Vaqt haqida
Vaqt⏳
______________
Vaqtni oʻlchash. Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanish davri bilan oʻlchanadigan V. birligi sutka (bir kecha-kunduz) deb ataladi. V.ning kattaroq birliklari oy (Oyning Yer atrofida aylanish davri), yil (Yerning Quyosh atrofida aylanish davri)dir. Yerning uz oʻqi atrofida aylanish davri yulduzlarga yoki bahorgi teng kunlik nuqta-siga nisbatan olinsa, yulduz sutka si, Quyoshga nisbatan hisoblansa, haqiqiy Quyosh sutkasi, Oʻrtacha Quyoshga nisbatan esa oʻrtacha Quyosh sutkasi deyiladi. Oyning yer atrofida yulduzlarga nisbatan aylanish davri — siderik oy (yulduz oyi), Oyning ikkita bir xil fazalari orasida oʻtadigan davr —sinodik oy deyiladi. Nihoyat, Quyoshning Yer atrofida koʻrinma (vizual) harakati yulduzlarga nisbatan olinsa, siderik yil (yulduz yili), bahorgi teng kunlik nuqtasiga nisbatan hisoblansa,tropik yil hosil boʻladi. Vaqtning eng kichik birligi qilib sutkaning 1/86400 qismiga teng vaqt — sekund qabul qilingan. Fan va texnikada sekundning mingdan, milliondan bir ulushlari bilan ham ish koʻriladi. Olimlar Yerning oʻz oʻqi atrofida notekis aylanishini aniqlashdi. Shuning uchun vaqt birligining oʻzgarmasligini taʼminlash maqsadida nazariy efemerid sekund birligi qabul qilingan. Efemerid sekund tropik shlning 1/31556925,9747 ulushiga teng (maxrajidagi raqam asrimiz boshi — 1900 tropik yildagi sekundlar soni). Vaqtning boshqa birliklari vaqt oʻtishiga bogʻliq boʻlmagan oʻzgarmas birlik — efemerid sekund yordamida istalgan davr uchun hisoblanishi mumkin. Demak, vaqtning asosiy birligi qilib, efemerid sutkaning 1/86400 ulushiga teng efemerid sekund qabul qilingan. Bunda Yerning oʻz oʻqi atrofidagi notekis harakati hisobga olingan. Bevosita kuzatishlarga asoslanib yulduz vaqti aniqlanadi. Uning asosiy oʻlchov birligi yulduz sutkasi hisoblanadi. Yulduz sutkasining boshlanishi bahorgi teng kunlik nuqtasining yuqori kulminatsiya paytiga toʻgʻri keladi. Shu paytda yulduz vakti bilan yuradigan soatlar 0 soat 0 min. 0 sekundni koʻrsatishi kerak. Bahorgi teng kunlik nuqtasi Yerning nutatsion (qarang Nutatsiya) harakati taʼsiridan xoli deb qabul qilingan vaqt oʻrtacha yulduz vaqti deb ataladi. Yerning yulduzlarga nisbatan oʻz oʻqi atrofida aylanish davri 24 soat 0 min. 0,0084 sek. oʻrtacha yulduz vaqtiga teng boʻladi.