Prezident maktablariga kirish uchun topshiriladigan hujjatlar ro’yhati
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi axborot xizmati Prezident maktab-internatlariga qabul qilish, shuningdek, nomzodlardan talab etiladigan hujjatlar va ularni topshirish tartibi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Prezident maktab-internatlariga qabul faqat bolaning o‘qish joyi bo‘yicha hududiy tamoyil asosida amalga oshiriladi. Ya’ni bola Toshkent viloyati maktabida tahsil olayotgan bo‘lsa, u faqat Toshkent viloyati hududidagi Prezident maktab-internatiga o‘qishga kirish huquqiga ega.
Boshqa hududlarda, agar hujjatlarni topshirish vaqtida ushbu viloyat hududida joylashgan maktabda o‘qiyotgan bo‘lsa, bola ushbu mintaqadagi Prezident maktabiga o‘qishga kirishi mumkin. Hujjatlar belgilangan muddatda qabul qilinadi.
Hujjatlarni veb-sayt orqali onlayn tarzda topshirish imkoniyati mavjud.
Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorning ota-onasi yoxud qonuniy vakili belgilangan muddatda qabul komissiyasiga belgilangan shaklda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
• ariza beruvchi hujjatlarni topshirish vaqtida o‘qiyotgan maktabdan ma’lumotnoma*;
• tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi;
• talabgor hujjatlarni topshirish vaqtida tahsil olayotgan maktabdan joriy yilgi tabelining asl nusxasi va direktor tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan nusxasi.
Ma’lumotnoma shakli tez kunda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi saytining ariza yuborish bo‘limida joylashtiriladi. Uni yuklab olish va to‘ldirish kerak. Ma’lumotnoma talabgor hujjatlarni topshirish vaqtida o‘qiyotgan ta’lim muassasasi direktorining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan holda taqdim etilishi shart.