Bola tarbiyasi: farzandingizni o‘qishga qiziqtiruvchi 5 tavsiya

Farzandingiz maktab fanlariga qiziqmaydi, uy vazifasini kechiktiradi yoki umuman qilmaydi. Darslardan qochish holatlari ham boʻlib turadi. Sizga bu holat tanishmi? Hech oʻylab koʻrganmisiz, bularning asl sababi nimada?

Bolada 5-sinfga qadar xotira, diqqat, mantiq kabi asosiy aqliy funksiyalar hali rivojlanmagan boʻladi. Darslarning zerikarli oʻtilishi yoki oʻta murakkab vazifalar berilishi, ota-onalarning haddan ortiq bosimi hamda bolaning oʻqituvchi va sinfdoshlari bilan mojarolari maktabdan, darslardan uzoqlashishning asosiy sabablaridir.


Xoʻsh, siz bu holatlarga qaramasdan farzandingizda oʻqishga boʻlgan ishtiyoqni qanday uygʻotishingiz va uni davomiy saqlab qolishingiz mumkin? Quyida ushbu muammolarning samarali yechimi uchun 5 ta tavsiya beramiz.


1-tavsiya: bosim, kaltaklashdan voz keching va kichik yutuqlarga eʼtibor bering

Kamar va haqoratlar, besh baholarsiz bola hech narsaga erisha olmasligi va natijada baxtsiz boʻlishi haqidagi fikrlar — bularning barchasi bosimni kuchaytiradi. Har kuni tanqid, bosim ostida boʻlgan bola ogʻriq, xafagarchilik va psixologik taranglikni boshdan kechiradi. U oʻzining “hech narsaga qodir emas”ligiga ishonib qoladi va unda sinab koʻrishga hech qanday xohish ham boʻlmaydi. Ijobiy maʼnoda qoʻllab-quvvatlash esa, aksincha, bolani yangi yutuqlar sari ruhlantiradi. Shuning uchun siz har qanday, hattoki eng kichik yutuqlarga ham eʼtibor bering. Bolaning testda faqatgina uchta toʻgʻri javob topganligi muhim emas. Toʻgʻri javob topa olganligiga eʼtibor bering va maqtang. Navbatdagii maslahat birinchisiga uzviy bogʻliq.


2-tavsiya: muzokaralar olib boring

Bolaning vijdoniga “murojaat qilish” oʻrniga, u bilan ogʻzaki yoki yozma ravishda shartnoma tuzing. Shartnomaga koʻra, u muvaffaqiyatli yakunlangan vazifasi uchun qandaydir mukofot oladi. Bola oʻzining past bahosini toʻgʻirlashi yoki maktabdagi olimpiadada oʻrin olishi shunday holatlarga misol boʻla oladi. Muhimi, biz bunday yoʻl bilan bolani baho yoki uy vazifasini bajarishi uchun emas, balki eng minimal baho yoki natijadan oshib ketishi uchun ragʻbatlantiramiz. Bu bilan nimaga erishamiz?


Oʻzaro munosabatlardagi keskinlikni yengillashtiramiz. Bola halol mehnat orqali istagan narsasiga erishishi mumkinligini anglaydi, bu narsa uning hayotiga taʼsir qilishini tushunadi, oʻrganish qobiliyatlarini rivojlantiradi, masʼuliyatni tabiiy ravishda oshiradi.


3-tavsiya: ortiqcha yuklardan voz keching

Biz qoʻshimcha mashgʻulot va cheksiz repetitorlar bolaning butunlay “halokat yoqasi”ga kelib qolishiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Bolaning jadvalini koʻrib chiqing va kechqurun tom maʼnoda holdan toyib qolmasligini hisobga olgan holda jadvalni qayta tuzing. Asosiysi, barcha majburiy yoki asosiy vazifalarni bajargandan soʻng bolaga yaxshi dam olish uchun vaqt bering. U nima qilishni xohlayotganini oʻzi hal qilsin. Dam olish paytida yangi vazifalar yuklamang. Bola oʻz vazifalarini bajardi. Demak, endi erkin dam olishga haqli.


Maʼlumot oʻrnida, faqat 11–12 yoshdan keyingina bolada alohida farqlash (ish va dam olish) tushunchasi shakllanishini yodda tuting.


4-tavsiya: bolangizni oʻqishga oʻrgating

Ayniqsa yosh bolalarda oʻquv materiallarining natijasi emas, balki jarayonning oʻzi koʻproq tashvishlantiradi. Samarali taʼlim usullaridan foydalanish bolaga oson, qiziqarli va mustaqil ravishda oʻrganish imkonini beradi va ota-onalar esa oʻzi uchun koʻproq boʻsh vaqt ajratishga erishadi, ularning bola bilan kechgacha dars qilib oʻtirishi shart boʻlmaydi.


5-tavsiya: bahosi bilan emas, balki bilimi bilan qiziqing

Kundalikni koʻrsatish kabi odatiy talab oʻrniga, bola bugun maktabda nimalarni oʻrgangani, uni nima hayratda qoldirgani yoki xursand qilgani haqida soʻrash yaxshi natija beradi. Bunday yoʻl tutish orqali siz bolaning eʼtiborini uni boshqa oʻquvchilar bilan solishtirishga emas, balki haqiqatan ham muhim narsaga qaratasiz.

Ushbu maslahatlarga amal qilish orqali siz farzandingizning maktabga nisbatan stress darajasini pasaytirasiz va unda oʻrganishga boʻlgan haqiqiy ishtiyoq ruhini uygʻota olasiz.


Yana bir foydali eslatma, bolalaringiz uchun saytimizda maxsus “Bilasizmi?” bo‘limi tayyorlangan boʻlib, unda siz nafaqat farzandingiz uchun, balki oʻzingiz uchun ham nomaʼlum boʻlgan noodatiy maʼlumotlarni topishingiz mumkin. Hali sochingizga oq tushmadimi? Oʻzi soch nega oqaradi? Hamma savollar javobi “Bilasizmi?” bo‘limida. Qani, ketdik!


Muqova surat: unsplash.com