kuni aviatsiya va kosmonavtika sohasidagi rekordlarni roʻyxatga oluvchi asosiy xalqaro tashkilot boʻlgan Xalqaro aviatsiya federatsiyasi (FAI) Xalqaro astronavtika federatsiyasi (IAF) bilan bogʻlanganini va 2019-yilda koinotning rasmiy chegarasini pasaytirish masalasi boʻyicha qoʻshma yigʻilish oʻtkazish rejalashtirganini eʼlon qildi. Federatsiya soʻnggi yillardagi bir nechta tadqiqot koinot chegarasini 80 kilometr deb belgilash oqilona ekanini isbotlaganini asos sifatida koʻrsatgan.
Federatsiya maʼlum bir ilmiy ishni nazarda tutmaydi, ammo bu asos Garvard-Smitson astrofizika markazi xodimi Jonatan Makdauellning Acta Astronautica jurnalining oktabr sonida chop etilgan maqolasi boʻlishi mumkin (maqola arXiv.org saytida mavjud). Unda olim turli zichlikdagi transport vositalariga atmosfera taʼsirining matematik tahlilini oʻtkazgan, shuningdek, past balandlikdagi sunʼiy yoʻldosh parvozlarining texnologik jihatlari va maʼlumotlarini koʻrib chiqqan.
Jismlarning atmosfera bilan oʻzaro taʼsirini modellashtirish shuni koʻrsatdiki, aerodinamik kuchlar parvozga taʼsir koʻrsatishni toʻxtatadigan hudud uchish vositalari xususiyatlariga qarab 66 dan 88 kilometrgacha choʻziladi. Bundan tashqari, Makdauellning taʼkidlashicha, elliptik orbitadagi haqiqiy transport vositalari perigey orqali 80–90 kilometrga teng boʻlgan bir nechta parvozlarni amalga oshirgan. Tahlil natijasida muallif 80 kilometr balandlikni fazoning pastki chegarasi deb hisoblash toʻgʻriroq degan xulosaga keladi.
Muallif: Grigoriy Kopiev. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Космос предложили приблизить на 20 километров” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: NASAʼning Marshall kosmik parvozlar markazi / Flickr