Misrda 59 ta yangi sarkofag topildi

Arxeologlar tomonidan Qohira janubidan 30 kilometr uzoqlikda, Sakkarda qadimgi Misr davriga oid bir necha dafn quduqlari topildi. Olimlar ularning ichidan oxirgi 2,5 ming yillikda tegilmagan 59 ta sarkofagni topishga muvaffaq boʻldi. Misrning qadimiy yodgorliklar va turizm ishlari boʻyicha vaziri Xolid al-Anani Joser piramidasi ostida katta press-konferensiya oʻtkazib, jurnalistlar va chet ellik elchilarga sarkofaglarning bir qismini koʻrsatdi. Ulardan biri matbuot koʻz oldida ochildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.


Sakkarda Misrning qadimgi poytaxti Memfisning nekropoli joylashgan. U yerda mashhur zinapoyali Joser piramidasi bilan birgalikda 11 ta piramida mavjud boʻlib, ularning barchasi qadimgi qirolliklarga oid. Keyinchalik firʼavnlar boshqa joylarga dafn qilina boshlangan, lekin Sakkarda mashhur shaxslarni bunday dafn qilish davom etgan. Topilgan sarkofaglar Qadimgi Misr tarixining kechki davriga mansub boʻlib, bu Misr madaniyatining eng oxirgi choʻqqisi — Ossuriya va Fors istilolari oʻrtasidagi Saiss renessansi vaqtiga oid. Eramizdan avvalgi 660-yilda nomarx Psammetix Ossuriya hukumatiga qarshi isyon koʻtaradi va firʼavnlari 525-yilgacha boshqargan sulolaga asos soladi (XXVI, Saiss).


Misr qadimiy yodgorliklar va turizm ishlari vazirligi 14-sentabr kuni quduqdan 13 ta sarkofag topilgani haqida xabar berdi. 21-sentabrda arxeologlar tomonidan yana 14 ta sarkofag topildi va topilmalar bu bilan tugamasligi taʼkidlandi. Qadimgi yodgorliklar va turizm ishlari vazirligi boʻlajak topilmalar haqida promo-rolik tayyorladi. 2-oktabr kuni olimlar gʻaroyib topilma — qimmatbaho toshlar bilan bezalgan Misr xudosi Nefertumning bronza haykalchasi topilganini xabar qildi. Haykalcha asosiga egasining ismi, kohin “Badi Amun” deb oʻyib yozilgan edi. Arxeologlarning aytishicha, yana boshqa haykalchalar ham topilgan boʻlib, hozircha ommaga maʼlum qilinmagan. Nihoyat 3-oktabrda 59 ta sarkofag topilgani haqida xabar berildi.


Topilmalar chuqurligi 11 metr atrofida boʻlgan dafn quduqlaridan topilgan. Arxeologlar oʻtgan zamonlarda ham kovlangan qazilmalarga duch kelardi, lekin bu safargisiga 2,5 ming yil davomida bir marta ham tegilmagan. Olimlar chizmalarning kamdan-kam saqlanib qolishiga urgʻu bermoqda. Bundan tashqari, Xolid al-Anani arxeologlar qabristonda eshik topgani, uning ortida olimlarni yanada olamshumul topilmalar kutayotgan boʻlishi mumkinligi haqida xabar berdi.


Muallif: Leonid Nikolayenko. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “В Египте нашли 59 нетронутых саркофагов” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Ministry of Antiquities / Facebook