Aʼlo natija — bu mablagʻ tikilmaydigan oʻyin emas.
Hozirgi zamon maktablariga qaratilgan islohotlar majburiy tarzda oʻqitilishi kerak boʻlgan fanlarga va oʻquvchilardan yuqori natijalarni talab qiluvchi majburiy standartlashtirilgan testlarga qaratilgan. Bularning bari esa “qattiqqoʻllik”, “maqsadlarni kengaytirish” va “yanada ogʻir standartlar” kabi shiorlarga asoslangan.
Tasavvur qilaylik, keyingi yilda deyarli barcha talabalar imtihonda aʼlo baholar olishdi. Bu holatga siyosatchilar, ishbilarmonlar hamda OAVning munosabati qanday boʻladi? Balki, ular hayrat bilan: “Ofarin, bu oʻqituvchilarning tinimsiz mehnati natijasidir!” deyishar.
Albatta, yoʻq. Ular bunday ajoyib muvaffaqqiyatni test sinovlarining juda oson boʻlganligi bilan izohlashadi. Bizning dunyomizda, natijalarning juda tez yaxshilanishiga munosabat doim shu koʻrinishda boʻlib kelgan. Misol uchun, 2009-yilda Nyu Yorkda boʻlib oʻtgan matematika boʻyicha imtihonda yuqori natijalar qayd etilganida, shtat boshqaruv kengashi raisi shunday degan edi: “Mening fikrimcha, bugungi natijalarni nishonlashning oʻrniga, Nyu York shtati oʻzi uchun yanada yuqori standartlarni belgilashi kerak.”
pexels.com
Tashvishga soladigan tomoni shundaki, “yuqori standartlar”ning asl maʼnosi “bir vaqtning oʻzida barcha talabalar yeta olmaydigan standartlar”dir. Agar barcha talabalar mos keladigan holat yuz bersa, qaysidir talaba, albatta, yiqilishi uchun bu standartlar, shunchaki, yanada ogʻirlashtirib qoʻyiladi.
Standartlarni belgilash va ularni nazorat qiluvchi harakatning maqsadi hech bir bolani chetda qoldirmaslik emas. Aksincha, uning maqsadi bugʻdoyni somondan ajratish uchun yaratilgan murakkab saralash uskunasiga oʻxshaydi. Tanasining rangi boshqacha boʻlgan oʻquvchilar, daromadi kam boʻlgan oiladan chiqqan va ona tili ingliz tili boʻlmagan oʻquvchilarning somon sifatida ajratilishi bu harakatning qanchalik notoʻgʻri ekanligini koʻrsatadi.
Ammo, yuqorida tasavvur qilgan misolimiz taʼlim muassasalari uchun “maqsadlarni kengaytirish” shiorining asl mohiyatini koʻrsatib beradi. Bizni har safar qaysidir guruhning barcha aʼzolari gʻalaba erishganda shubha bilan qarashga oʻrgatishgan. Gʻirrom yoʻl tutilganiga hech qanday isbot boʻlmasa-da, bunday gumonga borish barchamizga singdirilgan. Amerikada aʼlo natijaga erishish juda qiyin deb hisoblanadi. Muvaffaqqiyat faqat sanoqli insonlar tomonidan erishilgandagina tan olinadi.
Bunday xulosaga kelishning sabablaridan biri qiyoslashdir. Yaʼni, natijalar yaxshilanishiga qaramasdan, natijalarning teng yarmi oʻrtadan past boʻladi va magʻlubiyat sifatida baholanadi.
unsplash.com
Boshqa tomondan, oliy taʼlimda keng tarqalgan “baholarning oshishi” muammosiga eʼtibor qarataylik. Masalaga real qarasak, hozirda koʻpchilik talabalar aʼlo baholar olayotgan boʻlsada, bu aʻlo baholar sonining avvalgiga nisbatan oshganini bildirmaydi.
Ammo, aksariyat tanqidchilar: “Vaqt oʻtishi bilan arzimagan sabablarga koʻra baholar oshib borgan va oʻquvchilar bunga loyiq emas”, — deb taʼkidlashmoqda. Ular, xuddi, koʻp miqdorda aʼlo baho olish nomaqbul ishday maʼlum bir maktab yoki sinflarda aʼlo bahoga loyiq koʻrilganlar soniga shubha bilan qarashmoqda.
Nyu Jersi kollejida faoliyat olib boruvchi faylasuf Richard Kamber shunday deydi: “Agar baholar qandaydir maʼnoga ega boʻlsa, unda oʻz darajasiga mos muvaffaqqiyatga olib borishi kerak”.
Boshqacha aytganda, baho kim gʻolib boʻlayotganini koʻrsatishi kerak. Talabalar kirish imtihonlaridan oʻtgan boʻlsa nima qilibdi? Ular yana va yana saralanishi kerak. Bunda taʼlim maskanlarining asosiy vazifasi bilim berish emas, balki, doim kimdir magʻlub boʻladigan oʻyin yaratish boʻlib qolmayaptimi? Qaysi tomondan oʻylab koʻrmang, bu hech bir qarashga toʻgʻri kelmaydi.
Balki, havoning ifloslanganlik darajasi, sogʻliqni saqlash tizimi yoki taʼlim tizimining ishlashiga qarab, shtat va hududlarga baho berib chiqarmiz. Ammo, bundan nima foyda? Bir-biriga qiyoslash bizga qoniqarli natija bermaydi, chunki, qanday oʻlchovni ishlatishimizga qarab uyaltiradigan darajada past yoki hayratda qoldiradigan darajada yuqori boʻlishi mumkin. Qiyoslash faqatgina gʻolibga faxrlanish huquqini beradi (biz 1-oʻrindamiz!). Bu esa, aksariyat insonlar uchun doimiy va muqarrar muvaffaqqiyatsizliklarning yolgʻon tasavvurini yaratadi.
Lekin, nima boʻlsa ham biz qiyoslab baho berishni yaxshi koʻramiz. Bundanda yomoni, baʼzilar erisha olmaydigan cheklangan miqdordagi sovrinlarni atayin oʻylab topamiz.
unsplash.com
Raqobat sharoitida aʼlo natija koʻrsatish ishlab chiqarishdagi rivojlanishga olib kelmaydi. Darhaqiqat, ijtimoiy sohadagi izlanishlardan maʼlum boʻlishicha, raqobat inson potensialini pasaytiradi. Bu samarali hamkorlik darajasini pasaytiradi, tizimda turli “oʻyinlar”ni ragʻbatlantiradi va eʼtiborni rivojlanishga emas, boshqalardan oʻzib ketishga jalb qiladi.
Koʻpincha, bu holat “aʼlo natija — mablagʻ tikilmaydigan oʻyin” deb hisoblaydigan notoʻgʻri qarashni keltirib chiqaradi. Quyidagi gʻoya mohiyatini yanada yaxshiroq yoritish biz uchun ham mantiqiy, ham demokratik yoʻl boʻlar edi: “Real hayotda hamma ham muvaffaqqiyatga erishmayotgan boʻlishi mumkin, lekin, nazariy jihatdan barchamiz muvaffaqqiyatga erishishimiz mumkin edi.”
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Nega hamma ham a’lo natijaga erisha olmaydi?