“Jeyms Uebb” Marsni suratga oldi

“Jeyms Uebb” infraqizil kosmik teleskopi Mars va uning atmosferasi spektrining ilk suratlarini oldi. NASA veb-saytidagi maʼlumotlarga koʻra, tasvirlarda “Ellada tekisligi” deb ataladigan sayyoraning eng chuqur pasttekisligi, suv, karbonat angidrid hamda uglerod oksidi chiziqlari aniq koʻrinadi.


“Jeyms Uebb” ilmiy dasturi chuqur fazoviy jismlarni oʻrganishga, jumladan, fazo boʻylab 30 millisekund harakat tezligiga va qabul qilingan yorqinlikka ega Quyosh tizimi obyektlarini kuzatishni ham oʻz ichiga oladi. Bularga sayyoralar (Merkuriy va Veneradan tashqari), ularning yoʻldoshlari, asteroidlar, mitti sayyoralar, transneptun obyektlari va kometalar kiradi. Xususan, observatoriya allaqachon Yupiter, Bosh kamar asteroidlari va hatto mashhur “Xeyl-Bopp” kometasini tasvirga olishga ulgurgan.


2022-yil 5-sentabr kuni “Jeyms Uebb” NIRCam kamerasi NIRSpec spektrografi yordamida Marsning to‘g‘ridan to‘g‘ri tasvirini va atmosfera spektrini yaqin infraqizil diapazonda suratga olib, Marsda birinchi fazoviy kuzatuvlarini o‘tkazdi. Mars observatoriya detektorlari uchun nihoyatda aniq nishon hisoblanadi, shuning uchun kuzatuvlar juda kam ekspozitsiyada olib borilgan.


Tasvirlarda Marsning sharqiy yarim shari koʻrsatilgan boʻlib, ularda sayyoradagi eng chuqur pasttekislik boʻlgan “Ellada tekisligi” zarba havzasi, 467 kilometrlik Gyuygens krateri va qadimgi qalqon vulqoni joylashgan Katta Sirt platosi aks etgan. 2,1 mikrometr toʻlqin uzunligida olingan tasvirlarda relyefning yuqoridagi detallarini koʻrish mumkin, 4,3 mikrometr toʻlqin uzunligida olinganlarida esa Mars yuza haroratining kenglik va kun vaqtiga qarab farqlanishini koʻrish mumkin. “Ellada tekisligi” salqin yuza boʻlgani uchun emas, balki sayyoradan kelayotgan nurlarning atmosfera qatlami tomonidan yutilishi tufayli qorongʻi koʻrinadi.


Mars atmosferasining birinchi spektriga kelsak, unda suv, karbonat angidrid va uglerod oksidi chiziqlari osongina aniqlanadi. Olimlar modelni kuzatilgan spektrlar bilan taqqoslash Qizil sayyora atmosferasidagi turli moddalar, jumladan, chang va muz bulutlari tarkibini aniqlashtirishga yordam beradi deb umid qilmoqda.


NASA, ESA, CSA, STScI, Mars JWST / GTO jamoasi

Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Джеймс Уэбб» сфотографировал Марс” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: NASA, ESA, CSA, STScI, Mars JWST / GTO team