Abdulla Qahhor. Oʻgʻri (hikoya)

Otning oʻlimi itning bayrami.
Maqol

Kampir tong qorongʻisida xamir qilgani turib hoʻkizidan xabar oldi. O!.. Hoʻkiz yoʻq, ogʻil koʻcha tomondan teshilgan… Dehqonning uyi kuysa kuysin, hoʻkizi yoʻqolmasin. Bir qop somon, oʻn-oʻn beshta xoda, bir arava qamish–uy, hoʻkiz topish uchun necha zamonlar qozonni suvga tashlab qoʻyish kerak boʻladi.

Odamlar dod ovoziga oʻrganib qolgan: birovni eri uradi, birovning uyi xatga tushadi… Ammo kampirning dodiga odam tez toʻplandi. Qobil bobo yalang bosh, yalang oyoq, yaktakchan ogʻil eshigi yonida turib dagʻ-dagʻ titraydi, tizzalari bukilib-bukilib ketadi; koʻzlari javdiraydi, hammaga qaraydi, ammo hech kimni koʻrmaydi. Xotinlar oʻgʻrini qargʻaydi, it huradi, tovuqlar qaqagʻlaydi. Kimdir shunday kichkina teshikdan hoʻkiz sigʻishiga aql ishonmasligi toʻgʻrisida kishilarga gap maʼqullaydi.

Qobil boboning qoʻshnisi – burunsiz ellikboshi kirdi. U ogʻilga kirib teshikni, hoʻkiz bogʻlangan ustunni diqqat bilan koʻzdan kechirdi; negadir ustunni qimirlatib ham koʻrdi, soʻngra Qobil boboni chaqirdi va past tovush bilan dedi:

– Hoʻkizing hech qayoqqa ketmaydi, topiladi!

Uning ogʻilga kirib qilgan taftishi Qobil boboga bir umid bagʻishlagan edi, bu soʻzi haddan ziyod sevintirdi. Chol yigʻlab yubordi.

– Xudo xayr bersin… Ola hoʻkiz edi…

Odamlar, oʻgʻri devorni qachon va qanday asbob bilan teshgani, hoʻkizni qaysi tomonga olib ketgani, uni qaysi bozorda sotishi mumkin ekanligi toʻgʻrisida bahslasha-bahslasha tarqaldi. Gʻovur bosildi. Qobil boboning kampiri yigʻidan toʻxtab, ellikboshini duo qila ketdi.

Ellikboshi oʻgʻri teshgan yerni yana bir koʻrdi. Qobil bobo qoʻl qovushtirib uning ketidan yurar va yigʻlar edi.

– Yigʻlama, yigʻlama deyman! Hoʻkizing oq poshsho qoʻl ostidan chiqib ketmagan boʻlsa, topiladi.

Ellikboshi hoʻkizni juda naqd qilib qoʻydi – goʻyo u koʻchaga chiqsa bas – hoʻkiz topiladi. Bu “xudo yallaqagur” shunchalik qilgandan keyin bir nima berish lozim-da. Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi. Bu odam ellikboshi boʻlish uchun ozmuncha pul sochganmi? Mingboshining bir oʻziga yetti yuz bogʻ beda, bir toy bergani maʼlum. Poshsholikdan oylik yemasa! Qobil bobo hamyonini qoqishtirib, borini ellikboshiga berdi, yana qancha duo qiddi. Ellikboshi betoʻxtov aminga xabar qil-moqchi boʻlib chiqib ketdi.

Kechqurun Qobil bobo aminning oldiga boradigan boʻldi. Quruq qoshiq ogʻiz yirtadi, aminga qancha pul olib borsa boʻladi? Berganga bitta ham koʻp, olganga oʻnta ham oz. Chol-kampir kengashib shunday qarorga kelishdi: bu chiqim oxirgi va hoʻkizni boʻynidan bogʻlab beradigan chiqim, shuning uchun pulning yuziga qarash aqldan emas.

Qobil bobo roʻpara boʻlganda amin ogʻzini ochmasdan qattiq kekirdi, keyin bagʻbaqasini osiltirib kuldi.

– Ha, sigir, yoʻqoldimi?

– Yoʻq… sigir emas, hoʻkiz, ola hoʻkiz edi.

– Hoʻkizmi?.. Hoʻkiz ekan-da! Himm… Ola hoʻkiz? Tavba!..

– Bori-yoʻgʻim shu bitta hoʻkiz edi…

Amin chinchalogʻini ikkinchi boʻgʻinigacha burniga tiqib kuldi.

– Yoʻqolmasdan ilgari bormidi? Qandaqa hoʻkiz edi?

– Ola hoʻkiz…

– Yaxshi hoʻkizmidi yo yomon hoʻkizmidi?

– Qoʻsh mahali…

– Yaxshi hoʻkiz birov yetaklasa keta beradimi?

– Bisotimda hech narsa yoʻq…

– Oʻzi qaytib kelmasmikin?.. Birov olib ketsa qaytib kela ber, deb qoʻyilmagan ekan-da! Nega yigʻlanadi? A? Yigʻlanmasin!

Qobil bobo yerga qarab tek qoldi.

– Qidirtirsakmikin-a? –dedi amin chinchalogʻini etigining ostiga artib, – suyunchisi nima boʻladi? Suyunchidan chashna olib kelinmadimi?

Aminning bu gapi Qobil boboga “Ma, hoʻkizing” deganday boʻlib ketdi.

– Kam boʻlmang, – dedi pulni uzatib, – yana xizmatingizdaman.

– Men betoʻxtov pristavga xabar beraman. Oʻzi chaqirtiradi. Bir hafta oʻtdi. Bu bir hafta ichida kampir “duoning zoʻri bilan qulf ochadigan” azayimxonga obdastagardon qildirgani qatnab yarim qop jiyda, uch yelpish tovoq joʻxori, ikki kalava ip eltdi, ammo ish chiqmadi. Sakkizinchi kuni Qobil bobo yana aminning oldiga bordi. Aminning tepa sochi tikka boʻddi:

– Ha, hoʻkizni uylariga eltib berilsinmi?! Axir, borilsin, arz qilinsin-da! Fuqaroning arzga borishi arbobning izzati boʻladi!

Qobil bobo yor-doʻstlari bilan kengashdi – pristavga puldan boshqa nima olib borsa boʻladi? Maʼlum boʻldiki, uni begim deguncha kishining beli sinar ekan.

Uchta tovuq, garchi biri kurk boʻlsa ham, Qobil boboning oʻzidan chiqdi. Yuzta tuxumni qoʻni-qoʻshni, yor-birodarlar oʻzaro yigʻib berdi. Ammo bu tortiq bilan tilmochdan nari oʻtib boʻlmadi. Tilmoch tortiqni oldi va betoʻxtov pristavga yaxshilab tushuntirishni vaʼda qildi. Cholning butun boʻgʻinlari boʻshashib ketdi, keyin tutoqishdi, ammo goʻrda bir narsa deya oladimi! “Oʻynashmagil arbob bilan – seni urar har bob bilan”. “Yaxshilab tushuntirilgan” pristav bitta kulangir, bitta farangi tovuq, uch soʻm pulni olganidan keyin, Qobil boboning baxtiga, “betoʻxtov hokimga xabar beraman” demasdan, “aminga bor”, deb qoʻya qoldi. Amin “ellikboshiga borilsin”, dedi.

– Gumoningizni ayting boʻlmasa! – dedi ellikboshi tajang boʻlib, – kim olganini men bilmasam, avliyo boʻlmasam! Olgan odam allaqachon soʻyib saranjomladi-da! Uzoq demasangiz, erinmasangiz koʻnchilikka borib terilarni bir qarab chiqing. Ammo terisi koʻnchilikka tushgan boʻlsa, allaqachon charm boʻldi; xudo biladi, kavush boʻlib bozorga chiqdimi…

– Endi bizga juda qiyin boʻldi-da. Peshonam shoʻr boʻlmasa… – dedi chol yerga qarab.

– Ey, yosh bolamisiz! Nega yigʻlaysiz? Kap-katta odam… Bitta hoʻkiz boʻlsa bir gap boʻlar, xudo ajalga toʻzim bersin! Men qaynagamga aytayin, sizga bitta xoʻkiz bersin. Bitta hoʻkiz odamning xunimi?

Ertasiga ellikboshi Qobil boboni boshlab qaynatasi– Egamberdi paxtafurushning oldiga olib bordi. Paxtafurush cholning holiga koʻp achindi va yerini haydab olgani bitta emas, ikkita hoʻkiz berdi, lekin “kichkinagina” sharti bor. Bu shart kuzda maʼlum boʻladi…

oriftolib.uz

1936