Van Gogning yashirin avtoportreti topildi

Edinburgda joylashgan Shotlandiya milliy galereyasi restavrator xodimlari Vinsent Van Gogning “Dehqon ayolning boshi” suratining orqa tomoniga yashirilgan va avval nomaʼlum boʻlgan avtoportretini topishdi. Bu yangi surat buyuk rassom hayotini oydinlashtirishga yordam berishi mumkin. Bu haqda galereyaning matbuot xizmatida xabar berildi.


Baʼzida tadqiqotchi va restavratorlar tomonidan buyuk rassomlar asari orqasidan yashirin suratlar topiladi. Fransuz rassomi Andre Derenning “Shanba” yoki Kazimir Malevichning “Qora kvadrat” asarlari bilan ham shunday holat kuzatilgan edi. Bunday holatlarni aniqlashga rentgen va infraqizil nurlar, shuningdek, surat namunalarini mikroskop ostida tekshirish kabi turli fizik metodlar yordam beradi.


→ Van Gogning “bog‘bon” asaridagi shaxs kim bo‘lgan?


Edinburgdagi Shotlandiya milliy galereyasi xodimlari topgan Vinsent Van Gogning avtoportreti deb taxmin qilinayotgan surat ham shunday kashfiyot boʻldi. Unda soyaboni keng shlyapali, boʻyniga yengil oʻralgan roʻmoli bor soqolli erkak tasvirlangan. Mazkur surat restavratorlarning boʻlajak koʻrgazma oldidan Van Gogning 1885-yilgi “Dehqon ayolning boshi” suratini rentgen nurlari bilan tekshirish jarayonida topilgan. Avtoportret xolstning orqa qismida, yelim va karton ostida yashirilgan holatda boʻlgan.


Mutaxassislarning fikricha, ushbu yashirilgan surat Van Gogning Parijga koʻchib oʻtganidan soʻng fransuz impressionistlari ishlari bilan tanishganidan keyingi faoliyatidagi muhim vaqtda yaratilgan. Oʻsha davrlarda rassom pulni tejash uchun xolstlarni aylantirib, har ikki tomoniga ham rasm chizgan. Oʻlimidan soʻng “Dehqon ayolning boshi” surati ancha mukammalroq deb hisoblanib, orqadagi avtoportret karton bilan yashirib qoʻyilgan.


Muallif: Marat Xamadeyev. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Автопортрет Ван Гога нашли под клеем и картоном на обратной стороне другой его картины” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Shotlandiya milliy galereyasi