Bugun reklama bannerlari, internet sahifalari, hatto ish qogʻozlarida ham tez-tez uchrab turgan ba’zi xatolar haqida soʻz yuritamiz. Ular orasida sizga ham tanish boʻlgan holatlar bormi?
Hozirgi kunda lotin alifbosidagi reklama bannerlari, internet sahifalari, hatto ish qogʻozlarida ham qator xatoliklar uchrab turibdi. Ushbu maqolada shularning ba’zilari haqida soʻz yuritiladi. Bularga bir koʻz yugurtirib chiqing-chi, balki siz uchun ham notanish biror jihat bordir.
1. Oʻ oʻ va Gʻ gʻ harflaridagi ʻ belgisi oʻrnida ’ belgisi ishlatilishi. Aslida, ’ tutuq belgisi hisoblanadi. Menimcha, bu xato yuz berayotganligining sababi oʻzbek tilidagi klaviaturada ʻ belgisining oʻrnatilmaganligi boʻlsa kerak. “Microsoft Word” dasturida ushbu belgini simvollardan topib qoʻysa boʻladi. Linuxda esa lotin alifbosiga asoslangan klaviaturada ushbu belgi mavjud. Bu muammoni hal qilish uchun “Windows” operatsion tizimida lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek tili klaviaturasiga ʻ belgisini qoʻshish kerak.
2. Yil va sanalarni lotin alifbosida yozishdagi — (chiziqcha) belgisi bilan bogʻliq xatolar. Kirill alifbosida yil va sanalardan soʻng chiziqcha qoʻyilmaydi. (2012 йил 16 июн kabi.) Lotin alifbosida esa chiziqcha qoʻyilishi shart: 2012-yil 16-iyun.
3. Hozirgi zamon qoʻshimchalari oʻrnida kelasi zamon qoʻshimchalari ishlatilishi. Ba’zi hollarda ushbu zamon qoʻshimchalari bilan bogʻliq xatolar ham uchrab turibdi. Masalan, “quvalamoqda” emas, “quvlamoqda” boʻladi.Agar birinchi soʻzni asos va qoʻshimchalarga ajratib chiqsak, “quv-a-la-moq” shaklida ajraladi. Bu yerda “quv” — asos, -a kelasi zamon qoʻshimchasi, -moqda hozirgi zamon qoʻshimchasi hisoblanadi. “ketdi” soʻzi oʻtgan zamonni ifodalasa, “ketadi” fe’lidagi “-a” qoʻshimchasi esa kelasi zamonda boʻladigan harakatni ifodalaydi. Shuning uchun hozirgi zamonda boʻladigan harakatni ifodalashda -a qoʻshimchasini ishlatmaslik kerak.
4. Kirill alifbosidagi “ц” harfini lotin alifbosida qoʻllashdagi xatolar. Ayniqsa, kirilldan lotinga, lotindan kirillga oʻgiradigan dasturlarda bu hol juda koʻp uchraydi. Yangi imlo qoidalariga koʻra “ц” harfi lotin alifbosida faqatgina soʻz oʻrtasida unlidan keyin kelsagina “ts” shaklida yoziladi. Masalan, лицей — litsey, конституция — konstitutsiya. Qolgan barcha holatlarda “s” shaklida yoziladi. Masalan, цирк — sirk, циркул — sirkul, абзац — abzas.
5. gʻ va g jarangli undoshlari bilan tugagan soʻzlarga qoʻshimcha qoʻshish. gʻ va g jarangli undoshlari bilan tugagan soʻzlarga -ga (joʻnalish kelishigi), -gach (payt ravishdoshi), -gan (sifatdosh), -gani (maqsad ravishdoshi) qoʻshimchalari qoʻshilsa, oʻzgartirilmasdan, asliga koʻra morfologik qoida asosida yoziladi. Masalan: togʻ + ga = togʻga, barg + ga = bargga, yigʻ + gani = yigʻgani, yigʻ + gan = yigʻgan, eg + gan = eggan, yigʻ + gach = yigʻgach.
Lekin ushbu qoida jarangsiz undosh bilan tugagan soʻzlarga tegishli emas. Masalan: qishloq + ga = qishloqqa, ek + gan = ekkan, chiq + gan = chiqqan, chiq + gani = chiqqani kabi yozilaveradi.
Kirill alifbosida esa, ushbu holatda fonetik qoida asosida har qanday holatda ham oʻzgartirib yozilaveradi. Masalan, тоққа, қишлоққа, йиққани kabi.
6. Izofali birikmalarda “ y ”harfi qoʻyib yoziladi. Masalan, kirill alifbosida “таржимаи ҳол” deb yozilsa, lotin alifbosida “tarjimayi hol” deb yoziladi. “Нуқтаи назар” soʻzi esa “nuqtayi nazar” shaklida yoziladi.
7. Chet tilidan kirib kelgan soʻzlar imlosi. Chet tilidan oʻzlashgan koʻpgina soʻzlar shakliy qoida asosida yozilmoqda. Masalan, kirill alifbosida “сентябр”, “октябр” “режиссёр”, “бюджет” kabi yoziladigan soʻzlar lotin alifbosida “sentabr”, “oktabr”, “rejissor”, “budjet” koʻrinishida boʻladi.
8. Tarkibida v yoki u undoshi boʻlgan bir boʻgʻinli soʻzlarga — illa qoʻshimchasi qoʻshilsa, -ulla tarzida yoziladi. Masalan: shov + illa = shovulla, gʻuv + illa = gʻuvulla kabi.
Oʻ va Gʻ hamda tutuq belgisini toʻgʻri qoʻyish uchun Hamza Foziljonov tomonidan yaratilgan Uzbek Latin Keyboardʼni quyidagi havola orqali bizning Telegram kanaldan yuklab olishingiz mumkin: t.me/khanacademyuzbek/4. Dastur faqat Windows operatsion tizimida ishlaydi.
Muallif: Akmal Xushvaqov. Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tayyorlangan.