Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/23660
14. Jeyms Joys (1882–1941) oʻzi haqida: “Odamning yaxshi fazilatlari kam, u ichkilik va hafsalasizlikka moyil boʻladi”, deb yozgandi. Yozuvchi hech qanday tartib-qoidaga amal qilmagan. U toʻqqizgacha uxlashga odatlangan edi. Ingliz tilidan dars berish va pianino chalishdan pul topar, tinimsiz qarz olar, pulini soʻragan kreditorlarni siyosat bilan qoʻrqitib kun koʻrardi. “Uliss”ni yozish uchun unga yetti yil kerak boʻldi. Bu davrda u sakkiz kasallikni boshdan kechirdi, Shveysariya, Italiya va Fransiyaga oʻn sakkiz marta safar qildi. Tanaffuslar bilan oʻtgan ijod jarayonida u yigirma ming soatini ishlashga sarfladi.
15. Agata Kristi (1890–1976) garchi oʻnlab kitoblari nashr etilgan boʻlsa-da, soʻrovnomalarda “kasb-koringiz” degan joyga “uy bekasi” deb qayd etgan. Aslida ham uning asosiy ishi uy-roʻzgʻor yumushlari boʻlgan. Uning alohida ish xonasi, yozuv stoli boʻlmagan. Yotoqxonadagi yoki oshxonadagi stoldan foydalangan. Koʻpincha yumushlar oraligʻida, qoʻli boʻshaganda ijod qilgan. “Yozishni boshlash koʻpincha oʻngʻaysiz boʻlardi. Lekin bir ilojini qilib boshlasam, birov xalal bermasligi uchun eshikni yopib olsam, dunyoni unutib, ijodga shoʻngʻirdim”, deb xotirlagan edi yozuvchi esdaliklarida.
Agata Kristi / afisha.london
16. Genri Miller (1891–1980) 1932-yili “Qisqichbaqa tropigi” romanini yozish chogʻida shunday kun tartibi ishlab chiqqan:
Tong: “Agar kayfiyat boʻlmasa, qaydlar yoz, ularni tartibga sol. Boshqa har qanday vaziyatda ishga kirish”.
Kun: “Kitobning biror-bir bobi ustida ishla. Chalgʻima. Bitta bobni tugatmay, boshqa bobga oʻtma”.
Oqshom: “Doʻstlar bilan uchrash, mutolaa qil. Shaharning notanish joylariga bor. Agar havo yaxshi boʻlsa, velosipedda. Yogʻingarchilik boʻlsa, yayov. Kayfiyat koʻtarsa, yoz. Charchoq yoki ongingda boʻshlik sezsang, u-bu narsa chiz”.
Eslatma: “Kunduzi muzeylarga borish, xomaki ish rejalar tuzish, velosipedda sayr qilishga ozgina vaqt qoldir. Xomaki rejalarni kafeda, poyezdda, koʻchada – hamma joyda tuzaver. Filmlarni kamroq koʻr! Haftada bir marta kutubxonaga bor”.
Ushbu tartibga rioya qilgan Genri Miller yuzga yaqin asar yozdi.
17. Frensis Skott Fitsjerald (1896–1940) ilk romani – “Narigi tomonda” asarini tayyorlov lagerida qogʻozga tushirgan. Xizmatdan boʻsh vaqtlarida turli qiyqim qogʻozlarga yozgan. Biroq ichkilik uning ijodiy faoliyatiga jiddiy xalal bergan. “Ichkilik sababli tahrirda nozik idrok va mulohaza yoʻqoladi”, deb yozgʻirgandi u noshiriga yozgan xatlaridan birida.
Frensis Skott Fitsjerald / kommersant.ru
18. Ernest Xeminguey (1899–1961) butun umr erta turish odatini tark etmadi. Hatto oʻlgudek maishat qilgan boʻlsa ham, ertalabki oltidan kech turmagan. Koʻp uxlolmagan boʻlsa-da, oʻzini tetik va bardam his etgan. Koʻpincha tokcha oldida tik turib tushgacha ishlagan. Tokchada yozuv mashinkasi turar, uning yonidagi maxsus taxtachada qogʻozlar taxlab, “gʻaram” qilib qoʻyilgan boʻlardi. U qalamda yozardi. Barcha qogʻozlarni toʻldirgach, mashinkada oqlamaga koʻchirardi. Adib har kuni yozgan soʻzlarini hisoblar, alohida jadvalga qayd etib borardi. “Oʻy-fikrini qogʻozga toʻkib olgan yozuvchi sevgani bilan yaqinlik qilgan kishiga oʻxshab boʻshash hissini, shu bilan birga qoniqish-koʻngli toʻlish hissini tuyadi”, degan edi Xeminguey suhbatlaridan birida.
Ernest Xeminguey / gettyimages.ae
19. Jorj Oruell (1903–1950) ertalab barakali ishlagan. Ijodining ilk davrlarida qalam haqi tirikchiligiga yetmaydi, shu sababli ishlashga majbur boʻladi. Dastlab oʻqituvchilik qiladi. Biroq bu kasb undan koʻp vaqt va kuch talab qilar, adabiy muhitga kirish ilinjini tobora yoʻqqa chiqarardi. Unga xolasi ajoyib bir ish topib beradi – yosh yozuvchi eski kitoblar doʻkonida sotuvchilik qila boshlaydi. U ertalab bir soat – 8:45 dan 9:45 gacha doʻkonda boʻlardi. 10 da uyiga qaytib kelar, ijod bilan shugʻullanardi. Soat 14:00 da ikkinchi galga ishga borar, 18:30 gacha ishlardi. Xullas, ish unadigan vaqtning asosiy qismi ijodga, qolgan vaqt kitobsevarlarga ajratilardi.
Jorj Oruell / 24smi.org
20. Jan-Pol Sartr (1905–1980) esa tongda uch soat va kechasi uch soat ishlagan. Qolgan paytlari turli tashvishlar bilan ovora boʻlar, ichkilik va chekimliklar ham uning doimiy kun tartibiga kiritilgandi. Yozuvchining biografi maʼlumotlariga koʻra, Sartrning kundalik menyusiga ikki quti sigaret, bir nechta qora tabak trubkasi, bir litrdan oshiqroq ichimlik, 200 milligramm tinchlantiruvchi xap dori, choy, qahva va yogʻli ovqatlar kirgan. Hordiqsiz ishlash va nosogʻlom turmush tarzi uning sogʻligiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi.
21. Jorj Simenon (1903–1989) yigirmanchi asrning eng sermahsul yozuvchilaridan biri hisoblanadi. U 425 ta kitob yozdi! Ularning 200 tasi koʻcha romani, yaʼni saviyasi baland boʻlmagan asarlardan edi. Shu bois u bu kitoblarni taxallus bilan eʼlon qildi. Qolgan 220 tasini oʻz nomidan chop ettirdi. Adib kun tartibiga rioya qilmagan. Odatda ikki-uch haftalik toʻxtalishlar bilan ertalab oltidan toʻqqizgacha ishlar, bir oʻtirishda sakson sahifani toʻldirardi. Soʻng sayr qilar, qahva ichar, uxlar, televizor koʻrardi. Bitta romanni yozib tugatmagunicha kiyimini almashtirmas, asab tinchlantiruvchi xap dorilardan foydalanar, yozganlarini hech qachon tahrir qilmas va ijodiy ishining hajmini ishdan oldin va ishdan keyin tarozida oʻlchab hisoblar edi.
22. Ayzek Azimov (1920–1992) har kuni soat oltida turgan, yetti yarimda yozishga oʻtirib, kechgacha tinmay ishlagan. Koʻpincha butun hafta davomida shu tartibda, dam olish kunisiz ter toʻkkan. Shu sababli baʼzida butun boshli kitobni bir necha kun ichida yozib tugatgan. Yozuvchi bunday kun tartibiga yoshligidayoq odatlangan. Uning otasi Bruklindagi shirinlik doʻkonlari tarmogʻiga egalik qilar, doʻkonlar haftada yetti kun ertalabki oltidan kechqurungi birgacha ishlardi. Ayzek olti yoshidan yigirma ikki yoshigacha otasining shirinlik doʻkonida ishladi. U doʻkonni har kuni oltida ochar, keyin buyurtmalarni tarqatgani chiqib ketardi. Oʻqishdan soʻng doʻkonga chopar, mabodo kech qolsa, “Tanbal!” degan dakki eshitardi. Maktabni tugatganidan keyin ham otasiga yordam berishda davom etdi. U doʻkonni har kuni tungi birda yopar, hech qanday dam olish kuni yoʻq edi. Ilmiy-fantastik asarlar ustasi ellik yildan soʻng shunday soʻzlarni yozdi: “Xoʻrozsoatim bor, lekin uni qichqirishga moslab qoʻymayman. Shunga qaramay har kuni roppa-rosa oltida turaman. Bu bilan esa faxrlanaman. Tanbal emasligimni shu paytgacha otamga isbotlab kelyapman”. Otasi oʻrnatgan doʻkon tartibi yozuvchining keyingi hayotida ham saqlanib qoldi. U dam olish va bayram kunlari, hatto kasalxonada davolangan paytlarida ham yozishdan toʻxtamagan.
Ayzek Azimov / ziyouz.uz
23. Rey Bredberi (1920–2012) ilmiy fantastika janrining klassigi sanaladi. U intervyularidan birida ish jarayoni haqida shunday fikrlarni aytadi: “Uyqudan turgan zahotim yozuv mashinkasiga chopaman. Chunki hayotimning eng katta zavq-ishtiyoqi – shu. Stolga oʻtiramanu yozishga tushaman, nonushtagacha tinmayman. Baʼzi voqealar qogʻozga tushishni istaydi, meni oʻziga bogʻlab oladi. Mana shu xohish bor ekan, yozishdan toʻxtamayman, chunki menda ish rejasi degan narsa yoʻq. Istagan joyda – yotoqda ham, mehmonxonada ham ishlayveraman. Los Anjelesda ota-onam bilan kichkina uyda turganimizda oshxonada yozardim. Radioning bor ovozda baqirayotgani, ota-onam va ukamning tinmay suhbatlashayotgani ham menga xalal bermasdi. Keyinroq, “Farengeyt boʻyicha 451 daraja”ni yozganimda kutubxonaga borib, ijaraga yozuv mashinkasi olganman. Oʻn sent evaziga bir yarim soat bemalol ishlash imkonini qoʻlga kiritardim”. Rey Bredberi vaqtini behuda sarflamagani aniq. Shu sababli ham u zamonamizning eng sermahsul yozuvchilaridan biriga aylandi.
Rey Bredberi / ria.ru
24. Gabriel Garsia Markes (1927–2014) ichki erkinlik bilan yashovchi, koʻngil istagiga qarab harakatlanuvchi adib edi. Ajoyib kunlarning birida yozuvchi oilasi bilan Meksikaning Gerrero shtatidagi Akapulko shahriga taʼtilga boradi. Gerrerodagi togʻlarni koʻrib hayqirib yuboradi: “Men oʻzim istagan ohangni, yoʻsinni topdim! Buvim aytib bergan gʻaroyib, aql bovar qilmas ertaklar singari zoʻr voqealarni qogʻozga tushiraman”. U shunday deb “Opel”ini ortga buradi va Mexikoga qaytib “Yolgʻizlikning yuz yili”ni yozishga kirishadi. Keyinchalik Amerikaning “Esquire” jurnaliga bergan intervyusida Markes mashinasi va boshqa moddiy boyliklarini garovga qoʻyishga majbur boʻlganini aytadi. Chunki oziq-ovqat va roʻzgʻordagi ehtiyojlarga pul kerak edi. U barcha pulni xotini Mersedesga beradi va evaziga tinchlik-xotirjamlik soʻraydi. Yozuvchi roman ustida ertadan kechgacha ishlaydi. Oʻn sakkiz oy davom etgan qattiq mehnatdan soʻng “Yolgʻizlikning yuz yili” tayyor boʻladi. Biroq uni Argentinadagi nashriyotga joʻnatish uchun Markesda mayda pul ham qolmagan edi. Boʻlgʻusi Nobel mukofoti laureati xotinining shaxsiy buyumlarini garovga qoʻyadi va asarni noshirga joʻnatadi. Roman yaxshi qabul qilinadi va misli koʻrilmagan shuhrat qozonadi. Bu voqea lotincha “audentes fortuna juvat” – jurʼatlilarni taqdir ham qoʻllaydi degan maqolni eslatadi. Buyuk yozuvchida jurʼatdan tashqari qatʼiy ishonch va iroda ham bor edi.
25. Xaruki Murakami (1949-yili tugʻilgan) ertalab soat toʻrtda turadi va olti soat tinimsiz ishlaydi. Ishdan soʻng yuguradi, suzishga boradi, oʻqiydi, musiqa eshitadi. Kechqurun toʻqqizda uyquga yotadi. Murakami takrorlanuvchi kun tartibi ijodiy kayfiyatga oson kirish imkonini beradi deb hisoblaydi. Qachonlardir u tinimsiz oʻtirib ishlar, shu sababli semirib, har kuni uch quti sigaret chekishga oʻrganib qolgandi. Bu holdan zerikkan yozuvchi qishloqqa koʻchib keldi, baliq va meva yeb kun kechira boshladi. Chekishni tashladi va mana yigirma besh yildan koʻproq vaqtdan buyon yugurish bilan shugʻullanadi. Yagona yetishmovchilik – muloqot. Kun tartibiga qatʼiy amal qilish uchun u har qanday taklifga rad javobini beradi, shu sababli doʻstlari undan doim ranjiydi. “Oʻquvchiga kun tartibim qandayligining sariq chaqalik ahamiyati yoʻq. Unga keyingi kitobim oldingisidan qiziqarliroq boʻlgani muhim”, deydi yozuvchi.
Xaruki Murakami / rewizor.ru
26. Jonatan Franzen (1959-yili tugʻilgan) ijodiy ishdagi chidami bilan ham tarixda qolishga arziydi. Unga dunyo miqyosida shuhrat keltirgan “Tuzatish” romanining yaratilishi haqidagi maʼlumotlar bu fikrni tasdiqlaydi. Zahmatkash adib 1990-yillarning oxirida boʻlajak kitobining syujetini shakllantirish, mavzusi va mohiyatini aniqlash maqsadida devorlari tovush oʻtkazmaydigan bir uyga qamaladi. Pardalarni tushirib, qulogʻiga paxta tiqadi, koʻziga boylogʻich taqib, qoʻliga noutbuk oladi – sukunat va qorongʻilik qoʻynida ilhom kelishini kutadi. Bu xildagi dunyodan uzilish asabiy zoʻriqish va uyqusizlikka olib keladi, katta zavq va hayajon chuqur umidsizlikka aylanadi. Biroq ijodkor baribir niyatiga yetadi. “Tuzatish” iztiroblar ichida tugʻiladi, shu sababli ham romanda azob-uqubat ranglari koʻproq. Roman bosilib chiqqach, bestsellerga aylandi. Franzen shu asar uchun “National Book Award” (“Milliy kitob mukofoti”) sovrindori boʻldi.
Albatta, har bir inson alohida dunyo. Birov jondan yaxshi koʻrgan narsani siz yoqtirmasligingiz mumkin. Biroq koʻpchilikka xos umumiy xususiyatlar ham boʻladi. Yuqorida hayot tarzi bilan tanishgan yozuvchilarimizni birlashtiruvchi bitta jihatga eʼtibor bergan boʻlsangiz kerak: ularning aksariyati yozishga jiddiy eʼtibor bergan. Deyarli har kuni yozgan. Siz shunday qila olasizmi?
Aytishlaricha, Lev Tolstoy agar biror kun yozolmasa, hech qursa “Bugun men hech narsa yoza olmadim”, deb qogʻoz qoralab qoʻyarkan. Futbol sharhlarida “U hozir sport formasida”, “U sport formasini hali yaxshi tiklab ololgani yoʻq” singari iboralarni eshitib qolamiz. Biror jarohat olgan yoki shugʻullanishni susaytirgan sportchi oʻz formasini yoʻqotib qoʻyadi, yaʼni oldingiday yaxshi oʻynolmaydi. Har kuni turnikda yigirmatadan tortiladigan yigit bir hafta kasal boʻlib yoki ishga chalgʻib tortilmasa, keyin qiynaladi, oʻzini oʻnglab olishi qiyin kechadi. Yozuvchilik ham xuddi shunday: muntazam shugʻullanishni, oʻqib-oʻrganib, ong-tasavvur “mushak”larini chiniqtirib borishni talab etadi. Shu bilan birga sogʻlom turmush tarziga amal qilish, soddaroq aytadigan boʻlsak, sport bilan shugʻullanish, hayotdan uzilmaslik, jismoniy mehnat bilan ham shugʻullanib turish, ochiq havodagi sayrlarga chiqish ishlash kayfiyatini uygʻotadigan, odamdagi asabiy zoʻriqishlarni kamaytiradigan muhim jihatlardir. Ana shu narsalar kundalik turmushingizga kirsa, ishingizga unum qoʻshilishi aniq.
Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Mashhur yozuvchilar qanday ijod qilgan?
Muqova surat: freepik.com