Tour de France — Fransiyada yuz yildan ortiq vaqt davomida o‘tkaziladigan dunyodagi eng mashhur va nufuzli velosiped poygasi. “Tur de Frans” jahon velosportida haqiqiy ramziy maqomga ega boʻlib, uni NBA oʻyinlari, Grand National, Formula 1 yoki hatto FIFA Jahon chempionati bilan solishtirish mumkin. Eng nufuzli velosiped musobaqasi barcha qit’alarda yuz millionlab teletomoshabinlarni o‘ziga tortadi. Velosipedni ommalashtirishda “Buyuk halqa”ning rolini juda yuqori baholash mumkin. Poyga Fransiya va qo‘shni mamlakatlarda har yili iyul oyida, uch hafta davomida bo‘lib o‘tadi. Faqat Birinchi jahon urushi (1915–1918) va Ikkinchi jahon urushi (1940–1946) davrida tur vaqtincha toʻxtatilgan. Velopoyga Dakar rallisini boshqaradigan Amaury Sport tashkiloti tomonidan boshqariladi.
Fransuz halqasining yaratilish tarixi
“Tur de Frans” dastlab LʼAuto (hozirgi LʼÉquipe ajdodi) gazetasi uchun reklama loyihasi sifatida uning muharriri va hammuassisi Anri Degranj tomonidan tashkil etilgan. U Parij–Brest velopoygasi (Le Petit Journal homiyligida) va Bordo–Parij velopoygasi bilan raqobatlashishga mo‘ljallangan edi. Fransuz halqasini yaratish g‘oyasi LʼAuto jurnalisti Jeo Lyefyevrga tegishli.
Tour de Franceʼning muvaffaqiyati L’Auto gazetasi uchun ham katta muvaffaqiyat bo‘ldi, uning obunachilari soni 1903-yildagi turdan keyin 25 mingdan 65 mingga ko‘tarildi. 1908-yilda gazeta obunachilari soni 250 mingdan oshdi, 1923-yilgi Le Tour de Franceʼda esa kuniga 500 ming nusxa gazeta sotildi. Gazetaning rekord tirajiga 1933-yilgi “Tur de Frans” poygasida erishilgan — kuniga 854 ming nusxa.
“Tur de Frans”, 1936-yil / wikipedia.org
Reklamalar karvoni
Fransiyada ushbu sport tadbiri uzoq davom etadigan karnaval yoki festivalga o‘xshaydi. Har yili poygani tomosha qilish uchun 13–15 millionga yaqin tomoshabin keladi. Ulardan 3–4 millioni butun dunyodan tashrif buyurgan mehmonlardir. Poyganing qiziq bir hodisasi bu — reklama karvoni bo‘lib, u yo‘lda tomoshabinlarga esdalik sovg‘alari, mineral suv va velosiped uskunalarini taqdim etadi.
Sal kam 3,5 milliard teletomoshabin
Yillik poyga teletomoshabinlarining soni turli hisoblash usullariga koʻra 3 dan 3,5 milliardgacha yetadi. Bu Yer sayyorasi aholisining taxminan 45 foizini tashkil qiladi.
Poyga shartlari
“Tur de Frans” poygasi 21 bosqichdan iborat. Har bir bosqich bir kun davom etadi. Turning har bir bosqichi o‘z dramaturgiyasi, umumiy tasnifi va individual nominatsiyalari — o‘z qahramonlariga ega. Barcha ishtirokchilar orasida turning umumiy vaqti (ya’ni barcha bosqichlar vaqti yig‘indisi) eng qisqa bo‘lgan poygachi musobaqaning mutlaq g‘olibi hisoblanadi. Umuman olganda, bitta bosqichda g‘alaba qozonmasdan butun turda g‘alaba qozonish mumkin (Greg LeMond buni 1990-yilda qilgan). Turning bosqichida g‘alaba qozonish, sportchining umumiy mavqeidan qat’i nazar, u uchun katta yutuq hisoblanadi.
unsplash.com
Poyganing umumiy uzunligi 3000 dan 4000 km gacha, buning sababi bosqichlarning marshruti va uzunligi har yili o‘zgarib turadi). Vaqt tasnifidan tashqari boshqa nominatsiyalar ham mavjud:
eng yaxshi sprinter (qisqa masofali poygalar gʻolibi);
eng yaxshi tog‘ poygachisi;
eng yaxshi yosh poygachi.
Ushbu nominatsiyalarning yetakchilari ma’lum rangli futbolkalar bilan ifodalanadi.
Mukofotlar
Sariq futbolka (le maillot jaune). Ushbu futbolka “Tur de Frans” peshqadami ramzidir. Sariq formani turning vaqt yetakchisi kiyadi va barcha sovrinli liboslar orasida eng qimmati hisoblanadi. Peshqadamlar kiyadigan sariq futbolkaning rangi dastlab turga homiylik qilgan gazeta bilan bog‘liq edi (gazetada sariq sahifalar bor edi).
Yashil futbolka (le maillot vert). Mazkur futbolka sprint musobaqasida eng ko‘p ball toʻplagan chavandozga beriladi. Bu odat 1953-yildan beri bor.
“No‘xatli” futbolka (le maillot à pois rouges). Qizil nuqtali oq futbolka turning “tog‘ qiroli” tomonidan kiyiladi. “Togʻ qiroli” formasi fransuz tilida “maillot à pois rouges” deb ataladi, uni so‘zma-so‘z “qizil nuqtali futbolka” deb tarjima qilish mumkin. “Tog‘ qiroli” unvoni 1933-yildan beri o‘ynalayotgan bo‘lsa-da, o‘ziga xos kiyim faqat 1975-yilda taqdim etilgan. Kiyim ranglari o‘sha paytdagi tur homiysi — Poulain Chocolate tomonidan taklif qilingan va mashhur mahsulotga mos kelgan.
Oq futbolka (le maillot blanc). Uni eng yaxshi yosh poygachi (25 yoshdan kichik) kiyadi. Kiyim 1975-yildan beri o‘ynaladi.
2020-yilgi turning futbolkalari / wikipedia.org
Hujumchiga mukofot (Prix de la combavité). Bosqich oxirida eng tajovuzkor poygachiga ertasi kuni maxsus raqam beriladi. U mutaxassislar guruhi tomonidan tanlanadi.
Manbalar: wikipedia.org, velobarnaul.ru, britannica.com
Muqova surat: pixabay.com