“Amerikaliklar maktab nazoratining zamonaviy, hech kimga xalal bermaydigan usulini joriy qilishgan ekan.”
Joriy yilning iyun-iyul oylarida AQSh davlat ta’limiy va madaniy ishlar bo‘limi tomonidan tashkil qilingan SUSI (The Study of the U.S. Institutes for Secondary Educators — O‘rta ta’lim o‘qituvchilari uchun AQSh ta’lim institutlari) dasturi bo‘yicha 5 haftalik o‘quv kursini tamomlab qaytdim. Mazkur o‘quv dasturi davomida bizga hamroh bo‘lgan 18 ta davlat o‘qituvchilari bilan AQSh jamiyati, madaniyati, qadriyatlari va ta’lim muassasalarini o‘rganish maqsadida Montana, Shimoliy Karolina, Kolumbiya shtatlarida bo‘ldik. Shu bilan birgalikda o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib, u yerdagi ish jarayonlarini ham kuzatdik.
AQSh ta’lim tizimi maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, o‘rta va oliy ta’lim bosqichlariga bo‘linadi va u 3 turdagi hokimiyat tomonidan nazorat qilinadi va moliyalashtiriladi: federal, davlat va mahalliy.
AQShdagi 50 ta shtatning har biri o‘ziga xos ta’lim tizimiga ega ekanligi sababli maktablarda tartib, sharoit, muhit va jarayon turlicha. Davlat maktablaridagi o‘quvchilar yil davomida o‘zlari yoqtirgan fanlarni tanlash va aynan o‘sha fanlardan chuqurroq ta’lim olish imkoniyatiga ega. Masalan, jismoniy tarbiya fanidan o‘quvchi o‘zi uchun qiziq bo‘lgan sport turini tanlaydi va maktabda tashkil qilingan jamoa a’zosiga aylanadi. Yuqori sinfda ham o‘quvchi o‘zi o‘rganmoqchi bo‘lgan fanlarni tanlay oladi, lekin o‘rganishi kerak bo‘lgan fanlarning soni ko‘proq bo‘ladi. Amerikalik o‘quvchilar A, B, C, D ko‘rinishida baholanar ekan. Muhim jihatlardan yana biri — o‘qituvchilar o‘quvchilarning baholarini barchaning oldida e’lon qilmaydi. Ota-onalar esa farzandlarining natijalari bilan bir o‘quv yilida 4 marotaba tabel orqali tanishib chiqishadi.
freepik.com
Yurtimizda o‘tgan bir yil davomida o‘quvchilar formasi masalasi anchagina bahslar markazida bo‘ldi. Umuman, bizda o‘quvchining darsga maktab kiyimida kelishini qat’iy nazoratga olishga katta e’tibor qaratiladi. AQShdagi men borgan maktablarda o‘quvchilar maktab formasini umuman kiyishmas ekan.
Formadan ham muhim masalalar bor!
Formasiz yurishni nafaqat o‘quvchilarda, balki o‘qituvchilarda ham kuzatdim. Ammo bu ta’lim sifatiga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini darslarni, o‘quvchi va o‘qituvchilar salohiyatini kuzatgach, anglab yetdim. Shu o‘rinda biz ham asosiy e’tiborni sifatli bilim berishga qaratish vaqti yetganligini tushunishimiz kerak.
Tekshiruvlardan xoli maktablar
Meni “Amerika maktablariga ham “komissiya” keladimi?”, “Maktablarni qaysi tashkilotlar tekshiradi?” degan savollar ham qiziqtirdi. Ammo bu savollarimga javob olgach, hayratim oshdi. Sababi Amerika maktablarini tekshirish, nazorat qilish uchun tekshiruvchilar deyarli kelmas ekan. Ular bu masalaning ham zamonaviy, hech kimga xalal bermaydigan, o‘qituvchilarni ishdan, o‘quvchilarni darslardan chalg‘itmaydigan usulini joriy qilishgan ekan. Ya’ni maktab o‘quvchilarining bilimini tekshirishga mo‘ljallangan maxsus bo‘lim bo‘lib, u har semestrda o‘quvchilarga test jo‘natadi. Olingan test natijalari esa davlat ta’lim bo‘limiga taqdim etiladi. Eng past reyting olgan maktabga maxsus tekshiruv jo‘natilib, o‘sha maktabdagi muammo o‘rganib chiqiladi va muassasaga amaliy yordam ko‘rsatiladi. Eng muhimi, bu kabi tekshiruvlar maktab va o‘quvchilarga yordam berish uchun amalga oshirilar ekan.
O‘quvchilar nega bunchalik erkin?
Montana shtatining Mizzula shahrida joylashgan “The big high school” maktabida ayrim fanlardan dars jarayonini kuzatdik. Geografiya darsida biz turli davlat vakillari sifatida qatnashdik va 6 ta partaga bo‘lindik. O‘quvchilar guruhlarga bo‘lingan holda navbatma-navbat bizning oldimizda o‘tirib, davlatimiz poytaxti, dini, madaniyati, aholisi haqida savollar bera boshladilar. Olingan ma’lumotlarga qarab, guruhlar biz yashaydigan davlatni topishlari lozim edi. Dars jarayonida har bir o‘quvchining erkin muloqot qila olishi meni hayron qoldirdi. O‘quvchining o‘z fikrini keng yoritib berishi, oldidagi notanish odam bilan kulib, hotirjam va erkin munosabatga kirishishiga erishish sirini bilmoqchi bo‘lib, darsni olib borgan o‘qituvchini savolga tutdim. Buning uchun darslarda o‘quvchilarga erkinlik va mustaqil fikrini tushuntirib berishiga sharoit yaratib berish lozim, deya ta’kidladi pedagog.
Shuningdek, amerikaliklar oilasida yashab bildimki, ota-ona farzandiga go‘daklik davridan boshlab xuddi kattalardek munosabatda bo‘lar ekan. Bu esa bolaning har qanday muloqotda o‘zini erkin tutishining yana bir omilidir. Menga mezbonlik qilgan amerikalik oila boshliqlarining aytishicha, ular o‘z farzandlarini turli xil oilaviy bazmlar, kecha va dasturlarga olib borib, u yerdagi odamlar bilan muloqot qildirar ekan. Natijada bolada ko‘pchilik orasida bemalol o‘z fikrini bayon eta olish, notanish insonlar bilan til topishib ketish, shaxsiy pozitsiyasiga ega bo‘lish kabi ko‘nikmalar shakllanadi.
freepik.com
Maktab ichki dizayni va kutubxona
AQSh maktablari bilan O‘zbekiston maktablarini solishtirmoqchi emasman. Lekin xorijiy ta’lim muassasalaridagi shart-sharoitlar har qanday o‘qituvchini qiziqtirishi tabiiy. Amerika maktablari devorlarida faqat maktab va o‘quvchilar ijodi bilan bog‘liq qiziqarli materiallarni topishingiz mumkin. Masalan, maktabni eng yaxshi baholarga bitirganlar, maktab faxriga aylangan o‘quvchilar, maktab bayrog‘i, shiori va logotipi hamda o‘quvchilar yaratgan boshqa loyihalar shular jumlasidan.
Maktab kutubxonalari ham maktab hayotida muhim ahamiyatga ega. Kutubxona xodimlarining o‘quvchilarni kitob o‘qishga qiziqtirish uchun olib borayotgan sa’y-harakatlari meni lol qoldirdi. Masalan, kutubxona xodimlari o‘quvchilarning kitoblarga diqqatini tortish uchun kitob javonlarining yuqorisiga eng ommabop va qiziqarli adabiyotlarni namoyish qilib qo‘yishadi. Yoki kitoblarni ro‘yxatdan o‘tkazish stolida katta jumboqli mashqlarni topishingiz mumkin. Kutubxonaga kelgan bola, albatta, bu jumboqli mashqlar oldidan bee’tibor o‘tib ketolmaydi va 500–1000 bo‘lakchalardan iborat jumboqni o‘zi istaganicha davom ettirib, ulardan katta shakl chiqarishga harakat qiladi. Yana bir qiziq holat shuki, kutubxonada ota-onalar yoki boshqa xayriya jamg‘armalari tomonidan tashkil qilingan maxsus kitoblar javoni bo‘lib, unda xayriya tariqasida maktabga sovg‘a qilingan kitoblar o‘quvchilar tomonidan o‘z shaxsiy kutubxonalari uchun olib ketilishi mumkin ekan.
O‘sishdan to‘xtamaylik!
Albatta, har bir millatning o‘ziga xos yutuq va kamchiliklari bo‘lgani kabi, har bir davlat ta’lim tizimida ham yutuq va muammolar yetarlicha topiladi. Muhimi, tajriba almashish chog‘ida o‘sha yutuqlar omilini o‘rganib, tajriba orttirish, muammolarini tahlil qilib, xulosa chiqarishdir.
Muallif: Nasim Sodiqov. Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tayyorlangan. Havola → Amerika maktablariga ham “komissiya” keladimi?