“Ular hamma yerda” — 2018-yil bahorida mening dala daftarimdagi yozuvlarda shunday qaydnoma keltirilgan. O‘shanda men jurnalist sifatida Volga-Ural populyatsiyasidagi sayg‘oqlarning qo‘zilashini (bolalashini) kuzatishda ishtirok etdim va har tomonlama yordam berdim. O‘sha yili butun Qozog‘istonda (saygʻoqlar eng koʻp yashaydigan mamlakat) sayg‘oq populyatsiyasi 200 ming boshdan sal ko‘proq edi.
Ammo sayg‘oq o‘z sonini qisqa muddat ichida tez tiklay oladigan ajoyib hayvondir (uning strategiyasi shunday), bu esa kishini hayratga solmay qo‘ymayapti. Go‘yoki, bor-yo‘g‘i to‘rt yilgina o‘tdi, ammo birgina Volga-Ural sayg‘oqlari soni (2018-yilda biz borgan populyatsiya) 545 ming boshga o‘sdi va Qozog‘iston hududidagi barcha uchta populyatsiya (Volga-Ural, Ustyurt va Betpaqdala) deyarli 850 mingga yetdi.
Betpaqdala sayg‘oqlari populyatsiyasi 2015-yildagi ommaviy halokatdan so‘ng tiklandi. Eslatib o‘tamiz, sodir bo‘lgan fojiadan oldin ularning soni 200 ming boshdan biroz ko‘proq edi (turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 210 dan 220 ming boshgacha hayvonni o‘lim olib ketgan).
Umumiy hisobning bunday tebranishlari, albatta, sayg‘oqning zamonaviy (XIX–XX–XXI asrlarni olamiz) tarixiga xosdir. Ammo qanday omadsizlik: paradoksal vaziyat yuzaga keldi. Aftidan, Volga-Ural sayg‘oqlari soni hech qachon bunchalik ko‘p bo‘lmagan va bu muqarrar ravishda odam bilan ziddiyatga olib keladi. Sayg‘oq yaylovlar, suvloqlar uchun raqobatlashadi, dalalarga keladi. Bu esa iqtisodiy faoliyatni sezilarli darajada murakkablashtiradi. Natijada odam va hayvon o‘rtasida yana bir ziddiyat vujudga keladi.
Bundan tashqari, yana bir g‘ayrioddiy vaziyat vujudga keldi. Sayg‘oq yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan tur sifatida (TMQXI/IUCN tomonidan jiddiy xavf ostida) to‘liq himoya qilinishi kerak. Ammo alohida hududlarda uning ko‘pligi (demak, zichligi) juda yuqori qiymatlarga yetdi. Albatta, bunday holatdagi xavotir epizootiyaning yuzaga kelish xavfini chaqiradi.
Biroq hozir hal qilinishi kerak bo‘lgan muammo bor — bu odam (uning xo‘jalik faoliyati bilan) va hayvon o‘rtasidagi ziddiyat muammosi. Tarix shuni ko’rsatadiki, bu kabi muammoning mumkin bo‘lgan ikkita yechimi mavjud:
— populyatsiya sonini “qattiq” qo‘lda tartibga solish (bu odatda jon boshini olib tashlashga olib keladi, sodda tushuntirilganda — otishma);
— “muammoli” hayvonlar bilan qo‘shnichilik oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha “yumshoq” choralar.
Axloqiy nuqtai nazardan, ikkinchi variant maqbul ko‘rinadi. Biroq eng samaralisi (amaliyot shuni ko‘rsatadiki) birinchisi bo‘lib qolaveradi. Tabiatni boshqarishning byurokratik muammolari ham shu yerdan boshlanadi. Gap shundaki, hozirgi vaqtda Qozog‘istonda sayg‘oqdan foydalanish taqiqlangan (Rossiyada bu tur Qizil kitobga kiritilgan). Xo‘sh, nima qilish kerak?
Nahotki sovet davridagidek (sayg‘oqlar soni ko‘p bo‘lgan davrda) sayg‘oqlarga ham xarid idoralari faoliyati qayta tiklanadi, xuddi avvalgidek quturgan hayvonlar tom ma’noda bir-birini bosib, sindirib tashlaydigan qo‘ralarga haydaladi (sayg‘oqni ovlashning bu usuli Bernard Grjimekning “Yovvoyi hayvon va odam” kitobida yaxshi tasvirlangan).
Har qanday holatda ham boshqa savol tug‘iladi: agar o‘lja olishga ruxsat etilsa, unda o‘ljaga olingan mahsulotlarni nima qilish kerak? Ayniqsa, Osiyo an’anaviy tibbiyot bozorlari ancha vaqtdan beri kutayotgan “qimmatbaho” sayg‘oq shoxini…
Axir bu o‘z-o‘zidan talabni rag‘batlantiradi va, ehtimol, kam sonli davrda bu shimoliy kiyiklarni butunlay “tugatadi”. Hozircha javoblarga qaraganda savollar ko‘proq. Javoblarni olimlar va tabiiy resurslardan foydalanuvchilar topishi kerak va buni imkon qadar tezroq amalga oshirish darkor.
2006-yildan 2021-yilgacha Qozogʻistondagi Saiga tatarica saygʻogʻi soni
Muallif: Svyatoslav Gorbunov, ekolog, falsafa fanlari nomzodi. A. I. Koshkinaga (Qozog‘iston biologik xilmaxillikni saqlash assotsiatsiyasi) taqdim etilgan ma’lumotlar uchun minnatdorchilik bildiramiz. Ushbu maqola trv-science.ru saytidagi “Сайга восстанавливается. Что делать дальше?” maqolasining tarjimasi.