Bel o‘lchov birligi qaysi sohalarda qo‘llanadi?

Bel – muayyan fizik kattalikning aynan shu kattalikning boshlangʻich asos uchun olingan birligiga logarifmik nisbatini ifodalovchi birlik. Uning asosida oʻnli logarifm yotadi. Ushbu birlik amerikalik olim va ixtirochi Aleksandr Bell sharafiga nomlangan.


Energetik kattaliklar (quvvat, energiya, energiya zichligi va hokazolar) uchun 1 bel 1:10 nisbatda va kuch kattaliklari (tovush bosimi, elektr kuchlanish, elektr toki kuchi va hokazolar) uchun esa √10≈3,162 nisbatda olinadi. Bel birligining nisbatan keng tarqalgan koʻrinishi uning ulushli birligi boʻlmish detsibel boʻladi.


Bel Xalqaro birliklar tizimi (SI) tarkibiga kirmaydi. Biroq OʻTXQ tomonidan SI birliklari bilan birga cheklovlarsiz qoʻllashga ruxsat etilgan. U asosan akustika, radiotexnika va elektr aloqasida qoʻllanadi.


Bel ikkita, bir nomli energetik kattaliklar — P₀ va P₁ ning oʻzaro nisbatining oʻnli logarifmi tarzida aniqlanadi.



Energetik kattaliklar kuch kattaliklarining kvadratiga proporsional boʻlishi bois, ikkita kuch kattaligi F₀ va F₁ ning belda ifodalangan nisbati oʻnli logarifmining ikkiga koʻpaytirilishi orqali aniqlanadi.



Formulalardan maʼlum boʻlmoqdaki, NB+1B boʻlsa, P kattalik 10 barobarga ortadi. F kattalik esa 3,162 barobarga ortadi, aksincha, 1B ayirma mos ravishda P ni 10 barobarga kamaytirsa, F ni 3,162 barobarga kamaytiradi.


Yuqorida ham aytilganidek, amaliyotda bel birligining ulushli birligi – detsibel koʻproq qoʻllanadi. Detsibelning oʻzbekcha va xalqaro nomlanishi dB. U bir belning oʻndan biriga teng boʻlib, aniqlanishi quyidagicha:



Bunda kattalikning boshlangʻich qiymatdan bir dB ga ortishi, uning 10^0,1≈1,259 barobarga ortishini bildiradi. Kuch kattaliklarning 1 dB ga ortishi esa uning quyidagi



formulaga koʻra, 10^0,05≈1,122 marta ortishini bildiradi.


Detsibel birligining keng tarqalish tarixi telegraf va telefon tarmoqlaridagi signalning susayishini oʻlchash va aniqlash zaruriyati tugʻilgan zamonlarga borib taqaladi. Avvaliga signalning susayishi birligi sifatida standart kabel mili birligidan foydalanilgan. U m.s.c tariqasida belgilangan va uzunligi 1 mil (taxminan, 1609 metr) va qarshiligi 88 om boʻlgan kabel orqali joʻnatilgan, chastotasi 800 Hz lik signalning yoʻqotishlariga (susayishiga) teng deb olingan edi (kabeldagi simning koʻndalang kesim yuzasi taxminan 0,9 mm boʻlgan).


Aynan shunday signal susayishini oʻrta statistik odam qulogʻi ilgʻay oladigan, eng kichik yoʻqotish deb qabul qilinar edi. Biroq bu birlik chastotaga bogʻliq boʻlgani uchun toʻlaqonli axborot bera oladigan birlik boʻlmagan. Shu sababli aniq fizik oʻlchashlarga asoslangan birlik joriy etish taklifini 1924-yilda “Bell telefon” kompaniyasi ilgari surgan.


Shu yilning oʻzida Xalqaro telegraf tashkiloti (ITU) ushbu taklifni maʼqullagan va bel va detsibel birliklarining yuqorida keltirilgan taʼrifi asosidagi qoidalari qabul qilingan. 2003-yilda OʻTXQ hatto detsibel birligini SI ga kiritish masalasini ham koʻrib chiqqan. Biroq maslahatlashuvlardan soʻng ushbu birlik baribir SI ga kiritilmagan.


Shunga qaramay, detsibel jahon boʻyicha juda keng tarqalgan birlik boʻlib, xususan, Xalqaro elektrotexnika tashkiloti (IEC) hamda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) ushbu birlikdan foydalanishni rasman qabul qilgan.


Detsibel asosan tovush va shovqin darajasini ifodalash uchun qoʻllangani sababli quyida tovush va shovqinni detsibelda ifodalanish darajasini keltiramiz.


Tovush yoki shovqinDarajasi (qiyosiy baho)
0 dBEshitish chegarasi (hech nima eshitilmaydi)
10 dBDeyarli hech narsa eshitilmaydi (daraxtdan uzilgan bargning yerga tushishi)
15 dBSal eshitiladi (barglar shitirlashi)
20 dBShivirlab gaplashish
25 dBPichirlab gaplashish
30 dBSoat chiqillashi, yengil ovozda gaplashish
35 dBOddiy past ovozda gaplashish
40 dBOdatiy ochiq ovozda gaplashish
45 dBOvozni ko‘tarib gaplashish
50 dBBaland ovozda gaplashish. Yozuv mashinkasining shaqillashi
55 dBBaland ovoz, idoralardagi shovqin darajasi uchun me’yor chegarasi
60 dBShovqin (qattiq ovozda gapirish)
70 dBBaqirish
80 dBQichqirish, chinqirish, mototsiklning o‘t olishi
90 dBQattiq qichqiriq, poyezd vagonlari o‘tishi
100 dBO‘ta qattiq chinqirish, momaqaldiroq gumburlashi:
ruxsat etilgan eng yuqori shovqin chegarasi
110 dBVertolyot parraklari shovqini
120 dBO‘ta kuchli shovqin (otboy bolg‘asi)
130 dBOg‘riqli darajada shovqin (samolyot uchishi)
140 dBReaktiv samolyot shovqini, kontuziyaga olib keladigan darajadagi shovqin
160 dBBunday shovqindan odam asabiy shok holatiga tushadi, jiddiy jarohat oladi. Tovush tezligidan tez uchuvchi samolyot shovqini
160 dB dan yuqori shovqin quloq pardalarini yirtib yuboradi va o‘pkani jarohatlaydi
200 dBO‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajadagi shovqin
282 dBYadro portlashida tarqaladigan zarba to‘lqinidan hosil bo‘ladigan shovqin

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Bel
Muqova surat: freepik.com