Oʻzbekiston — Janubiy Koreya munosabatlari

Oʻzbekiston — KR munosabatlari. KR 1991-yil 30-dekabrda Osiyo — Tinch okean mintaqasi davlatlari orasida birinchi boʻlib OʻzR mustaqilligini tan oldi. Oʻzbekiston bilan KR oʻrtasida 1992-yil yanvarda diplomatiya munosabatlari oʻrnatilgandan keyin siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda keng hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Mamlakatimiz rahbari Islom Karimovning 1992, 1995, 1999-yillarda KR ga va KR prezidentining 1994-yilda Oʻzbekistonga rasmiy tashriflari chogʻida imzolangan hujjatlar oʻzaro hamkorlikning huquqiy poydevorini yaratdi. 1999-yilda oʻzaro tovar aylanmasi hajmi salkam 526,8 mln. AKSH dollariga yetdi. KR Oʻzbekistondan paxta tolasi, ip gazlama, kalava ip, elektr asbob-uskuna, xom teri, ipak, kimyoviy oʻgʻit olib, Oʻzbekistonga transport vositalari, elektr va mexaniq jihozlar, qora metall, kauchuk va rezina mahsulotlari, boʻyoqlar, turli xil jihoz va apparatlar, toʻqimachilik mahsulotlari yuboradi.

Oʻzbekistonda koreys sarmoyasi ishtirokidagi 80 ga yaqin korxona boʻlib, ular transport, elektronika, telekommunikatsiya, aloqa, toʻqimachilik kabi sohalarga mansub. «OʻzDEU avto», «OʻzDEUelektroniks», «Kabul-Oʻzbek kompani LTD», «OʻzSamsoʻngelektroniks» kabi qoʻshma korxonalar shu jumlaga kiradi. Ular avtomobil, xalq isteʼmol mollari, radio elektron maqsulotlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Toʻytepada va Toshkentning «Koʻkcha» dahasida qurilgan toʻqimachilik korxonalari mahsulotlari chetga eksport qilinayotir. Fargʻona va Namangan shaharlarida ham shunday korxonalar barpo etiladi. Shuningdek, KRning 19 ta kompaniyasi OʻzR da oʻz vakolatxonasini ochgan. 1994-yildan buyon iqtisodiy hamkorlik va savdo-sotiq masalalari boʻyicha Oʻzbekiston-Koreya va KoreyaOʻzbekiston qoʻshma qoʻmitasi ishlab kelayotir. OʻzR Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki KR ning 10 ta banki bilan vakillik munosabatlari oʻrnatgan. Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bir necha yillar davomida respublika vazirliklari va idoralari bilan faol aloqa qilayotir. Shu tashqilot yoʻli bilan oʻzbek yigit-qizlari muntazam ravishda KR da malaka oshirayotir, Toshkent iktisodiyot universitetida va Moliya instituti huzuridagi litseyda kompyuter sinflari tashqil etilgan. Oʻzbekistondagi boshqa litsey va kollejlarni oʻquv asbob-uskunalari bilan jihozlash loyihasi amalga oshirilayotir. KR Maorif vazirligining 1992-yil maydan beri ishlayotgan Toshkentdagi koreys taʼlim markazida oliy oʻquv yurtlari muallimlari va talabalari uchun tanlov asosida malaka oshirish yoʻlga koʻyilgan. 1993-yil martda Toshkent sharqshunoslik institutida koreyashunoslik fakulteti ochilgan. Oʻzbekiston jahon tillari universitetida «Koreys tili markazi», Samarqand chet tillar institutida «Koreys tili va madaniyati markazi» ishlaydi. KRning Oʻzbekistondagi elchixonasi bu markazlarni eng yangi adabiyot va video hamda audio kassetalar bilan jihozladi.

Ikki mamlakat oʻrtasida madaniy aloqalar tobora kengayib borayotir. Oʻzbek madaniyat va sanʼat arboblari KR da oʻz mahoratlarini namoyish etish, Oʻzbekistonda koreys madaniyati haftaliklarini oʻtkazish odat tusiga kirib krldi. 1998 va 1999-yillardagi ana shunday xaftalik doirasida Toshkentda koreys kitoblari va fotosuratlari koʻrgazmasi, koreys sanʼat arboblari va rassomlari koʻrgazmasi uyushtirildi. Sport turlari va koreys anʼanaviy oʻyinlari namoyish etildi. Kinofilmlar koʻrsatildi, nihoyat Alisher Navoiy nomidagi teatrda mashxur koreys ashula va raqs ansambllari katta tomosha koʻrsatishdi.

Koreya Milliy assambleyasi spikeri Pak Byon Sok 2021-yil 5-aprel kuni rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi. Ushbu tashrifda Senat raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nurdin Ismoilovning Koreya Milliy assambleyasi spikeri Koreya Pak Byon Sok bilan uchrashuvlarini oʻtkazilgan[1].

]]6-aprel]] kuni Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi parlamentining milliy assambleya spikeri Pak Byon Sok boshchiligidagi delegasiyasini qabul qildi. Delegasiya tarkibida Oʻzbekistonga spikerdan tashqari Janubiy Koreya parlamentining davlat boshqaruvi, moliyaviy siyosat, sanoat, savdo, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, ekologiya, sogʻliqni saqlash, mehnat munosabatlari, madaniyat, sport va turizm kabi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha qoʻmitalariga a’zo 6 nafar deputat ham kelgan.

Suhbat chogʻida ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqilgan[2].

manba: https://uz.wikipedia.org/wiki/O%CA%BBzbekiston_%E2%80%94_Janubiy_Koreya_munosabatlari